Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliq organi 1,5 mln so‘mlik kamomad uchun tadbirkorni 5,3 mlrd so‘m jarimaga tortdi
O‘zbekiston soliqchilari Lactalis kompaniyasidan 1,5 mln so‘mlik kamomad topib, 5,3 mlrd so‘m jarima qo‘lladi. Jarima Soliq kodeksining o‘sha mashhur 227-1-moddasi bo‘yicha qo‘llangan. “Chet ellik investor [buni eshitib] shokka tushdi desam, deyarli hech narsa demagan bo‘laman”, dedi xorijiy kompaniya vakili. Ochiq muloqotda yangragan bu shikoyatdan keyin o‘rganish o‘tkazilib, jarima bekor qilindi.

Foto: Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektining faoliyatida aniqlangan 1,5 mln so‘mlik kamomad uchun soliq organi 5,4 mlrd so‘m jarima qo‘lladi. Bu holat yuzasidan Soliq qo‘mitasi raisiga bevosita jamoatchilik ko‘z o‘ngida qilingan murojaatdan keyin, jarima bekor qilinib, soliqchilarning xatti-harakati tekshirila boshlandi.
Bunday yirik jarima Soliq kodeksining 227-1-moddasi asosida, sut ishlab chiqaruvchi “Lactalis Central Asia” MChJga nisbatan qo‘llangan. Xorijiy kompaniya vakili Doniyor Najmiddinov davlat organlari rahbarlarining biznes hamjamiyat bilan 27 iyun kungi ochiq muloqotida bu haqda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Lactalis'da soliq auditini o‘tkazgan soliqchilar bir nechta omborlarni inventarizatsiyadan o‘tkazib, 1,5 mln so‘mlik qadoqlangan suv kamomadini aniqlagan.
“Yillik aylanmamiz 1 trln so‘mdan kam emas. 6-7 ta omborimiz inventarizatsiya bo‘ldi. 1,5 mln so‘mlik kamomad chiqdi, qadoqlangan suv bo‘yicha. Kamomad – 100 dollar atrofida, aylanmamiz esa deyarli 1 trillion so‘m. Soliqchilar 1,5 mln so‘mlik qadoqlangan suv noqonuniy realizatsiya qilingan, [Soliq kodeksining] 223- va 227-moddalari buzilgan, ya’ni markirovka qoidasi buzilgan deb, korxonaga 5,3 mlrd so‘m jarima chiqarishdi. 420 ming dollar. Chet el investori [buni eshitib] shokka tushdi desam, deyarli hech narsa demagan bo‘laman”, – dedi Doniyor Najmiddinov.

Bu shikoyatga javoban, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov: “Siz [chet ellik investorga] ayting: jazo hammaga barobar” deya maslahat berdi.
Najmiddinovning aytishicha, hisob-kitoblarda kamomad aniqlansa, buni avtomatik ravishda majburiy raqamli markirovka qoidalarini buzish deb talqin qilish qonunchilikka zid. Avvallari kamomad aniqlangan taqdirda, soliq organi yetishmayotgan tovarni sotilgan deb hisoblab, QQS hisoblab chiqargan. Lekin raqamli markirovka joriy etilganidan keyin, yondashuv o‘zgargan.
“Bizga soliqchilarning javobi shunday bo‘ldi: 1 so‘mlik kamomad chiqsa ham, biz sizlarni bir choraklik tushumdan 2 foizi miqdorida jarima qilamiz, deyishdi. Arzimagan 10 ta butilka deb, choraklik tushumimizning 2 foizi miqdorida jarima qo‘yishyapti”, – dedi u.
Muloqotda ishtirok etayotgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliqchilarning harakati noto‘g‘ri bo‘lganini tasdiqladi va Lactalis'ga nisbatan jarima qo‘llagan soliq inspektorini chaqirib, holatni o‘rganib chiqishga topshiriq berdi.
“Butun boshli zavodda 100 dollarlik suv kamomad chiqdi deb turib – balki markirovkasi buzilgandir, boshqa bo‘lgandir – choraklik tushumga jarima uryapti. Bu hech qaysi ramkaga sig‘maydi”, – dedi Qudbiyev.

5 iyul kuni Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati o‘rganish natijasini ma’lum qildi.
“O‘rganishda korxona tomonidan majburiy markirovkalash talablarini buzilish holatlari Soliq kodeksi talablariga asoslangan holda isbotlamasdan, markirovkalash qoidalariga rioya qilinmagani uchun jarima noto‘g‘ri qo‘llangani aniqlangan.
Mazkur holat Soliq qo‘mitasida hududiy soliq organlari rahbari ishtirokidagi kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkiliy choralar ko‘rildi”, – deyiladi qo‘mita axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, soliq nazorati tadbirlarini tashkil etish, moliyaviy jarimalarni qo‘llashda tadbirkorlik sub’yektlari xuquqlarini himoya qilish ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksidagi 227-1-modda 2022 yil 13 iyundan kuchga kirgan, unda belgilangan qoidalarni buzganlik uchun oxirgi chorakdagi tushum miqdoridagi jarima belgilangan edi. Sanksiyaning bu darajada kattaligi esa ko‘plab tadbirkorlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Bu e’tirozlarni Prezident huzuridagi tadbirkorlar kengashi va Savdo-sanoat palatasi qo‘llab-quvvatladi. Bir nechta sudlarda tadbirkorlar soliq organi ustidan yutib chiqdi. 2023 yil oxiriga kelib, Soliq qo‘mitasi sanksiya yumshatilishini ma’lum qildi.
2024 yil fevralida bu borada prezident farmoni, keyinroq qonun ham qabul qilindi va bu modda bo‘yicha jarima choraklik tushumning 100 foizidan 2 foizigacha (takroran sodir etilganda, 20 foiz) tushirildi. Avval jarima to‘laganlarga to‘lagan summasining 98 foizi qaytarib berilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Svet o‘chmagan kun yo‘q: Toshkent elektrsiz qiynalmoqda
O‘zbekiston | 23:59 / 25.07.2025
-
Qo‘riqxonada davom etayotgan yong‘in, «Ishdagi ishq» mojarosi, Navoiyni zaharlayotgan korxonalar – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:53 / 25.07.2025
-
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
O‘zbekiston | 23:49 / 25.07.2025
-
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi? – muhim savollarga javoblar
O‘zbekiston | 23:34 / 25.07.2025
Mavzuga oid

23:59 / 25.07.2025
Svet o‘chmagan kun yo‘q: Toshkent elektrsiz qiynalmoqda

21:56 / 19.07.2025
Klasterlarning fermerlar oldida juda katta qarzdorligi bor - Qudbiyev

22:01 / 18.07.2025
“Bu iqtisodiy siyosatga zid” – mutaxassis markirovkalash qoidasini buzganlik uchun jarimani aylanmaga bog‘lamaslikni taklif qildi

07:38 / 18.07.2025