Jahon | 18:43 / 15.07.2025
5360
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Trampning tahdidlaridan keyin Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va’da berdi

Tramp agar Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan kelishuvga erishmasa, Moskva va uning savdo hamkorlariga 100 foizli tariflarni joriy qilishini aytgan edi. Xitoy esa Rossiyaning eng katta savdo hamkori hisoblanadi.

Foto: RIA Novosti

Xitoy rahbari Si Jinping AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Moskvaning savdo hamkorlariga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash tahdidi yangraganidan keyin Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va’da berdi.

Pekinda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Xitoy rahbari ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari prezident Vladimir Putin bilan erishilgan «muhim kelishuvlarni samarali amalga oshirishi», shuningdek, «Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi ko‘ptomonlama maydonchalarda hamkorlikni rivojlantirishi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi» kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, u ikki davlat xavfsizligi va taraqqiyot manfaatlarini himoya qilish zarurligini aytdi.

Bir kun avval, 14 iyulda Tramp agar Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan kelishuvga erishmasa, Qo‘shma Shtatlar Moskva va uning savdo hamkorlariga «qat’iy» 100 foizli tariflarni joriy qilishini aytdi. Xitoy esa Rossiyaning eng katta savdo hamkori hisoblanadi.

Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini rasman qo‘llab-quvvatlamagan va hatto mojaroni hal etish bo‘yicha o‘z rejasini taklif qilgan.

Biroq, South China Morning Post manbalariga ko‘ra, iyul oyi boshida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas bilan uchrashuvda Pekin Moskvaning bu urushda mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

Uning tushuntirishicha, bunday ssenariy yuz bersa, Qo‘shma Shtatlar o‘z e’tiborini butunlay Xitoyga qaratadi. Shu bilan birga, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari, agar Pekin haqiqatan ham Moskvaga yordam berganida, «urush allaqachon tugagan bo‘lardi», deb ta’kidlagan.

Mavzuga oid