O‘zbekiston | 20:31 / 16.07.2025
3384
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston eng xavfsiz davlatlar reytingida 25-o‘rinni egalladi

Dunyodagi eng xavfsiz davlatlar ro‘yxatida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) yetakchilik qilmoqda. Bu davlat shaxsiy xavfsizlik va jamoat muhitining umumiy barqarorligi uchun yuqori baho olgan.

Foto: kalpak-travel.com

Numbeo tahliliy portali 2025 yil uchun dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar va hududlarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Tadqiqot butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlar orqali to‘plangan ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, jinoyatchilik va xavfsizlik darajasini sub’yektiv tarzda baholaydi.

Yangi hisobotga ko‘ra, dunyodagi eng xavfsiz davlatlar ro‘yxatida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) yetakchilik qilmoqda. Amirliklar shaxsiy xavfsizlik va jamoat muhitining umumiy barqarorligi uchun yuqori baho olgan. Ikkinchi o‘rinda Andorra, uchinchi o‘rinda Qatar joylashgan. O‘zbekiston 25-o‘rinda qayd etilgan.

Eng xavfsiz mamlakatlar va hududlar o‘ntaligi quyidagilardan iborat:

- Birlashgan Arab Amirliklari;

- Andorra;

- Qatar;

- Tayvan;

- Makao;

- Ummon;

- Men oroli;

- Honkong;

- Armaniston;

- Singapur.

Qayd etilishicha, ushbu davlatlar va mintaqalarda jinoyatchilik darajasi past, aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi yuqori, ichki vaziyat barqaror.

O‘zbekiston reytingda 25-o‘rinni egalladi. Ozarboyjon 35-o‘rinda, Rossiya 52-o‘rinda, Qozog‘iston 73-o‘rinda, Ukraina 81-o‘rinda, Qirg‘iziston 101-o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston va Tojikiston reytingga kiritilmagan.

Eng xavfli mamlakatlar ro‘yxatida Haiti birinchi o‘rinda. Keyingi pog‘onalarda Papua-Yangi Gvineya, Venesuela, Afg‘oniston, Janubiy Afrika, Honduras, Trinidad va Tobago, Suriya, Yamayka va Peru qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakatlar zo‘ravonlik, ko‘cha jinoyati, talonchilik, korrupsiya va xavfsizlik hissiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa omillar bo‘yicha yuqori ball olgan.

Numbeo jinoyatlar darajasi, kunduzgi va tungi xavfsizlik hamda o‘g‘irlik, hujum, vandalizm, irqiy yoki diniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lish xavfini baholovchi foydalanuvchilarning javoblari asosida Jinoyat indeksi va xavfsizlik indeksini hisoblab chiqadi.

Ma’lumotlar rasmiy davlat statistikasiga emas, balki so‘rovda ishtirok etganlarning sub’yektiv idrokiga asoslanganini tushunish muhimdir.

Mavzuga oid