Jahon | 07:20 / 16.07.2025
852
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp sentabrda Buyuk Britaniyaga davlat tashrifi bilan keladi

Donald Tramp davlat tashrifi uchun ikkinchi marta Buyuk Britaniyaga keladi. Britaniyaliklar birinchi marta Amerika prezidentini ikkinchi marta davlat tashrifi bilan kelishga taklif qildi.

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning taklifini rasman qabul qildi va 17-19 sentabr kunlari ikkinchi davlat tashrifi bilan Buyuk Britaniyaga keladi, deb xabar qildi Bukinhem saroyi. Natijada Tramp Buyuk Britaniyaga oliy darajadagi tashrif — davlat tashrifi bilan ikki marta tashrif buyurgan birinchi AQSh prezidentiga aylanadi. Shu paytgacha inglizlar odatda ikkinchi muddatga saylangan Amerika prezidentlarini faqat monarx bilan choy yoki tushlikka taklif qilardi.

Trampning Buyuk Britaniyaga birinchi davlat tashrifi 2019 yilda amalga oshirilgan, uni qirolicha Yelizaveta II kutib olgan edi. Bukinhem saroyidagi ta’mirlash ishlari tufayli qirol Charlz III va qirolicha Kamilla Tramp va birinchi xonim Melaniyani Vindzor qasrida mehmon qiladi.

Tashrif dasturi hali e’lon qilinmagan, ammo u Vindzordagi Avliyo Georgiy zalida rasmiy kutib olish marosimi va ziyofatni o‘z ichiga olishi mumkin. Marosimlarda qirollik oilasining barcha yuqori martabali a’zolari, jumladan, Vindzor qasrida yashovchi Uels shahzodasi va malikasi ham ishtirok etadi.

AQSh prezidentining har qanday tashrifi qat’iy xavfsizlik choralari bilan kechadi va bu safar Trampning dasturida jamoatchilik uchun ochiq tadbirlar bo‘lmaydi. 2019 yilgi tashrifi davomida Mell alleyasidan Bukinhem saroyigacha bo‘lgan an’anaviy kortej xavfsizlik nuqtayi nazaridan bekor qilindi va Tramp vertolyotda harakatlangan edi.

Mavzuga oid