Jahon | 14:09 / 17.07.2025
5018
6 daqiqa o‘qiladi

«Biz urushdan qo‘rqmaymiz» – ash-Shar’a Isroil Suriyani beqarorlashtirishga urinayotganini ta’kidladi

«Isroil - sobiq tuzum qulaganidan buyon har doim Suriyani beqarorlashtirish va oraga nifoq solishga intilib keladi», dedi Damashqqa hujumlardan so‘ng xalqqa murojaat qilgan Suriya yetakchisi. Ahmad ash-Shar’a bayonotida druzlarning huquqlarini himoya qilishi va mamlakatni yangi urushga tortmasligini bildirdi. BMT, AQSh, Turkiya, Yevroittifoq va Fors ko‘rfazi davlatlari esa Isroildan Suriyaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishni so‘radi.

Foto: Reuters

Isroil 16 iyul kuni Suriya poytaxti Damashq markazidagi mudofaa vazirligi binosi va prezident saroyi yaqiniga bir necha marta aviazarbalar uyushtirdi. Bu Suriya janubi-g‘arbidagi Suvaydo shahrida hukumat kuchlari va druz jangarilari o‘rtasida kechayotgan to‘qnashuvlar fonida yuz berdi.

Foto: Reuters

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats chorshanba kuni Suriyaga zarba berilganini tasdiqlab, druzlarni himoya qilishda sodiq qolishini bildirdi. Shundan so‘ng Suriyada druzlar yetakchisi hukumat kuchlari bilan sulhga erishilganini ta’kidladi. Shunga qaramay, Suriyadagi vaziyat beqaror bo‘lib qolmoqda.

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a payshanba tongida bergan bayonotida druzlarga murojaat qilib, ularning huquqlarini himoya qilish «ustuvor vazifa» ekanini ta’kidladi. Bu bayonot Isroil janubiy Suriyada druzlarga hujum qilayotgan Suriya hukumat kuchlarini yo‘q qilishga va’da berganidan so‘ng yangradi.

«Isroil davlati sobiq tuzum qulaganidan buyon har doim Suriyani beqarorlashtirish va oraga nifoq solishga intilib keladi. Bugun yana muqaddas yurtimizni tugamaydigan betartiblik maydoniga aylantirmoqchi.

Kuchli bo‘lish hali g‘alabani kafolatlamaydi. Bitta sohadagi muvaffaqiyat boshqa sohalarda ham yutuq beradi degani emas. Siz urush boshlab yuborishingiz mumkin, ammo uning oqibatlarini boshqarish oson emas. Biz – ushbu yer farzandlari – Isroil rejimining bizni ajratish urinishlariga qarshi turishda boshqalardan ko‘ra ko‘proq qodirmiz», degan ash-Shar’a.

Foto: Reuters

Suriya yetakchisi, shuningdek, druzlarga ham murojaat qildi:

«Men, millatimiz tarkibining ajralmas qismi bo‘lgan druzlarga murojaat qilaman: Suriya hech qachon o‘z farzandlari o‘rtasida bo‘linish, parokandalikka yo‘l qo‘ymaydi. Sizlarning huquq va erkinliklaringizni himoya qilish – biz uchun eng ustuvor vazifadir. Biz sizlarni tashqi kuchlar bilan ittifoqqa tortish yoki oramizda adovat uyg‘otish harakatlarining har qanday shaklini rad etamiz», deyiladi bayonotda.

Uning aytishicha, Isroil aralashuviga qaramay, hududda barqarorlik tiklandi va noqonuniy guruhlar quvib chiqarildi. Suriya yetakchisi kechagi hujumlardan so‘ng Isroil bilan urush yoki mintaqa barqarorligi borasida tanlov oldida qolganini aytdi.

«Biz urushdan qo‘rqmaymiz – hayotimiz davomida doim sinovlarga duch kelganmiz va xalqimizni himoya qilib kelganmiz. Ammo biz suriyaliklarning manfaatlarini tartibsizlik va vayronagarchilikdan ustun qo‘ydik. Hozirgi bosqichda eng to‘g‘ri qaror – milliy manfaatlar asosida vatanimiz birligini va xalqimiz xavfsizligini himoya qilish bo‘ldi», deydi Ahmad ash-Shar’a. Shuningdek, u Suriyani yangi keng ko‘lamli urushga tortib ketadigan yo‘ldan asrashni istashini aytgan.

Foto: SANA News

SANA nashriga ko‘ra, Suriyaning ko‘plab hududlari, xususan Halabdagi maydonda hukumatni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat ichki ishlariga xorijiy aralashuvlarga qarshi ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi.

BMT va Isroilning Suriyaga hujumlarini qoraladi

Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning aviazarbalarini qoraladi.

«Bosh kotib Isroil tomonidan Suvaydo, Dar’a va Damashq markaziga uyushtirilgan hujumlarni hamda Isroil mudofaa kuchlarining Golan tepaliklarida qayta joylashuvi haqidagi xabarlarni keskin qoralaydi», - deyiladi Guterrish matbuot kotibi Stefan Dujarik bayonotida.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa vaziyat keskinlashganidan «jiddiy xavotirda» ekanini aytdi.

«Biz bu masalada ish olib boryapmiz… men hozirgina tegishli tomonlar bilan telefon orqali gaplashdim. Bu juda jiddiy vaziyat, va umid qilamizki, yaqin soatlarda yangiliklar bo‘ladi. Ammo bu bizni chuqur xavotirga solmoqda», - dedi Rubio.

Foto: Daily Sabah

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hujumlarni qoraladi va ularni Suriyaning tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi harakatlariga qarshi sabotaj deb atadi. Turkiya parlamenti Isroilning «razil» hujumlarini qattiq qoralovchi qarorni qabul qildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi hujumni «kutilgan voqea» deb atadi va Eron Suriyaning «suvereniteti va hududiy yaxlitligi»ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«Navbatdagi poytaxt qaysi? Isroil rejimi hech qanday chegarani bilmaydi va faqat kuch tilini tushunadi», dedi Araqchi.

Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAAdan iborat Fors ko‘rfazi Hamkorlik Kengashi hujumlarni «eng keskin shaklda» qoraladi.

«Isroilning bu hujumlari Suriyaning suverenitetini ochiq-oydin buzish, xalqaro qonun va tamoyillarga zid harakat hamda mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdiddir», - deyiladi Kengash bayonotida.

Ko‘rfaz davlatlari Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, Isroil hujumlarining davom etishi «mas’uliyatsiz keskinlik» ekanini va mintaqada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro harakatlarni mensimaslik deb baholadi.

Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta Suriyaning hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerakligini aytdi

«Isroilning Damashqqa hujumlaridan jiddiy xavotirdaman. Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi zarur. Barcha tomonlarni zo‘ravonlikdan tiyilishga va keskinlikni yumshatishga chaqiraman», dedi Yevroittifoq rasmiysi.

Mavzuga oid