O‘zbekiston | 14:24 / 05.07.2025
2475
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Avstriya kompaniyasi ishtirokida tog‘-chang‘i kurorti quriladi

Saudiya Arabistonining yetakchi Al Harir nashrida "Oltin bel" cho‘qqisidagi dam olish maskani ochildi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda Parkent tumanida joylashgan "Oltin bel" cho‘qqisidagi uch gektar tog‘ yonbag‘rida joylashgan dam olish maskani hududida umumiy sig‘imi 188 o‘rinli ikkita zamonaviy mehmonxona, kapsula tipidagi ixcham uylar, restoran va xo‘jalik binolari bunyod etilgani ta’kidlangan.

"Hududda turizm sohasini rivojlantirish uchun 1,8 milliard dollarlik 52 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 3300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va sayyohlik maskanlari yiliga 1 milliongacha kishiga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Parkentning qorli tog‘lari yana bir yirik loyiha – Avstriya kompaniyasi ishtirokida 1200 gektar maydonda tog‘-chang‘i kurorti qurish imkoniyatini ochadi",– deb ma’lum qilingan maqolada.

Nashrda ushbu loyiha doirasida uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar, tog‘-chang‘i yo‘laklari, restoranlar va sog‘lomlashtirish majmualari qurilishi nazarda tutilgani qayd etilgan.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va yakunlangach, kuniga 15 minggacha sayyohni qabul qila oladi. 600 ga yaqin servis obekti tashkil etiladi. Mavsumiy xizmatlarni hisobga olgan holda, yangi ish o‘rinlarining umumiy soni 10 mingtagacha yetadi.

"Ushbu kurort Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Amirsoy majmuasi bilan bir qatorda eng yirik sayyohlik markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda"– deb yozgan muallif.

Mavzuga oid