Jahon | 10:29 / 03.07.2025
6715
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga Patriot uchun raketa yetkazib berishni to‘xtatdi 

Ular Rossiya ballistik raketalaridan himoyalanish uchun juda muhim hisoblanadi.

Foto: Matt Rourke / AP / Scanpix / LETA

AQSh o‘z zaxiralari hajmi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Ukrainaga raketa va o‘q-dori yetkazishda tanaffus joriy qildi. Harbiy yordam yetkazib berish to‘xtatilgani faktini Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli tasdiqlagan va bu qaror «Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish uchun» qabul qilinganini ta’kidlagan.

Aynan qanday qurollar yetkazib berilishi kechiktirilishiga rasman aniqlik kiritilmagan, ammo NBC News o‘z manbasiga tayanib yozishicha, ular qatorida — Patriot tizimi uchun o‘nlab raketalar, shuningdek Hellfire rusumli yuzlab, Stinger rusumli o‘nlab raketalar, GMLRS reaktiv snaryadlari, granatomyotlar va minglab oskolkali-fugasli o‘q-dorilar bor.

Politico gap Jo Bayden ma’muriyati davridayoq kafolatlangan qurollar haqida ketayotganini qayd etgan. Ushbu o‘q-dorilar Ukrainaga ikki yil davomida ikki kanal orqali yetkazib berilgan: Pentagonning hozirgi zaxiralaridan va Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) orqali. Baydenning prezidentlik muddati tugagach, USAI tomonidan ajratilgan barcha mablag‘lar taqsimlandi va tizimlar tayyor bo‘lgach, yetkazib berish davom etdi.

NBC News ma’lumotiga ko‘ra, yordamni to‘xtatish qarori Pentagon rahbari Pit Hegset tomonidan qabul qilingan. U bir necha hafta oldin omborlardagi o‘q-dorilar miqdorini tekshirishni talab etuvchi memorandumni imzolagandi. Ukraina va Isroilga yordam, shuningdek, Yamandagi husiychilarga qarshi harbiy harakatlar tufayli zaxiralar sezilarli darajada kamaygan.

Yordam yetkazib berish qachondan tiklanishi noma’lum. NBC News yozishicha, yordam kamida tekshiruv yakunlangunicha to‘xtatib turiladi, agar ular chindan ham juda qisqarib ketgani tasdiqlansa, yordam yetkazib berishdagi tanaffus yana uzoq davom etishi mumkin. Reuters Pentagon umuman bu masaladagi siyosatini o‘zgartirishini anons qilmaganini qayd etgan.

Ta’minot to‘xtatilgani haqidagi xabarlar fonida AQSh muvaqqat ishonchli vakili Jon Ginkel Ukraina tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Diplomat bilan vazir o‘rinbosari Maryana Betsa uchrashuv o‘tkazgan. Tashqi ishlar vazirligining rasmiy xabarida aytilishicha, u «bosqin boshlanganidan beri ko‘rsatilgan yordam uchun AQShga minnatdorchilik bildirgan», biroq ta’minotdagi har qanday kechikish «tajovuzkorni urush va terrorni davom ettirishga undashi»ni ta’kidlagan.

Ukraina mudofaa vazirligi esa qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha tafsilotlarni aniqlash uchun AQShdagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qilish bo‘yicha so‘rov yuborilganini xabar qilgan. Vazirlikdagilar ilgari kelishilgan yordamni yetkazib berish jadvallarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida hali rasmiy xabar kelib tushmaganini qayd etgan.

Patriot raketalarini yetkazib berish Ukraina uchun juda muhim, chunki bu Rossiya tomonidan faol qo‘llanayotgan ballistik raketalarni tutib olishga qodir bo‘lgan kam sonli havo mudofaa tizimlaridan biridir. Kiyevda tizimlarning o‘zi va ularga o‘q-dorilar doimiy ravishda yetishmasligi bir necha bor ta’kidlangan, bahorda prezident maslahatchisi Mixaylo Podolyak Patriot’dan foydalanish imkoniyatining yo‘qolishini mamlakat uchun «alohida muammo» deb atagandi.

Patriot tizimlarini Yevropadagi muqobillari bilan almashtirish deyarli imkonsiz – Germaniyaning IRIS-T va Norvegiyaning NASAMS tizimlari faqat qanotli raketalarni urib tushiradi. Fransiya-Italiya mahsuloti bo‘lgan SAMP/T esa ballistik raketalarni tutib qolishi mumkin, ammo ularning harakat radiusi Patriot’nikidan ancha kichik. Bundan tashqari, Yevropada ishlab chiqarish quvvatlari juda cheklangan, ular Ukraina ehtiyojlarini to‘liq qoplash uchun yetarli emas.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aprel oyidayoq Ukraina 15 milliard dollar evaziga Patriot tizimlarini xarid qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Iyun oyi oxirida Zelenskiy shaxsan prezident Donald Tramp bilan AQShdan Patriot tizimlarini sotib olish masalasini muhokama qildi, ammo o‘shanda ular muayyan kelishuvga erisha olmagandi. Tramp bu masala «o‘rganilishi»ni aytgan, ammo bunday qurilmalar soni juda kamligi va ular birinchi navbatda AQShning o‘ziga kerakligi haqida ogohlantirgandi.

Ukraina hukumati Patriot uchun Yevropadagi ittifoqchilarining zaxiralaridan ham raketalar olishga harakat qilmoqda – bu ham AQSh vositachiligida kechmoqda, chunki har qanday reeksport faqat uning ishlab chiqaruvchisining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Bunday raketalarni yirik partiyada yetkazib berish to‘g‘risida oxirgi bor iyun oyi o‘rtalarida Germaniya hukumati e’lon qilgandi – bu partiya 100 raketani o‘z ichiga olgan, shundan 32 tasi bu haqda rasmiy e’lon berilguniga qadar yetkazib berilgandi. Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari ham Rossiyaning Yevroittifoqqa hujumi borasidagi xavotirlar kuchayishi fonida Patriot tizimlari birinchi navbatda o‘z mudofaasi uchun zarurligini aytmoqda.

Mavzuga oid