Jahon | 19:42 / 30.06.2025
2561
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning sobiq adliya vaziri 9 yilga qamaldi

Marat Beketayev firibgarlik, yirik hajmdagi o‘g‘irlik, tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish holatlari bo‘yicha tergov qilingan.

Foto: Tengrinews

Qozog‘istonning sobiq adliya vaziri Marat Beketayev mol-mulki musodara qilingan holda 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rasmiy vakili Doniyor Bigaydarov ma’lum qildi, deb yozdi Kursiv.

– Sobiq adliya vaziri Beketayevning jinoiy ishi firibgarlik, ayniqsa, yirik hajmdagi o‘g‘irlik, tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish holatlari bo‘yicha tergov qilindi, – dedi Bigaydarov.

U tergov tafsilotlarini keltirmadi, chunki jinoiy ish maxfiylashtirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi xodimlari Marat Beketayevni 2023 yil oktyabr oyida qo‘lga oldi. Sobiq amaldor (2016-2022 yillarda Adliya vazirligi rahbari lavozimida ishlagan) xorijga noqonuniy olib chiqilgan mulklarni topish va qaytarish ishi doirasida hibsga olingan.

«U keraksiz xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yillik shartnomalar tuzib, shu’ba kompaniya manfaatlarini himoya qilgan va bu bilan davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan», deyilgan edi agentlik xabarida.

Bir necha kundan so‘ng Bosh prokuror o‘rinbosari Aset Chindaliyev jurnalistlarga Beketayev Qozog‘istondan qochishga uringan vaqtda qo‘lga olinganini aytdi.

Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari Adliya vazirligining sobiq rahbari Bolashak Consulting Group ishiga aloqador ekani haqida yozdi. Jumladan, Beketayev dastlab bu ishda guvoh sifatida, keyinchalik ayblanuvchi sifatida ishtirok etgan. Ushbu kompaniya aktivlarni xorijga noqonuniy chiqargan.

Mavzuga oid