Jahon | 10:42 / 18.07.2025
10042
9 daqiqa o‘qiladi

“Isroil mintaqada boshqa qudratli davlat shakllanishini xohlamaydi” - siyosatshunos

Yaqin Sharq doimo murakkab geosiyosiy o‘yinlar sahnasi bo‘lib kelgan. 16 iyul kuni Isroil Suriyaning muhim nuqtalarini bombaladi. Urush sababi deb izohlangan druzlar va badaviylar o‘rtasidagi ziddiyat esa aslida qadimiy dushmanlikdan emas, balki tashqi kuchlar tomonidan mohirlik bilan o‘ynaladigan kartadek. Xo‘sh, druzlar va badaviylar o‘rtasidagi mojaroning asl sababi nimada? Isroil Suriyaning yangi hukumati bilan nimani kelisha olmayapti?

Kun.uzʼning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov, Shavkat Ikromov va Farhod Karimov ayni shu mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Druzlar va badaviylar o‘rtasidagi mojaroning asl sababi nima edi va Isroil Suriyaning yangi hukumati bilan nimani kelisha olmayapti?

Farhod Karimov: Badaviylar, arablar tomonidan arobiy deb ataladi, cho‘l hududlarida ko‘chmanchi bo‘lib yashaydigan xalqlar. Bir vaqtlar ularning katta qismi savodsiz bo‘lgan va asosan ko‘chmanchilikda savdo-sotiq hamda chorvachilik bilan shug‘ullangan. Asosiy kichkina savdo. Badaviylar arablar tomonidan doimiy ravishda alohida bir guruh sifatida ko‘rilgan, lekin e’tiqodiga ko‘ra musulmon.

Druzlar esa X asrda Islomdan alohida bir yo‘nalish sifatida, shiaviylikning ismoiliylik yo‘nalishidan ajralib chiqqan guruh hisoblanadi. Ular musulmonlar orasida adashganlar sifatida ta’rif qilinadi, chunki tarixda ular o‘zlarining shohlarini Xudo sifatida ham ko‘rgan va vaqti-vaqti bilan Xudo odam qiyofasiga kirib, odamlar orasiga tushib yuradi degan qarashlarni ilgari surgan. Hatto Qur’onda kelgan farz masalalariga ham ular umuman boshqacha qaraydi, o‘ziga xos bir qadriyat va madaniyatga ega bo‘lgan xalq.

Mana shu tsivilizatsion va e’tiqodiy masalalardagi qarama-qarshilik bugun siyosiy ko‘rinishda ham yuzaga chiqyapti. Asad hokimiyat tepasida bo‘lgan vaqtlarda ham bu ziddiyat mavjud edi. O‘shanda ham Isroil druzlarni himoya ostiga olishi va druzlar yahudiylarning do‘sti ekanini e’lon qilgan edi. Suriyaning janubiy hududi, Suvayda viloyati druzlarning markaziy shahri hisoblanadi. Mintaqadagi uch davlat Isroil, Suriya va Iordaniya mana shu hududga to‘g‘ri keladi. Dovud koridori bu avvaldan ham ko‘p tilga olingan (Dovud koridori Isroilga Jo‘lan tepaliklari orqali Suriya va Iroq tomon strategik quruqlik yo‘lagi ochishga qaratilgan geosiyosiy loyiha bo‘lib, Eron ta’sirini cheklash va mintaqadagi transport-neft yo‘llarini nazorat qilishni ko‘zlaydi). Shuningdek, bu yo‘lak AQSh harbiy bazalariga olib boradigan yo‘lning o‘rtasida joylashgan juda ham strategik nuqta.

Shavkat Ikromov: Druzlar bilan badaviylar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kurashish uchun yoki to‘qnashuvlar uchun aslida hech qanday sabab mavjud emas. Bu faqatgina tashqi kuchlar aralashuvi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar hisoblanadi. Badaviylar, ya’ni arobiylar butun Arabiston yarimoroli va Shimoliy Afrika bo‘ylab keng tarqalgan, shuningdek, Yaqin Sharq hududida yashaydi. Barcha arab davlatlarida ko‘chmanchilik bilan shug‘ullanuvchi arablarga nisbatan badaviylar tushunchasi ishlatiladi va ular biror bir arab davlatida konflikt keltirib chiqaruvchi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri bir etnik nizolarning markaziga tushuvchi guruh hisoblanmaydi. Druzlar Yaqin Sharq bo‘ylab tarqalgan. Isroilda, Suriyada Iordaniya va Livanda ham druzlar yashaydi. Isroilda yashaydigan druzlar bilan Suriyada yashaydigan druzlarning milliy identifikatsiyasida farq bor. Muammoning ko‘p asosi shu yerda yotadi. Ya’ni Isroildagi druzlar o‘zini shunday tanishtiradi: “biz etnik arablarmiz, e’tiqodiy jihatdan yoki tsivilizatsion nuqtai nazardan biz druzlarimiz va Isroil fuqarolarimiz, ya’ni vatandoshlikka ko‘ra isroilliklarimiz” deb to‘liq o‘zini tanishtiradi. Shuningdek, Isroil armiyasida yahudiy bo‘lmagan harbiylar sifatida faqatgina druzlar xizmat qiladi.

