O‘zbekiston | 15:25 / 03.07.2025
1575
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Ozarboyjon parlamentlararo forumi – Xivadagi muloqot qanday o‘tdi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Ozarboyjon Respublikasi Milliy Mejlisi a’zolari ishtirok etgan forumda iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Forum doirasida o‘tkazilgan panel sessiyalarida bir qator muhim yo‘nalishlarda muhim hujjatlar qabul qilindi.

1 iyul kuni Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarboyjon parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi. “Yangi imkoniyatlar sari: muloqotdan hamkorlikdagi harakatlargacha” mavzusidagi anjumanda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, parlamentlararo muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadi ko‘zlandi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Ozarboyjon Respublikasi Milliy Mejlisi a’zolari hamda ikki mamlakatning yoshlar parlamentlari vakillari ishtirok etdi. 

Forumda do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, ularni parlamentlararo komissiyalar darajasiga olib chiqish, qo‘shma qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, hududiy vakillik organlari o‘rtasida tajriba almashish mexanizmini joriy etish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishdagi turli yondashuvlarning samaradorligini oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.

Forum doirasida panel sessiyalar o‘tkazilib, ularda muhim masalalar muhokama qilindi.  

Xususan, “Iqtisodiy taraqqiyotni parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlash: biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi. Mazkur sessiya davomida ikki mamlakatning iqtisodiy rivoji uchun parlamentlar tomonidan qonunchilik asoslari yaratish, investorlar uchun qulay muhit shakllantirish, kichik biznesni rag‘batlantirish masalalari muhokama etildi.

Yana bir panel sessiya davomida esa intellektual kapital va raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Unda ikki mamlakat parlamentlari vakillari zamonaviy texnologiyalar, raqamli taraqqiyot va innovatsion muhitni shakllantirish, ta’lim va ilm-fan sohalarida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga oid o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Navbatdagi panel sessiya madaniyat, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida parlamentlararo hamkorlikka bag‘ishlandi. Unda madaniyat, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Panel sessiyaning ikkinchi yo‘nalishi doirasida turizm sohasida viza tartiblarini soddalashtirish, tarixiy-madaniy va ekologik yo‘nalishlarni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma turistik brendlar yaratish kabi tashabbuslar parlamentlararo aloqalarning yangi formati sifatida ilgari surildi.

5-panel sessiya yashil kelajakka, atrof muhit va iqlim o‘zgarishini himoya qilishda parlamentlarning roliga bag‘ishlandi. Uning dastlabki qismida iqlimga moslashtirilgan qonunchilikni shakllantirish masalalari, milliy va mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Sessiyaning ikkinchi qismi esa yashil iqtisodiyot va aylanma rivojlanish modellarini ilgari surishda parlamentlararo hamkorlikning o‘rniga bag‘ishlandi.

Forumda investitsiya muhitini yaxshilash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish, xorijda O‘zbekiston va Ozarboyjon savdo uylarini tashkil etish, muntazam biznes missiyalarini o‘tkazib borish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamli turizm platformasini yaratish, Turkiy dunyo mamlakatlari uchun umumiy ta’lim bazasi va elektron resurslarni shakllantirish, tibbiy sug‘urta va bemorlarni transchegaraviy davolash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish kabi qator aniq tashabbuslar ilgari surildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Ozarboyjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgani hamda ittifoqchilik, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar Qo‘shilmaslik harakatining parlament tarmog‘i, Osiyo Parlament assambleyasi, Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tuzilmalar doirasida hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Forum davomida ikki mamlakat parlamentlari do‘stlik guruhlarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda parlamentlar o‘rtasida qabul qilingan hamkorlik hujjatlarining ijrosi, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.  

Shundan so‘ng Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva hamda Ozarboyjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova ishtirokida OAV xodimlari uchun brifing o‘tkazildi. Tanzila Norboyeva va Sahiba Gafarova O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar azaldan umumiy tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarga asoslanganini e’tirof etib, Birinchi O‘zbekiston-Ozarboyjon parlamentlararo forumi parlamentlararo hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning debochasi bo‘lganini bildirishdi.

Forum yakunida uchta muhim hujjat – parlamentlararo hamkorlikning asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiruvchi Xiva deklaratsiyasi, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, Parlamentlararo komissiya reglamenti tadiqlandi.

Mavzuga oid