«Otaxon» Tramp uchun sammit. NATO davlatlari nimaga kelishib oldi va bu Ukraina uchun nimani anglatadi?
Marko Rubio NATOga a’zo davlatlarning har yilgi uchrashuvini «Tramp sammiti» deb atashni taklif etdi. Rubioning bu bahosi bilan bahslashish qiyin. Haagadagi tadbirga ko‘p oylardan buyon sinchkovlik bilan tayyorgarlik ko‘rib kelindi, aftidan, bundan yagona maqsad – AQSh prezidentini xursand qilish edi. BBC bunga qanchalik erishilgani haqida hikoya qildi.

25 iyun kuni kechqurun Donald Tramp OAV vakillari bilan to‘lib-toshgan zalga chiqqanida, bunga shubha qolmadi: u uchrashuv natijalaridan juda mamnun edi. AQSh prezidenti hazil qildi, iliq qabul uchun Niderlandiyani alqadi (ayniqsa, mahalliy daraxtlarga yuqori baho berildi) va jurnalistlarga Eron bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar haqida so‘zlab berdi.
Mark Ryutte (bu uning NATO bosh kotibi sifatida ilk sammiti edi) ham Trampni ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Alyans rahbari lavozimiga u turli odamlar, jumladan, Tramp bilan ham til topisha oladigan amaliyotchi sifatida kelgandi. Ryutte bunday reputatsiyaga munosib bo‘lishga harakat qildi.
NATO mamlakatlari rahbarlari yig‘ilishi boshlanishidan oldin AQSh prezidenti bosh kotib o‘ziga «qadrli Donald» deb murojaat etgan va shunday so‘zlar yozilgan shaxsiy xabarni namoyish etdi: «Siz o‘nlab yillar mobaynida Amerikaning BIRORTA prezidenti uddalay olmagan ishni uddaladingiz».
Gap sammit a’zolarining mudofaa uchun xarajatlarni oshirish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishgani haqida ketmoqda. «Yevropa KATTA MIQDORda to‘laydi, shunday bo‘lishi ham kerak edi va bu sizning g‘alabangiz», – deya yozgan bosh kotib.
Ryutte BBC uchun bergan izohida bu xabari ommaga e’lon qilinishidan noqulay ahvolga tushmaganini bildirgan. «Mutlaqo xijolatpazlik yo‘q. Chunki bu xabardagi gaplarning barchasi – haqiqat», – deya javob qaytargan u.

Andrew Harnik/Getty Images
Keyinroq, muxbirlar qarshisida ekanida Ryutte bu pozitsiyasini davom ettirib, Trampning metaforasiga taqlid qilgan holda AQSh prezidentini ba’zida urushayotgan bolalarini ajratishiga to‘g‘ri keladigan «otaxon» deb atadi.
NATO bosh kotibidan bunday iboralarni eshitishga odatlanmagan jurnalistlar yakuniy matbuot anjumanida Ryuttedan oshkora xushomad sababini so‘rashdi. Bu did masalasi, lekin umuman olganda, Tramp – yaxshi do‘st», – deya javob bergan u.
Ittifoqchilar (hozircha hamma emas) xarajatlarni oshirishga tayyor
Trampning sammitdagi ajoyib kayfiyatining asosiy sababi aniq edi: Vashington NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini 5 foizgacha oshirish majburiyatini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Mudofaa xarajatlari masalasi Vashington uchun 10 yildan ortiq vaqtdan beri g‘ashni keltiruvchi masala bo‘lib qolmoqda. 2014 yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin belgilangan, yalpi ichki mahsulotning 2 foizi miqdoridagi oldingi miqdorga Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan keyin ham alyansning barcha davlatlari erisha olmadi. Tramp ma’muriyati esa Yevropa mudofaa masalalarida AQShga juda uzoq vaqt ishonib kelganini va endi o‘z xavfsizligi uchun o‘zi to‘lashi kerakligini aytmoqda.
Mark Ryutte Haagadagi sammitga qadar alyansning barcha mamlakatlarini AQSh talab qilayotgan 5 foizga rozi bo‘lishga ko‘ndirish uchun bir necha oy sarfladi. Uchrashuv arafasida Ispaniya hukumati bu g‘oyani muvaffaqiyatsizlik yoqasiga olib kelgandi: bosh vazir Pedro Sanches o‘z mamlakati bunday majburiyatlarni olishdan qat’iyan bosh tortishini aytdi.
Sammit boshlanishidan atigi bir kun oldin yakuniy deklaratsiya ta’rifi o‘zgarishi tufayli Madriddan 5 foiz xarajat qilish majburiyatini olib tashlagan murosa e’lon qilindi. Mojaroning oldi olindi, ammo Ispaniyadan keyin boshqa ittifoqchilar yon berishni so‘rashi mumkin: Belgiya hukumati allaqachon alyansning «moslashuvchanligi»ga umid qilayotganini e’lon qildi.
Tramp matbuot anjumanida o‘z fikrlarini ayamadi. U Ispaniyani «to‘lashdan bosh tortayotgan» yagona davlat deb atadi: «Menimcha, ular juda yomon ish qilishdi». Tramp agar Madrid murosaga kelmasa, AQSh bunga savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar doirasida tariflarni oshirish orqali javob qaytarishi bilan tahdid qildi.