Suriyadagi druzlar o‘zining milliy identifikatsiyasini aytayotganda “biz Suriyada yashovchi druzlarimiz” deb cheklanadi. Ya’ni biz Suriya hukumatiga bo‘ysunamiz yoki biz suriyalikmiz deb aytmaydi. Doimiy ravishda Asad rejimi davrida ham markaziy hukumatdan qaysidir darajada avtonomiya olishga harakat qilgan va shu bilan birga Asad rejimi bilan ular yaxshi kelisha olgan. Chunki Asad rejimi davridagi yuqori lavozimlarni druzlar egallagan, ayniqsa bu xavfsizlik tizimi sohasida. Lekin mamlakat hokimiyatiga ash-Shar’a kelgach, ular doimiy ravishda kurashib kelgan shu islomiy kuchlarning vakili hokimiyatga keldi deb hisoblayapti va hozir Suriyada yashayotgan druzlar o‘rtasida ikkiga bo‘linish sodir bo‘lgan. Ya’ni bir qismi aytadiki, biz markaziy hukumat bilan kelishishimiz kerak, chunki bizning e’tiqodimizga ko‘ra Suriyadagi hukumat bilan kelishish bizning e’tiqodimizda bor deyishadi. Yana bir guruh aytadiki “yo‘q, biz Isroilning ko‘magi bilan o‘zimizga avtonomiya olishimiz kerak, markaziy hukumatga bo‘ysunishimiz kerak emas, chunki bu markaziy hukumat bir vaqtlar bizga nisbatan qattiq kurashgan” degan tafakkurda. Bu muammodan Isroil maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi va shu atrofda yashayotgan alaviylar va druzlar o‘rtasidagi keskinlikni sun’iy ravishda vujudga keltirish orqali Suriyaning janubida, Isroil bilan chegara hududlarida to‘qnashuvlar keltirib chiqaradi. Natijada bu yerda muammo shunday tarqaladiki, uning geografiyasi Isroilning bir qismi va Suriyaning bir qismini qamrab oladi. Isroil xavfsizlik nuqtai nazaridan va o‘zining suvereniteti, o‘z xalqini, o‘zining Isroilda yashayotgan druzlarini va Suriyada yashayotgan druzlarni homiysi sifatida o‘zini ko‘rsatib Suriyaga hujum qiladi. Ya’ni badaviylar va druzlar o‘rtasida qanday konflikt bor, buning manbasi nimada degan savol berilganda, aslida hech qanday konflikt yo‘q. Tashqi kuchlar aralashgandagina bu yerda nizo keltirib chiqarish mumkin.

Isroil Suriyada tinchlik bo‘lishidan manfaatdormi?

Kamolidin Rabbimov: Aslida Isroil na Suriyada, na biror bir qo‘shni davlatda kuchli davlatchilik, markazlashgan, qudratli iqtisodiy va harbiy potensiali yuqori bo‘lgan davlatchilik shakllanishini istamaydi. Chunki qo‘shni davlatlarning barchasida Isroilga nisbatan fundamental salbiy qarash jamiyat darajasida juda ham yuqori.

Isroilning Suriya bo‘yicha ham bir qancha loyihalari bor, bular parallel loyihalar. Birinchi loyiha Suriyani Ibrohim kelishuvlariga qo‘shish va shu orqali Isroilga qulay davlatga aylantirish. Ikkinchi loyiha esa Suriya bugungi kunda Turkiyaga oriyentir olyapti. Barcha masalalarda Turkiyaning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi va bu yerga Turkiya kirib kelyapti. Turkiya shunday davlatki, u sovuqqonlik bilan harbiy mashina shakllantiradi, sovuqqonlik bilan iqtisodiy potensial shakllantiradi va o‘zi uchun xavfsiz bir davlat yoki ittifoqchi davlat shakllantirish vazifasi turibdi. Chunki kurdlar Turkiya uchun asosiy muammo edi va shundayligicha qolyapti, Suriyada esa 2-3 million atrofida kurdlar yashaydi.

Ash-Shar’a Turkiyadan tashqari arab davlatlari oilasi bilan munosabatlarni iliqlashtiryapti va bu albatta, Isroilga yoqmaydi. Ya’ni Isroil siyosatchilari ochiqchasiga aytadiki, birorta bir qo‘shni davlatimizda markazlashgan, qudratli, kuchli davlatchilik bo‘lishi kerak emas, birinchi o‘rinda bugungi kunda Suriyada deyishyapti.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qiling.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid