Jahon | 15:16 / 01.07.2025
3549
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qiluvchi farmonni imzoladi. Qanday yengilliklar berilmoqda?

AQSh prezidenti Donald Tramp 20 yillik sanksiyalarni bekor qilib, Suriyaning yangi rahbariyatiga ishonch bildirdi. Iqtisodiy sanksiyalar yechilgan holda, Asad rejimi sobiq amaldorlari uchun bosim saqlab qolindi. Shuningdek, Ahmad ash-Shar’a va Hsh guruhining terrorchilik maqomi qayta ko‘rib chiqiladi.

Foto: Saudi Press Agency

30 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha farmonni imzoladi.

«AQSh o‘z-o‘ziga va qo‘shnilariga tinchlikda yashovchi, barqaror va yagona Suriyani qo‘llab-quvvatlashga sodiq. Terrorchi tashkilotlarga boshpana bermaydigan va diniy hamda etnik ozchiliklar xavfsizligini ta’minlaydigan Suriyadan mintaqaviy xavfsizlik va farovonlik kutish mumkin»,deyiladi Oq uy e’lon qilgan farmon matnida.

Shuningdek, AQSh Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, Suriya hukumati barqaror, yagona va o‘zi hamda qo‘shnilari tinchlikda yashovchi davlatni qurish yo‘lida davom etishi lozim.

«Prezident Tramp va’da berganidek, Moliya vazirligi Suriyaga qarshi sanksiyalar dasturini bekor qilish ishlarini boshladi. Bugungi choralar Suriyaning iqtisodiyotini global savdo tizimi bilan qayta bog‘lash va mamlakat infratuzilmasini qayta qurish imkoniyatini beradi», — dedi AQSh Moliya vaziri Skott Bessent.

Farmonda barqarorlikni izdan chiqaruvchi shaxs va guruhlarga nisbatan choralar ko‘rishda javobgarlik ta’minlanishi eslatib o‘tilgan.

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Trampning ushbu qarorini olqishlab, bu choralar «uzoq kutilgan qayta qurish va taraqqiyot uchun yo‘l ochishini» aytdi.

«Iqtisodiy tiklanish yo‘lida asosiy to‘siqlarning olib tashlanishi uzoq kutilgan qayta qurish va taraqqiyot, shuningdek, hayotiy muhim infratuzilmani tiklash imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida, majburan ko‘chirilgan suriyaliklarning munosib va xavfsiz tarzda vataniga qaytishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi», degan Suriya bosh diplomati.

Tramp sanksiyalarni yengillashtirish niyatini may oyida Yaqin Sharqqa qilgan safari chog‘ida bildirgan edi.

Foto: Saudi Press Agency

Tramp o‘sha safarda Ahmad Ash-Shar’a bilan Saudiya Arabistonida uchrashgan va uni «qat’iyatli» va «jozibador» deb ta’riflagan edi.

Qanday sanksiyalar bekor qilindi?

Tramp farmoni bilan Suriyaga qarshi kiritilgan quyidagi sanksiyalar bekor qilindi:

·       13338 (2004) – Suriya davlat mulklarini bloklash;

·       13572 (2011) – Inson huquqlari buzilganligi uchun shaxsiy sanksiyalar;

·       Caesar Act – 2019 yildan boshlab suriyalik amaldorlar va ularning iqtisodiy sheriklariga nisbatan jazo choralari;

·       Bundan tashqari, AQSh Savdo vazirligi Suriya uchun eksport nazoratlarini yumshatadi hamda kimyoviy qurollar bo‘yicha avvalgi qonun asosidagi sanksiyalarni 20 kun ichida bekor qilishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, farmonda Bashar al-Asad davridagi jinoyatlar unutilmasligi hamda inson huquqlari buzilishiga doir sanksiyalar qolishi aytilgan.

Yangi farmon bilan endilikda butun Suriya xalqi emas, balki quyidagi toifadagi shaxslar sanksiyaga tushadi:

·       Asad rejimining sobiq amaldorlari va ularning moliyaviy sheriklari;

·       Kaptagon narkotigining ishlab chiqaruvchilari va tashuvchilari;

·       AQSh fuqarolarining g‘oyib bo‘lishiga aloqador shaxslar;

·       Terrorchilikda ayblanganlar va ularning yaqin qarindoshlari.

AQSh Moliya vazirligining bildirishicha, 518 nafar shaxs va tashkilot sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlangan, biroq ba’zi jazolar darhol bekor qilinmaydi.

Masalan, Tramp AQSh agentliklariga Suriya fuqarolariga qarshi urush jinoyatlari bilan bog‘liq «Caesar Act» ostidagi sanksiyalarni bekor qilish mezonlariga amal qilinayotganini aniqlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Demokrat Kongress a’zosi Ilhan Omar va respublikachi Anna Paulina Luna ushbu haftada Suriyaga uzoq muddatli yengillik ta’minlovchi sanksiyalarni qonuniy yo‘l bilan bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Joriy yil may oyida Yevropa Ittifoqi ham Suriyaga nisbatan barcha iqtisodiy sanksiyalar, jumladan uning 24 ta tuzilmasi hamda Markaziy bankini ham «qora ro‘yxat»dan chiqargan edi.

Ahmad ash-Shar’aning maqomi

Donald Tramp shuningdek, farmon bilan AQSh davlat kotibi Marko Rubioga Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a va Hay’at Tahrir ash-Shom guruhiga berilgan terrorchilik tashkiloti maqomini ko‘rib chiqishni buyurdi.

Shuningdek, Tramp al-Shar’a rahbarlik qilayotgan «al-Nusra jabhasining» (hozirgi Hsh) «xorijdagi terrorchi tashkilot» sifatidagi maqomini ham ko‘rib chiqishni buyurdi.

Suriyaning hozirgi prezidenti Ahmad ash-Shar’a boshchilik qilgan guruh, dastlab Al-Nusra, deb nomlangan hamda al-Qoida qanoti bo‘lgan. Keyinroq, ash-Shar’a 2016 yilda bu guruh bilan aloqalarni uzgan. Shundan so‘ng ular boshqa isyonchi guruhlar bilan qo‘shilib, «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni tashkil qilgan. Ahmad ash-Shar’a, 2024 yil dekabr oyida Bashar Asadni ag‘darishga rahbarlik qilgan isyonchilar hujumidan avval, Idlibdagi guruhlarning norasmiy yetakchisi bo‘lgan.

Sanksiyalarning bekor bo‘lishi Suriyaga nima beradi?

Suriyaga nisbatan AQSh tomonidan joriy etilgan moliyaviy jazolar, 2011 yildagi fuqarolar urushi boshlanishidan oldin ham amal qilgan. Avvalgi hukumatning inson huquqlarini buzish holatlari bilan bog‘liq sanksiyalar rekonstruksiya jarayonlarini izdan chiqargan va Asad davridagi Suriya iqtisodiyotini tanazzulga olib kelgan edi.

Al-Jazeera muxbiri Mayk Xanna bu yengilliklarni «keng qamrovli va muhim qadamlar» deb baholab, Tramp ma’muriyatining Suriyani qayta tiklash yo‘lidagi jiddiy harakati sifatida ko‘rsatdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, sanksiyalar yumshashi bilan Suriyaning import-eksport faoliyati, energetika sektori va moliya tizimi tiklana boshlashi mumkin. Bunday ochilish Eron, Iroq va Turkiya bilan iqtisodiy aloqalarga ijobiy ta’sir qiladi.

Yangi rahbariyatga AQSh tomonidan berilgan bu «siyosiy ishonch krediti» — Suriya uchun xalqaro maydonga qaytish imkoniyatini beradi. Bu BMT doirasidagi muzokaralarda Damashqning pozitsiyasini kuchaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, Suriya AQSh bilan aloqalarni yaxshilasa, bu Moskva va Tehronning Damashq ustidagi mutlaq nazoratini cheklaydi. Tramp ma’muriyati ehtimol aynan mana shu geopolitik tafovutdan foyda ko‘rishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid