Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kurdiston ishchilar partiyasi qurollarini topshirmoqda. Bu Turkiya bilan 40 yillik mojaroga nuqta qo‘yadimi?
11 iyul kuni Iroqda bo‘lgan marosimda KIPning 30 nafar jangchisi qurollarini ramziy ravishda yoqib yubordi. O‘z davlatiga ega bo‘lmagan dunyodagi eng katta etnik guruh – huquqlari uchun siyosiy kurash yo‘liga o‘tmoqchi. Abdulloh O‘jalanning Turkiya qamoqxonasidan turib qilgan chaqirig‘i Suriya va Iroqdagi boshqa kurd guruhlariga qanchalik ta’sir qilishi noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, Erdo‘g‘an bu harakatlarni Turkiya uchun «yangi sahifa» deb atadi.
11 iyul kuni Kurdiston ishchilar partiyasining 30 nafar a’zosi, jumladan 15 nafar ayollar o‘z qurollarini yoqib yubordi. Juma kungi marosim Iroqning shimolidagi Kurdiston mintaqasida joylashgan, Sulaymoniyadan 60 km shimoli-g‘arbda joylashgan Dukan shahridagi Jasana g‘orining kirishida bo‘lib o‘tdi.
Marosimdan olingan videolarda kurdlar navbatma-navbat AK-47 avtomatlari, o‘qdonlar va boshqa qurollarni katta kulrang qozonga tashlayotgani aks etgan. Shundan keyin qurollari yoqib yuborilgan.

Voqeani guruhning to‘rt nafar qo‘mondoni kuzatib bordi. Ulardan biri – KIPning yuqori lavozimli vakili Bese Xozat turk tilida guruhning qurolsizlanish to‘g‘risidagi qarorini o‘qib eshittirdi:
«Biz, sizning huzuringizda, yaxshi niyat va qat’iyat belgisi sifatida qurollarimizni ixtiyoriy yo‘q qilmoqdamiz», — dedi u. Keyin boshqa qo‘mondon ayni bayonotni kurd tilida o‘qib berdi.

Reuters nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, marosim chog‘ida osmon uzra vertolyotlar aylanib uchgan, tog‘li hudud atrofini esa Iroq kurdlari xavfsizlik kuchlari o‘rab olgan.
Marosimda Turkiya va Iroq razvedka xodimlari, Iroq Kurdistoni mintaqaviy hukumati vakillari hamda Turkiyadagi kurdlarga oid muxolif DEM partiyasining yuqori martabali a’zolari ishtirok etdi. Aynan ushbu partiya bu yili KIPning qurolsizlanish qarorida muhim vositachilik qilgan edi.

Kelgusidagi topshiriqlar qachon bo‘lishi hozircha noma’lum. Turkiya hukumati vakili bu qurol topshirish jarayonini «qaytmas burilish nuqtasi» deb baholadi. Yana bir manbaga ko‘ra, keyingi bosqichda KIP a’zolarining Turkiya jamiyatiga qonuniy yo‘l bilan qayta integratsiya qilinishi, hamjamiyatlarni sog‘lomlashtirish va yarashuvni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.
KIPning ta’siri
Kurdiston ishchilari partiyasi so‘nggi yillarda Turkiya janubi-sharqiy chegarasidan ancha uzoqlashtirilgach, Iroq shimolida joylashgan. Turkiya armiyasi bu hududdagi KIP bazalariga doimiy zarbalar berib keladi va u yerda bir nechta harbiy postlarini joylashtirgan.
NATO a’zosi Turkiyaning KIP bilan qurolli mojarosi yakunlansa, bu qo‘shni Suriyada ham muhim oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki Suriya hududida AQSh bilan ittifoqda bo‘lgan kurd kuchlari bor. Rasmiy Anqara ularni KIPning bir bo‘lagi deb biladi.

Hozirga kelib, AQSh va Turkiya suriyalik kurdlarning ash-Shar’a xavfsizlik tuzilmalariga tezroq integratsiyalashuvini xohlamoqda. Tahlilchilarning aytishicha, KIPning qurolsizlanishi bu jarayonga qo‘shimcha bosim qo‘shadi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan qurollarni topshirish boshlanganidan so‘ng, mamlakat uchun «yangi sahifa ochilganini» aytdi.
«Kechadan boshlab, terror balosi tugash jarayoniga kirdi. Bugun — yangi kun, tarixda yangi sahifa ochildi. Bugun buyuk va qudratli Turkiya sari eshiklar keng ochildi», — dedi Erdo‘g‘an.
Kurdlar va KIP haqida
Kurdlar — umumiy soni 30-40 million atrofida bo‘lgan, dunyoda o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng katta etnik guruh hisoblanadi. Ular asosan Eron, Iroq, Suriya va Turkiyada yashaydi. AQSh va Yevropada ham bir necha million kurdlar yashaydi. Ular, turkcha yoki arab tiliga bevosita aloqador bo‘lmagan kurd tilining bir nechta lahjalarida so‘zlashadi. Kurdlarning aksariyati — 70 foizi sunniy musulmonlardir.
Birinchi jahon urushidan so‘ng jahon davlatlari kurdlarga o‘z davlati bo‘lishini va’da qilgan, biroq bu hech qachon amalga oshmagan. Keyingi avlodlarda turli mamlakatlarda kurd isyonlari yuz bergan, ularning tili hamda madaniyatiga nisbatan davlatlar bosimi bo‘lgan.
Maqsadlarini Turkiyadagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va kurd davlatini barpo etish deb e’lon qilgan Kurdiston ishchilar partiyasi 1974 yilda Abdulloh O‘jalan boshchiligida tashkil topgan. 1980 yillarda Turkiya davlatiga qarshi qurolli kurash boshlagan guruh dastlab Turkiyadagi kurdlar uchun mustaqillik talab qilgan.
KIPning ilk harakatlari sharqiy va janubiy Turkiya tog‘larida boshlanib, harbiy bazalar va politsiya punktlariga hujumlar bilan kechdi. Turkiya hukumati bunga keskin javob berdi. 1990 yillarda mojarolar butun mamlakatga yoyildi. Guruh Turkiya shaharlarida portlashlar uyushtirib, ko‘plab tinch aholi vakillarining halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

1999 yil 15 fevralda partiya asoschisi Abdulla O‘jalan Keniyada AQSh yordami bilan Turkiya razvedkasi tomonidan hibsga olindi. Shu yili u o‘lim jazosiga hukm qilindi, biroq Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish harakati doirasida o‘lim jazosi umrbod qamoqqa almashtirildi. U Marmar dengizidagi Imrali orolida qamalgan va uzoq yillar yagona mahbus bo‘lib qolgan.
2000 yillardan boshlab O‘jalan KIP mafkurasini tubdan o‘zgartirib, ajralib chiqish o‘rniga kurdlarning siyosiy huquqlari uchun siyosiy kurashga chaqira boshladi. 2013 yilda Turkiya hukumati bilan tinchlik muzokaralari boshlangan, ammo bu jarayon 2015 yilda to‘xtatilgan. Keyingi ikki yil ichida janubi-sharqiy shaharlarda yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar 7 000 dan ortiq odam hayotiga zomin bo‘lgan.

So‘nggi yillarda Turkiya armiyasi partiyaning jangarilarini shaharlardan siqib chiqardi, dronlar orqali guruh yetakchilarini nishonga oldi. Bunga javoban ba’zida KIP hujumlar bilan javob berib turdi. Xususan, 2023 yilda partiyaning kichik jangarilar guruhi Turkiya hukumatiga qarashli aerokosmik kompaniya shtab-kvartirasiga avtomatlar va portlovchi modda bilan bostirib kirib, besh nafar xodimni o‘ldirgan. Hujum xavfsizlik kuchlari vaziyatni nazoratga olgandan keyin to‘xtatilgan.
Harbiy kuchdan – siyosiy kurash yo‘liga
2024 yil oxirida KIP nihoyat qurolsizlanish va siyosiy kurash yo‘liga o‘tishini e’lon qildi. 2025 yil fevral oyida tashkilot yetakchisi Abdulloh O‘jalanning qamoqdan turib KIP va unga aloqador guruhlarni tarqatib yuborish, 40 yildan ortiq davom etgan qurolli kurashga barham berishga chaqirdi.

Shu yil may oyida esa KIP o‘zini tarqatib yuborish va qurolni tashlash qarorini e’lon qildi. Jangchilarning birinchi guruhi 2025 yil 11 iyul kuni Iroq shimolidagi g‘orda qurollarini yoqib yubordi.
Turkiyaga qarshi 40 yillik kurash davomida partiya – Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. OAVga ko‘ra, ular 40 mingdan ortiq insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Endi nima bo‘ladi?
Keyingi qadamlar hali aniq emas. KIP va kurdlarga oid siyosatchilar O‘jalanni ozod qilish yoki hech bo‘lmaganda unga nisbatan cheklovlarni yumshatib, qurolsizlanish jarayonini boshqarish imkonini berishga chaqirmoqda.
KIPning Iroq shimolining tog‘li hududlarida yashirin bazalariga bu qaror qanday ta’sir qilishi ham hozircha noma’lum. Turkiya bu bazalarni va Suriyaning shimoli-sharqini nazorat qilayotgan KIPga aloqador guruhlarni ko‘p bor bombardimon qilgan va ularni o‘z chegaralariga yaqin xavf sifatida baholagan.
Turkiya rasmiylari ochiqchasiga hukumat KIPni qurolsizlantirish uchun hech qanday imtiyoz bermaganini aytgan. Biroq kurdlarga oid asosiy muxolif partiya vakillari hukumatdan madaniy va ta’limiy huquqlarni kengaytirishini kutmoqda.
KIPning bu bayonoti boshqa kurd harbiy guruhlarga, ayniqsa Suriyada, ta’sir ko‘rsatishi va mintaqaviy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Olib kirilayotgan biologik faol qo‘shimchalarda giyohvandlik vositalari mavjudligi aniqlanadi
O‘zbekiston | 09:20
-
Germaniya Rossiya tufayli piyodalarga qarshi minalarga qaytishni muhokama qilmoqda
Jahon | 08:46
-
Bojxona sohasida tadbirkorlar murojaatini sudgacha ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi
O‘zbekiston | 08:32
-
Elektr energiyasining texnologik sarf me’yorlari belgilanadi
O‘zbekiston | 08:03
Mavzuga oid

23:20 / 30.07.2025
Turkiyada migrantlarning noqonuniy bandligiga qarshi choralar kuchaytirildi

20:36 / 30.07.2025
«Istanbul Boshoqshehir» Abbosbek Fayzullayev transferini e’lon qildi

18:21 / 29.07.2025
Turkiyada yuqori harorat tufayli yirik o‘rmon yong‘inlari – fotosuratlar

19:23 / 27.07.2025