O‘zbekiston | 15:31 / 01.07.2025
4044
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston O‘zbekiston tomonidan berilgan yer uchastkalarini rasmiylashtirishni yakunladi

O‘sh viloyatiga tutash hududdagi ikkita uchastka: Qora-Suv tumanidagi 100 gektar, Aravon tumanidagi 200 gektarga yaqin yer davlat mulkiga qabul qilindi.

Qirg‘iziston hukumati qo‘shni O‘zbekiston hokimiyati tomonidan berilgan ikkita yer uchastkasini davlat mulkiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Tegishli hujjat 7 kundan keyin kuchga kiradi, deb yozdi 24.kg.

Foto: Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili

Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 3 noyabrda imzolangan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni amalga oshirish doirasida shunday qaror qabul qildi.

Bunda gap chegaradosh O‘sh viloyatidagi ikkita uchastka haqida ketmoqda. Ulardan birinchisi, 100 gektar maydonga ega, Qora-Suv tumanida № 312/4 va 312/6 chegara punktlari oralig‘ida joylashgan. Ikkinchisi 200 gektarga yaqin maydonga ega, Aravon tumanidagi 324 va 328-sonli punktlar oralig‘ida joylashgan.

Qirg‘iziston hukumati qaroriga ko‘ra, Yer resurslari, kadastr, geodeziya va kartografiya agentligi mamlakat prezidentining O‘sh viloyatidagi vakili bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu obektlarni inventarizatsiyadan o‘tkazib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi kerak.

Qora-suv va Aravon tumanlari ma’muriyatiga ushbu yer uchastkalarini tegishli ravishda Qora-Suv va Kerme-Too ovullariga bepul berish, shuningdek, resurslardan maqsadli foydalanishni ta’minlash topshirilgan. Farmonning mazkur bandlari mahalliy budjetlar hisobidan amalga oshiriladi.

Mutaxassislarga davlat chegarasini belgilash jarayoni yakunlanganidan so‘ng yangi ma’muriy chegaralar xaritasini tayyorlash va hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish vazifasi yuklangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil boshida Qirg‘iziston va O‘zbekiston umumiy davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini rasman yakunlagan edi. 27 yanvar kuni ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov tegishli shartnomani ratifikatsiya yorliqlarini almashdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi shartnomada umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘i, jumladan, qo‘shma chegaraning 35 ta uchastkasi belgilangan. O‘zbekiston Andijon/Kampirobod suv omboridan 4957 gektar va to‘g‘onga texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘riqlash maqsadida qo‘shimcha 19,5 gektar maydonni oldi. Qirg‘iziston Andijon suv omborining chap qirg‘og‘ida qurilishi tugallanmagan Kampirobod kanali uchun kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylov va «G‘ovasoy» uchastkasidan 12849 gektar yer oldi.

Mavzuga oid