Jamiyat | 11:57 / 15.07.2025
10085
7 daqiqa o‘qiladi

“Mehnatlarim havoga uchyapti” - To‘raqo‘rg‘onda bog‘ yaratgan tadbirkorning yeri olib qo‘yilyapti

Namangan rasmiylari bir necha yil oldin tadbirkor Avazbek Abdufattoyevni “adirlikda bog‘ yaratyapti” deb, hammaga namuna qilib ko‘rsatgan. Lekin bugun, tuman va viloyat hokimiga ishonib, bog‘ uchun milliardlab xarajat qilib qo‘ygan tadbirkor dodini kimga aytishni bilmaydi: yerning katta qismi olib qo‘yilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2021 yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tadbirkor Avazbek Abdufattoyev o‘sha paytdagi tuman hokimi Zulayho Mahkamovaning va’dasiga ishonib, katta mablag‘ sarflab, 34 gektar maydondagi adirlikni tekislab bog‘ yaratadi. Bu yerda “Yashil makon” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazilib, unda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etadi.

Qarz-havola qilib, xayrli ishga bor budini tikkan tadbirkorning bugun dodini eshitadigan odamning o‘zi yo‘q. Gap shundaki, o‘zlashtirilgan adirlikning 13 gektari hokimlik tomonidan olib qo‘yilyapti.

“Oliy ma’lumotliman. Aka-ukalarim bilan chet elga chiqib, mablag‘ jamg‘ardik. Tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan bizda. Orada bog‘dorchilikka qiziqib, tuman hokimidan yer so‘rab murojaat qildim. Bu orada tuman hokimimiz Zulayho Mahkamova tarafidan mana shu adirlikni o‘zlashtirib, bog‘ qilish taklifi berildi menga.

Viloyat hokimining o‘zi kelib, chiroyli bog‘ yaratib, eksportga mevalar chiqarishni taklif qilishganida rozi bo‘lganman. O‘zimdagi bor mablag‘ni sarfladim. Hatto hozir ota-onam o‘tirgan uyni garovga qo‘yib, 420 mln so‘m kredit oldim. O‘zim o‘tirgan hovlimni ham sotib, bog‘ga sarfladim. Ijarada o‘tiribman hozir. Qishlog‘imizdagi barcha qarindosh-urug‘imizning nomiga kredit olib, bog‘ga sarfladim.

Adirlikni tekislash uchun ancha mablag‘ ketdi. 11 ta mashinani sotib yuborganman. Maxsus texnikalar ishlatdim. Tuman hokimi Zulayho Mahkamova, viloyat hokimimiz, keyingi tuman hokimi Ahrorbek Mansurov respublikadan Namanganga har qanday mehmon kelsa, o‘zlashtirgan yerimni ko‘rsatib maqtanishdi. Gazeta, televideniyedan kelgan jurnalistlarni gapirmasa ham bo‘ladi. O‘zlashtirgan yerim ko‘pchilikka o‘rnak qilib ko‘rsatildi. 2021 yilning 11 noyabrida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tashkilot rahbarlari bilan tashrif buyurib, o‘zlari ochilish marosimlarini qilib bergan.

Biz xursand bo‘lganmiz. Seminar ham bo‘lgan bu yerda. Bularning hammasidan lavhalar olingan, gazetalarga chiqarilgan. O‘rnak bo‘lish uchun “mana, bog‘ tashkil qilyapti tadbirkor” deb turib, men bilan shaxsan o‘zlari muloqot qilgan. Hokimning tashriflari bilan boshlaganmiz bog‘ni.

34 gektar yerdan 23 gektarini o‘zlashtirib bo‘ldik. 2021 yilda ekkan ko‘chatlarimiz bu yil hosilga kira boshladi. Hozirgacha to‘rt yildan beri bir so‘m daromad qilganimiz yo‘q. Qarz evaziga milliardlab pul sarfladim.

