Jahon | 17:25 / 20.07.2025
14615
3 daqiqa o‘qiladi

Astronomer kompaniyasi rahbari Coldplay konsertidagi hodisadan keyin ishdan ketdi

Endi Bayron Coldplay konserti vaqtida hamkasbini quchoqlab turganida kameradan qochishga uringani aks etgan video tarqalishi ortidan rafiqasiga xiyonatda gumonlanayotgandi.

Foto: Videodan kadr

Amerikadagi Astronomer IT-kompaniyasi o‘z bosh direktori Endi Bayron iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

«Avval aytib o‘tilganidek, Astronomer tashkil etilganidan beri biz qadriyatlar va madaniyatga sodiq. Rahbarlarimizdan xulq-atvorda ham, mas’uliyatda ham standartlar o‘rnatish kutiladi, ammo so‘nggi paytlarda bu standartlarga rioya qilinmayapti. Endi Bayron iste’foga chiqdi va direktorlar kengashi uning iste’fosini qabul qildi», – deyiladi kompaniya tomonidan 19 iyulda e’lon qilingan bayonotda.

Kompaniyadagilar direktorlar kengashi yangi bosh direktor izlashni boshlagani, hozircha rahbar vazifasini Astronomer hammuassisi va mahsulotlar bo‘yicha bosh direktori Pit Dedjoy vaqtincha bajarib turgani ta’kidlangan.

17 iyul kuni Coldplay guruhi konsertining tanaffusi vaqtida an’anaviy «O‘pich kamerasi» shousi tashkil etildi. Unda TV kamerasi konsertga birga kelgan erkak va ayolga qaratiladi, ular esa bir-birini o‘pishi kerak bo‘ladi. Ushbu shou Qo‘shma Shtatlardagi ko‘plab tadbirlar, sport o‘yinlarida mashhur bo‘lib, ko‘ngilochar an’anaga aylangan.

O‘sha kuni ham kamera bir-birini quchib turgan juftlikka qaratildi. Ular esa o‘zini ekranda ko‘rishganida, erkak to‘siqlar ortiga yashirindi, ayol esa yuzini qo‘llari bilan berkitib, teskari o‘girildi. «Qaranga-a. Yoki ular o‘rtasida ishqiy roman bor, yoki ular juda uyatchan», – deya vaziyatni sharhladi Coldplay frontmeni Kris Martin.

Konsertdan olingan rolik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, video qahramonlari – Astronomer bosh direktori Endi Bayron hamda uning hamkasbi, xodimlar bo‘yicha direktor Kristin Kebot. Shu bilan birga, Bayron oilali ekani barchaga ma’lum, u xiyonatda gumon qilingan. Kebot ham turmushga chiqqan bo‘lishi mumkin, u buni omma oldida tasdiqlamagan.

Video tarqalishi ortidan Astronomer ichki tekshiruv boshlagandi.

Bayron ham, Kebot ham virusli rolik yuzasidan izoh bermadi

Astronomer’​​ning hodisadan keyin e’lon qilgan bayonotlarida Kristin Kebot tilga olinmagan.

Mavzuga oid