O‘zbekiston | 15:48 / 13.07.2025
14399
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada tanishini urib ketgan haydovchi qasddan odam o‘ldirishda ayblanmoqda

Bosh prokuratura Farg‘onada fuqaro tanishini mashinada qasddan urgani bo‘yicha jinoyat ishi qayta malakalangani haqida ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilganda ayblanuvchining xatti-harakatlarida qasddan odam o‘ldirish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli, jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 97-moddasiga qayta malakalandi.

Hozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bu modda bilan aybdor deb topilganlar umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan oldinroq Farg‘ona shahridagi janjal vaqtida Lacetti avtomobili haydovchisi yo‘l chetidagi odamni urib ketishi oqibatida jabrlanuvchi vafot etgani xabar qilingandi.

Holat 10 iyul kuni shaharning O‘zbekiston ovozi ko‘chasida sodir bo‘lgan. Fuqaro F.Z. tanishi M.A. bilan o‘zaro gap talashib janjallashib, o‘ziga tegishli Lacetti’da M.A.ni ustiga mashinasini haydagan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan M.A. shifoxonada vafot etgan. Tarmoqlarda tarqalgan videoda ketayotgan uch kishidin birining orqasidan yuqori tezlikdagi mashina kelib urgani va u uchib yerga tushganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng, haydovchi mashinadan tushib jabrlanuvchiga yana hujum qilmoqchi bo‘ladi, lekin atrofdagilar uni to‘xtatib qoladi.

Farg‘ona viloyati IIB F.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanganini xabar qilgandi.

Mavzuga oid