O‘zbekiston | 14:44 / 14.07.2025
1732
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda uchta yangi sayyohlik markazi barpo etiladi

Iordaniyaning Ammon News  gazetasi saytida "Surxondaryo yanada jozibador turistik go‘shaga aylanmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: uzbekistan.travel

Maqolada Surxondaryo boy turistik salohiyatga ega viloyat ekani, hududdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida endilikda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi turistik markazlar bunyod etilayotgani bayon etilgan.

"O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 16 dekabrdagi "Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjat doirasida Boysun tumanidagi umumiy maydoni 220,5 gektar bo‘lgan yer uchastkasida "Omonxona", Sariosiyo tumanidagi umumiy maydoni 615 gektar bo‘lgan yer uchastkasida "Sangardak", Jarqo‘rg‘on tumanidagi "Oqtepa" suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar yerda "Obihayot" turistik markazlari barpo etilyapti", – deb yozilgan materialda.

Shuningdek, nashrda vohada bunyod etilayotgan uchta yangi turistik markaz ham tog‘li va tog‘ oldi hududlarining mavjud sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

"Masalan, tog‘lar qo‘ynida qad rostlayotgan "Omonxona" turizm markazida 26 ta inshoot bunyod etilayotir. Markaz 11 ta mehmonxona, uy mehmonxonalari, restoran, kafe, savdo do‘konlari, oshxonalar va boshqa majmualarni o‘z ichiga oladi.  Bularning barchasi Janubdagi vohaning boy turistik imkoniyatidan oqilona foydalanish orqali, O‘zbekistonning jozibador sayyohlik salohiyatini dunyoga keng tarannum etish va odamlarning turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi", – deya qayd etilgan maqolada.

Mavzuga oid