Jahon | 21:28 / 30.06.2025
1287
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh prokuraturasi Rossiyaga aloqador firibgarlarni tibbiy sug‘urta tizimidan 1 mlrd dollar o‘g‘irlaganlikda aybladi

Jinoiy guruh a’zolari AQShdagi milliondan ortiq odamning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va qimmat tibbiy uskunalarni qo‘lga kiritish uchun ularning nomidan soxta so‘rovlar yuborgan.

Foto: Zuma/TASS

Nyu York federal prokurorlari Medicare tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq keng ko‘lamli firibgarlik ishlariga aloqador Rossiya, AQSh va boshqa mamlakatlarda joylashgan transmilliy jinoiy guruhning 11 ishtirokchisiga ayblov e’lon qildi. Ular AQShdagi milliondan ortiq odamning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlagan. 2022 yil avgustdan beri sxema ishtirokchilari o‘nlab Amerika kompaniyalarini sotib olgan va ular nomidan qimmat turadigan tibbiy asbob-uskunalariga to‘lovni amalga oshirish uchun soxta so‘rovlar rasmiylashtirgan.

Firibgarlik holati 400 ming amerikalikning sug‘urtasi bo‘yicha g‘alati operatsiyalar payqalganidan keyin aniqlangan — go‘yoki ularga tibbiy uskunalar yetkazib berilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uch yil davomida firibgarlar 10,6 milliard dollardan ortiq to‘lovlarni qo‘lga kiritish uchun soxta arizalarni berib kelgan. Medicare xodimlari ko‘plab noto‘g‘ri to‘lovlarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan, ammo guruh qariyb 1 milliard dollarni o‘g‘irlashga ulgurgan.

Firibgarlar qo‘lga kiritilgan mablag‘larni xorijga olib chiqib ketgan. Singapur, Xitoy, Turkiya, Pokiston va Isroildagi hisobraqamlar va soxta kompaniyalar, shuningdek, kriptovaluta tranzaksiyalari orqali pul yuvilgan. Konnektikut federal prokuraturasi 28 ta bank hisobraqamiga joylashtirilgan 17 million dollarni musodara qilish bo‘yicha da’vo kiritgan.

Ayblanuvchilarga sog‘liqni saqlash sohasidagi elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda firibgarlik sodir etganlik ayblovi qo‘yilgan. Ular orasida Rossiyada yashayotgan Imom Nahmatullayev ham bor — tergov uni «tashkilot rahbari» deb atagan. Shuningdek, Estoniya fuqarolari Svyatoslav Yakovlev, Erik Yurgens, Yaan Yurgens, Ilya va Yuriy Karunas, Renek Tiku, Vladislav Turaskin va Vyacheslav Zogolev ham gumonlanuvchilar ro‘yxatida. Chexiya fuqarosi Kevin Valdhans va AQSh fuqarosi Jyeyson Onufriyenko ham mazkur ish bo‘yicha tergov qilinyapti.

Sud hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning Rossiya fuqaroligi ham bo‘lgan. Guruh a’zolarining deyarli yarmi jinoiy faoliyatini Nyu Yorkdan amalga oshirgan. Tergov ularni hibsga olishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganida guruh rahbariyati firibgarlarga Amerikani Meksika orqali zudlik bilan tark etishini buyurgan.

Mavzuga oid