EPA/Shutterstock
Bu fonda uzoq vaqtdan beri Rossiyaning imperialistik ambitsiyalari qayta tiklanishi xavfini his qilayotgan va shuning uchun mudofaa xarajatlarini faol ravishda oshirayotgan NATOning «sharqiy qanoti» vakillarining his-tuyg‘ulari qarama-qarshi edi.
«Putin gigantni uyg‘otdi... Bir necha yil o‘tgach, Rossiya mudofaani moliyalashtirish bo‘yicha [biz bilan] raqobatlashishi qiyin bo‘ladi va bu 80-yillarda sovet ittifoqi bilan bo‘lgani kabi bo‘ladi», – dedi Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy NATO sammiti doirasidagi tadbirlardan birida.
Albatta, NATOning Yevropa mamlakatlari mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishining o‘zi, kelgusi budjet yilidayoq ular o‘z mudofaa qobiliyatlarini oshirishda sakrashni amalga oshiradi, degani emas. Boshqacha aytganda, pul nafaqat ajratilishi, balki oqilona sarflanishi ham kerak.
Shu sababli, Haaga sammiti maydonlarida Ukrainada davom etayotgan urushdan, xususan, dronlar va sun’iy intellektni ishlab chiqarish va harbiy harakatlarda qo‘llashdan tajriba orttirishga chaqirishdi.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen esa Yevropa mamlakatlarining harbiy-sanoat majmualari tinchlik davrida ham to‘liq kuch bilan ishga tushirilishi kerakligini ta’kidladi. Hozircha esa bu sodir bo‘lmadi – ular Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari bilan hamkorlik qilishi kerak, ayniqsa Kiyev hozir G‘arb hamkorlarini o‘z «mudofaasi»ga faol jalb qilmoqda.
Qanday bo‘lmasin, yakunda sammit deklaratsiyasiga barcha ishtirokchi davlatlar imzo chekdi. Ular shunday qarorga kelishdi: kelajakda NATO mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining kamida 3,5 foizini to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy maqsadlarga: qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va armiyalarni saqlashga sarflashi kerak. Yana 1,5 foizi qo‘shimcha maqsadlarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan: muhim infratuzilma va tarmoqlarni himoya qilish, innovatsiyalar va, masalan, «fuqarolik tayyorgarligi va barqarorligi»ni mustahkamlash – bu juda noaniq ta’rif bo‘lib, natijada mamlakatlar infratuzilma uchun har qanday xarajatlarni qo‘shimcha 1,5 foizga «yozib qo‘yishi»ga olib kelishi mumkin.
Yakuniy hujjat, sammitning o‘zi kabi, noodatiy qisqa bo‘ldi. Jurnalistlar buni Tramp omili bilan ham izohlashdi: tashkilotchilar barcha keskin burchaklarni chetlab o‘tishga, xususan, Rossiyaga nisbatan keskin formulirovkalardan qochishga harakat qilishdi.
Masalan, «urush» so‘zi yakuniy deklaratsiyada yo‘q – o‘tgan yilgi kommyunikeda Rossiya 40 martadan ko‘proq tilga olingandi. Unda Rossiya «Ukrainadagi tajovuzkor urush» uchun yakka o‘zi javobgar ekani va «alyans uchun eng muhim va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» bo‘lib qolayotgani haqida so‘z borgan.

Kevin Dietsch/Getty Images
Ammo shunisi e’tiborga loyiqki, hozirgi kommyunikega ko‘ra, Ukraina armiyasiga harbiy yordam ham mudofaa uchun maqsadli xarajat hisoblanadi.
Deklaratsiyada Kiyevni qo‘llab-quvvatlash haqida eslatma bo‘lishiga ishonch yo‘q edi: Ukraina Haagadagi sammit arafasida noaniqlik muhitida qolayotgan edi.
Ukrainaning «kishibilmas» muvaffaqiyati
Sammit natijalari Kiyev kutganidan ancha yaxshi bo‘ldi, dedi BBC’ning Ukraina delegatsiyasidagi manbasi.
Birinchi navbatda, uchrashuvdan dastlabki kutilmalar ancha past darajada bo‘lgani uchun.
Ukrainadagilar joriy yig‘ilishning yakuniy kommyunikesi NATOning o‘tgan yilgi Vashingtondagi sammiti deklaratsiyasini eslatmasligini juda yaxshi tushunishgan. Unda Ukraina o‘nlab marta tilga olingan va uning alyansga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘li «qaytmas» ekani aytilgandi.
2025 yilda bunday balandparvoz ta’riflarni hech kim kutmagandi. AQSh prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasi bosqichidayoq Ukrainaga ham, NATOga ham shubha bilan qarashini yashirmadi.
Fevral oyida Oval kabinetdagi tortishuvdan so‘ng Zelenskiy va Tramp munosabatlarni tiklashga muvaffaq bo‘lgandek ko‘rinmoqda, ammo AQSh prezidenti Vladimir Putinga bo‘lgan xayrixohligini yashirmayapti va vaqti-vaqti bilan Rossiya propagandasi ruhidagi iqtiboslar bilan chiqish qilmoqda.
Haagadagi butun sammit Donald Tramp o‘zini maksimal darajada qulay his qiladigan tarzda tashkil etilgan bir paytda, Ukrainaning ushbu tadbirda ishtirok etishi deyarli so‘nggi daqiqalargacha so‘roq ostida edi.
Yakunda esa Ukraina delegatsiyasi Niderlandiyadan juda yaxshi kayfiyatda jo‘nab ketdi.
«Ukraina uchun Haaga sammiti shov-shuvli g‘alaba emas, balki sokin muvaffaqiyat bo‘ldi», – deydi BBC uchun bergan izohida Yevropa kengashining xalqaro munosabatlar bo‘yicha eksperti Leo Litra.

Bloomberg via Getty Images
«Haaga muzokaralaridagi muhit yaxshi edi. Alyans a’zolari o‘rtasida biz uchun muhim bo‘lgan masalalar bo‘yicha mustahkam konsensus shakllanayotgani sezildi: Ukraina tinchlikka sodiq, tinchlik yo‘lidagi to‘siq esa Rossiya, Ukrainani bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash, uning harbiy-sanoat majmuasiga investitsiyalarni ko‘paytirish, Moskvaga nisbatan sanksiyalar va siyosiy bosimni kuchaytirish kerak», – deya ta’riflaydi BBC’ning Ukraina delegatsiyasidagi manbasi Gaagadagi kayfiyatni.
Aniq natijalar haqida gap ketganda, birinchidan, deydi Leo Litra, Kiyevning shubhasiz muvaffaqiyati shundaki, Ukraina aslida NATO budjetiga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Yevropa davlatlari Ukrainaning mudofaa qobiliyatini oshirish xarajatlarini mashhur «Haaga besh foizi»da hisobga olishlari mumkinligi sababli, Kiyev nazariy jihatdan Rossiya tomonidan unga qarshi boshlangan urushni moliyaviy yostiq bilan ta’minlashga imkon beradigan mablag‘larga ega bo‘ladi.
«Yaxshi tomoni shundaki, Yevropaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan bu yordami bundan buyon u yoki bu mamlakatdagi saylovlarga, ichki siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lmaydi. Endi u deyarli texnik darajada ajratiladi», – deydi Litra.
Albatta, bu borada ukrainalik diplomatlar yangi chaqiriqlarga duch kelishadi, ular yevropalik hamkorlarga o‘z mablag‘larini aynan nimaga sarflashi mumkinligi haqida ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi. Ammo bu boshqa masala va unga javob berish haqida Ukraina hukumati qayg‘urishi kerak bo‘ladi.
BBC’ning Ukraina delegatsiyasidagi manbasiga ko‘ra, Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishida Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshqa vazirlarga shunday degan: deklaratsiya – yaxshi, lekin haqiqiy ish endi boshlanadi.
«Chunki bu narsalarni real yechimlarga, real shartnomalarga, budjet dasturlariga, qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga, sanoatlarni unifikatsiya qilish va muvofiqlashtirishga o‘tkazish kerak bo‘ladi», – deydi manba.

Oliy Radaning xavfsizlik, mudofaa va razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rinbosari Yegor Chernevning BBC’ga aytishicha, Haaga sammitining ikkinchi muvaffaqiyati shundaki, hatto tadbirning o‘ta qisqa kommyunikesida ham Ukrainani tilga olish va alyansning uni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi uchun joy topildi.
Bundan tashqari, davom etadi u, NATO to‘g‘ridan to‘g‘ri «uzoq muddatli tahdid» deb ataydigan Rossiya uchun ham joy topilgan (shu tariqa sammit arafasida muhokama qilingan «vegetariancha» «dushman» formulirovkasidan voz kechildi).
Uchinchidan, deydi BBC suhbatdoshlari, Ukraina NATO bilan yaqinlashish masalasida status-kvoni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda NATO eshiklari Kiyev uchun qanchalik keng ochilgani haqidagi tarixiy qarorlar va keskin ta’riflarni kutishmadi.
Rasmiy nuqtayi nazardan, Ukrainaning kelajakdagi alyansga a’zoligi to‘g‘risida yangi kirish hujjatlarining yo‘qligi Vashington kommyunikesi o‘z kuchida qolishini anglatadi, unda esa Kiyevning NATOga yo‘li «ortga qaytmas» deb atalgan.
Ha, NATOda hozirda Kiyevning kelajakdagi a’zoligini kafolatlash masalasida konsensus yo‘q, deydi BBC suhbatdoshi. Ammo xuddi shunday, Ukrainaning alyansga qo‘shilishining ortga qaytmasligi haqidagi formulirovkani bekor qilish uchun konsensus va sabab yo‘q va bu ko‘proq Kiyev uchun yaxshi yangilikdir.
Nihoyat, BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiyning Donald Tramp bilan uchrashuvi rejalashtirilganidan ko‘ra uzoqroq davom etganini ham Kiyev o‘z hisobiga yozib qo‘yishi mumkin.
«Bu yaxshi, konstruktiv, uzoq davom etgan uchrashuv bo‘lib, unda ko‘plab muhim masalalar muhokama qilindi», – deydi BBC’ning Ukraina delegatsiyasidagi manbasi.

Ukraina va Amerika prezidentlarining muzokaralari tafsilotlari hozircha oshkor qilinmadi.
Shu bilan birga, BBC’ning Ukraina prezidenti ofisidagi manbasi ma’lum qilishicha, ushbu suhbat chog‘ida Volodimir Zelenskiy Donald Trampga rossiyaliklarning jang maydonidagi qo‘shinlari «muvaffaqiyatlari» haqidagi bayonotlari juda bo‘rttirilganini ko‘rsatadigan xaritalarni namoyish etgan.
Bundan tashqari, kichik muzokara stoli atrofida Zelenskiy amerikalik hamkasbiga yaqinda halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini almashish chog‘ida rossiyaliklar ukrainlarga rus askarlarining qoldiqlarini topshirganini isbotlovchi dalillarni ko‘rsatgan.
«Eringiz hozir askarmi?»
Volodimir Zelenskiy Donald Trampning dunyodagi vaziyat bo‘yicha kartinasini qandaydir tarzda o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Yakuniy matbuot anjumanida Trampga Eron yadroviy dasturidan «asar ham qoldirmagan jasur amerikalik uchuvchilarning noyob muvaffaqiyati» haqida gapirish ko‘proq yoqishi ma’lum bo‘ldi, ammo u Ukraina bo‘yicha ham bir necha savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi.
Birinchidan, prezident Ukraina-Rossiya urushini 24 soat ichida tugatish haqidagi saylovoldi va’dalari «istehzo» ekanini tan oldi.
Ikkinchidan, Trampning Haagadagi ritorikasi Volodimir Zelenskiydan ko‘ra Vladimir Putinga nisbatan keskinroq edi. AQSh prezidenti Putinni «yo‘ldan adashgan» deb atagan bo‘lsa, matbuot anjumanining boshqa bir joyida shunday dedi: «Vladimir Putin bu urushni tugatishi shart».

Donald Tramp matbuot anjumanining eng hayajonli lahzasi BBC Ukraina xizmati muxbiri Miroslava Petsaning AQSh prezidentidan AQSh Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlarini sotishga tayyormi, deb so‘ragan savoli bo‘ldi.
Bu komplekslar – ehtimol, dunyodagi eng yaxshilaridan biri – Kiyev Vashingtondan yevropalik hamkorlari yordamida sotib olishni xohlaydigan Amerika qurollari nomenklaturasiga kiradi. Zelenskiyning aytishicha, bir necha hafta oldin Kiyev Vashingtonga istalgan xaridlar ro‘yxatini bergan, ammo okean ortidan hech qanday javob kelmagan.
Kiyevda Qo‘shma Shtatlarning Ukrainaga hatto pul evaziga ham qurol berishdan bosh tortishi halokatli ssenariy bo‘lmasa-da, Ukraina armiyasining harbiy harakatlarini olib borishini juda qiyinlashtiradigan voqealar rivoji deb ataladi.
Hozir bu savolga javobni Trampning o‘ziga berishni taklif qilishdi.
«Siz hozir Ukrainada yashayapsizmi?» – deb so‘radi Tramp savol bergan jurnalistdan. «Erim o‘sha yerda, men esa bolalarim bilan Varshavada, chunki u shuni xohladi», deb javob berdi u.
«Eringiz hozir askarmi?» – deb so‘radi sezilarli darajada xafa bo‘lgan AQSh prezidenti va ijobiy javob olgach, davom etdi: «Ukraina haqiqatan ham Patriot raketaga qarshi tizimlariga ega bo‘lishni xohlaydi. Ko‘ramiz, ulardan ba’zilarini foydalanishga bera olarmikinmiz. Ularni olish juda qiyin. Ular o‘zimizga ham kerak. Biz ularni Isroilga yetkazib beryapmiz va ular juda samarali, ular qanchalik samarali ekanini tasavvur qilish qiyin... Sizga omad tilayman. Va eringizga salom ayting».
Bu uzoq javobdan Ukrainaning o‘zi orzu qilgan Patriot tizimlariga yaqin orada ega bo‘lish imkoniyati bor-yo‘qligi unchalik tushunarli emas. Ammo Tramp Kiyevga kelajakda qurol-yarog‘ bilan yordam berish haqidagi savolga qat’iy «yo‘q» deb javob bermadi.
Mavzuga oid

21:45
Rossiya dronlari yana Ukrainadagi harbiy komissariatlarga hujum qilmoqda

21:20
Sergey Lavrov Ukrainadagi urushni tugatish uchun ikkita asosiy shartni aytdi

18:21
«Biz turgan joyga 3 ta raketa tushib, 30 askar halok bo‘ldi» – Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlik qamaldi

17:10