Jahon | 11:27 / 16.07.2025
2408
2 daqiqa o‘qiladi

Putinning maslahatchisi: AQSh bilan muloqot davom etadi

Moskva va Vashington o‘rtasidagi «konstruktiv muloqot» «buzg‘unchi bosim tili»dan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi, dedi RFPI rahbari Dmitriyev. U AQSh sobiq prezidenti Baydenni ham tanqid qildi.

Kirill Dmitriyev Foto: Maksim Konstantinov / TASS

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi «konstruktiv muloqot» davom etadi, chunki bu «bosimga qarshi urinishlardan ko‘ra samaraliroq». Bu haqda o‘zining Telegramʼdagi kanalida Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari, Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev yozgan.

Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Moskva va Vashington o‘rtasidagi muloqotni «barcha mumkin bo‘lgan usullar bilan» buzish uchun «titanik harakatlar» qilinmoqda. Vladimir Putinning maxsus vakili bu harakatlarni aynan kim amalga oshirayotganiga aniqlik kiritmadi.

U, shuningdek, AQShning avvalgi prezidenti Jo Baydenni «noto‘g‘riligini isbotlagan xato yondashuvlari» uchun tanqid qildi. «Teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat, realizm va iqtisodiy hamkorlik global xavfsizlik va barqaror tinchlikning asosidir», — deya yakunlanadi Dmitriyev posti.

10 iyul kuni AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida Rossiyadan «hafsalasi pir bo‘lganini» va bu borada «muhim bayonot» bermoqchi ekanini aytdi. Axios nashri Tramp Kiyevga nafaqat Patriot zenit-raketa komplekslarini, balki Moskvagacha yetib boradigan uzoq masofalarga uchadigan raketalarni yetkazib berishini e’lon qilishini kutgandi. Yevropa ittifoqchilari bu ta’minot uchun pul to‘lashi lozim.

Mavzuga oid