O‘zbekiston | 09:04 / 18.07.2025
3109
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Farg‘onada ichki ishlar sohasidagi pensionerlar huquqbuzarliklar profilaktikasiga jalb qilinadi

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar uchun ichki ishlar organlari profilaktika sohasida ko‘p yillik amaliy tajriba va samarali natijalarga ega pensionerlarni shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi.

Nizom Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar uchun ichki ishlar organlari profilaktika sohasida ko‘p yillik amaliy tajriba va samarali natijalarga ega pensionerlarni shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish tartibini belgilaydi.

Pensionerlar shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga ixtiyoriy tartibda, ichki ishlar organlari tomonidan tanlov asosida jalb qilinadi. Tanlovda ishtirok etadigan pensionerlarning soni cheklanmaydi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha tanlovni o‘tkazish vaqtida pensionerlarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek ularning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek imtiyozlar berish kamsitish deb hisoblanadi va bunga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ichki ishlar organlari shartnoma asosida munosib pensionerlarni huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish uchun tanlov tashkil etadi va o‘tkazadi. Tanlovning o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlash uchun Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yoki Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbarining buyrug‘i bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

Pensionerlarni huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish chog‘ida tanlov Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yoki Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbari tomonidan tasdiqlangan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning ro‘yxatidan kelib chiqqan holda yilda kamida bir marta o‘tkazilishi mumkin. Bunda:

  • kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar ro‘yxatini shakllantirish hududiy profilaktika bo‘linmalari rahbarlarining asoslantirilgan ma’lumotlarga ko‘ra Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi va tasdiqlash uchun Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga kiritilishi nazarda tutiladi;
  • har yil boshida tasdiqlangan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning ro‘yxatidan kelib chiqqan holda huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilinishi lozim bo‘lgan pensionerlar soniga aniqlik kiritiladi;
  • pensionerlarni shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish uchun tuziladigan shartnomalarning amal qilish muddati keyingi yil boshida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning ro‘yxati tasdiqlanguniga qadar amal qiladi.

Quyidagilar pensionerni shartnoma asosida jalb qilish uchun to‘sqinlik qiluvchi omillar hisoblanadi:

  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan bo‘lishi;
  • sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilishi;
  • psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan bo‘lishi;
  • pensionerda unga yuklatilgan vazifalarni o‘tashga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud bo‘lishi;
  • shaxsiy va ishchanlik sifatlari bo‘yicha shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarishga qodir emasligi;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amaliy tajribasiga, shuningdek, ichki ishlar organlarida kamida 5 yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lmaslik.

Mavzuga oid