Yerlarni tekislab, bu yil ham 4 850 tup ko‘chat ekdim. Tumanimizga Sherali Qosimov hokim bo‘ldi. Qanaqadir [kichik sanoat zonasini tashkil etish maqsadida – tahr.] master reja qilib, bu yerda qilingan ishlarni bilmasdan turib, yerimni olib qo‘yishyapti. 13 gektar yerimdan ayrilyapman. Dodimga quloq soladigan odamning o‘zi yo‘q.

O‘zi, yo‘l kengaytirilishi sabab 7-8 gektar yerim kamayyapti, bunga rozimiz. Lekin master reja asosida “zapravka”, tarozi, sovutkich, oshxona qilish uchun yerni bizdan olib, bitta tadbirkorga berishyapti. Bu nohaqlikka chidab bo‘lmayapti. Ozmuncha mehnat va xarajat qilmadik. 2 km uzoqlikdan 500 mln so‘m pul sarflab, suv tortib kelganman. Milliardlab qarzga kirib ketdim. Bir oyda suv uchun 10-15 million so‘mlik elektr sarflayman”, deydi tadbirkor.

To‘raqo‘rg‘on tumani Kadastrlar palatasi filiali rahbari Furqat Ahmadjonovdan holat bo‘yicha izoh oldik.

Furqat Ahmadjonov

“Biz bu joyni o‘rganganmiz. Haqiqatdan, borilganda bu yerda ko‘chatlar bo‘lgan. O‘zi asli bu joy – hozirgacha tuman hokimligi zaxirasida turgan yer maydoni. Tuman hokimligining tegishli qarori bilan, o‘sha tuman hokimligining zaxirasiga olingan yer maydoni. Endi bu fuqaro 2022 yilda menga shu yerni o‘zlashtirishga dalolatnoma qilib berishgan deyapti. Dalolatnoma bo‘lgan. Dalolatnomaga asosan, 2023 yilda u yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha qaror chiqqan. Qarorda bu 13 gektar yer ko‘rsatilmagan. Bu kontur to‘liq tuman hokimligining zaxirasida turibdi.

22 gektar o‘zlashtirgan joyi bor. Daraxt ekib qo‘ygan. 2024 yil kuz oyida tadbirkorni ogohlantirganmiz: “Bu yerni o‘zlashtirma, xarajat qilgan pulingga kuyib qolasan” deb. Lekin u baribir o‘zlashtirdi, gapimizga quloq solmadi.

Agar qaror chiqarib kelganda, mana shu 34 gektariga muammo yo‘q edi. Kadastrlar palatasi yer balansiga o‘zgartirish kiritib, o‘sha Avazbekning nomiga o‘zlashtirib qo‘yardim”, deydi To‘raqo‘rg‘on tumani Kadastrlar palatasi filiali rahbari.

Tadbirkorga yer ajratilib berilgan paytda qishloq xo‘jaligi bo‘limida yer bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan Hamidulla Jamatovdan ham izoh oldik.

Hamidulla Jamatov

“2021 yilning boshlarida tumani hokimi Zulayho Mahkamova hech bir muhokamasiz shu yigitga yer ajratib bergan. Yerni o‘zlashtirish topshirig‘i berilgan. O‘sha asosida tadbirkor adirni o‘zlashtirgan. Qaror chiqmay qolganining sababi – 2021 yilda tuman hokimlarining yer ajratish to‘g‘risidagi vakolatlari bekor qilingan. Shu bekor qilish jarayonida bu yigitning ham qarori to‘xtab, qolib ketgan. Lekin o‘zlashtirgan qismiga yer o‘zlashtirish va yer toifasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingan.

Haqiqatdan, bu yigit ancha mehnat qildi. Shu joylarda qilgan mehnatini hisobga olib, qandaydir imkoniyat bo‘lsa, egaligi tiklansa yaxshi bo‘lardi. Qaror chiqarish bo‘yicha tadbirkor murojaatidan keyin, 2021 yilda 15 gektar yerga chiqarib berganmiz. U yer o‘zlashtirildi. 2020 yilda 8 gektarga chiqarib berilgan. Ishchi guruhi ko‘kargan daraxtlarni ko‘rib qaror chiqargan”, deydi sobiq mutaxassis.

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid