Jahon | 20:10 / 30.06.2025
1258
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Yevropaning 15 ta OAV saytlariga kirishni chekladi

Moskva shu orqali Lenta, NewsFront, RuBaltic va boshqa nashrlarga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga javob qaytardi.

Foto: mskagency.ru

Rossiya Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga javoban o‘z hududiga YeIning 15 ta ommaviy axborot vositasiga kirishni cheklab qo‘ydi. Bu haqda RF TIV ma’lum qildi. Idora kirish cheklangan resurslar ro‘yxatini keltirmadi.

«Rasmiy Bryussel va YeIga a’zo davlatlarning poytaxtlari bir necha bor Rossiya OAVga qarshi yo‘naltirilgan taqiqlar hamda asossiz cheklovlar, shuningdek, siyosiy sabablar bilan qo‘llangan boshqa repressiya shakllari RF tomonidan tegishli javobsiz qolmasligi to‘g‘risida ogohlantirilgan edi», - deyiladi TIV bayonotida.

Ushbu choralar Eurasia Daily, Fondsk, Lenta, News Front, Rubaltic, South Front, Strategik madaniyat fondi, «Krasnaya zvezda»ga qarshi sanksiyalarga javoban qabul qilingan. Yuqorida nomlari sanab o‘tilgan OAVga qarshi cheklovlar YeI tomonidan fevral oyida Rossiyaga qarshi qabul qilingan sanksiyalarning 16-paketidan o‘rin olgan edi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni 2026 yil 31 yanvarga qadar uzaytirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ushbu sanksiyalar savdo, moliya, energetika, texnologiya va ikki maqsadli tovarlarni, shuningdek, sanoat, transport va hashamatli buyumlarni cheklashni o‘z ichiga oladi.

Hozirda YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini muhokama qilmoqda. 26 iyun kuni Bryusselda o‘tkazilgan sammitda Slovakiya qarshi chiqqani bois uni tasdiqlab bo‘lmadi.

Mavzuga oid