Jahon | 14:52 / 28.06.2025
2345
10 daqiqa o‘qiladi

Raqamli xizmatlar solig‘i – AQSh va Kanada o‘rtasida yangi savdo urushi xavfi yuzaga keldi

Prezident Donald Tramp AQSh texnologiya kompaniyalariga yangi raqamli xizmatlar solig‘i joriy etilishi sababli Kanada bilan darhol muzokaralarni to‘xtatdi. Tramp bu soliqlarni «ochiqchasiga hujum» deb atadi va Kanada qanday boj to‘lashi haqida yangi shartlar yuborish bilan tahdid qildi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni G7 yetakchilari sammitiga kelgan AQSh prezidenti Donald Trampni kutib olmoqda. 2025 yil 16 iyun, Alberta. Foto: Stefan Russo / Pool via REUTERS

Savdo urushi boshlanishi sabablari

AQSh prezidenti Donald Tramp 27 iyun kuni Kanada bilan barcha savdo muzokaralari «darhol kuchga kirgan holda» tugatilishini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida Kanadaning AQSh yirik texnologiya kompaniyalaridan raqamli xizmatlar uchun soliq yig‘ishni boshlash rejasi ko‘rsatilgan.

Tramp bu soliqlarni «ochiqchasiga hujum» deb atadi va ijtimoiy tarmoqlarda, AQSh bilan savdo qilish uchun Kanada qanday boj to‘lashini u kelasi yetti kun ichida ma’lum qilishini aytdi.

«Bizga ma’lum bo‘lishicha, Kanada — savdo qilish juda qiyin mamlakat, xususan ular yillar davomida AQSh fermerlariga sut mahsulotlari uchun 400% gacha boj solgan — hozirgina AQSh texnologik kompaniyalariga raqamli xizmatlar solig‘i joriy etayotganini e’lon qildi. Bu esa bizning mamlakatimizga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiqchasiga hujumdir.

Ushbu g‘ayrioddiy soliq asosida, biz hozirgi paytdan boshlab Kanada bilan barcha savdo muzokaralarini bekor qilamiz. Kanada AQSh bilan savdo qilish uchun qanday boj to‘lashi kerakligini biz ularga keyingi yetti kun ichida ma’lum qilamiz», deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh prezidenti Donald Tramp / Foto: New York Times

New York Times'ning yozishicha, muzokaralarni to‘xtatish orqali Tramp AQSh va Kanada o‘rtasidagi tobora tang bo‘layotgan munosabatlarni yana bir bor izdan chiqardi. Holbuki, Kanada tarixan AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan va eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Bu munosabatlar, Kanadaning yangi bosh vaziri Mark Karni lavozimga kelganidan keyin yaxshilanayotgandek tuyulgan edi. Ammo juma kuni Tramp Kanadani yana «jazoga tortilayotganlar qatoriga» qaytardi. «Bizda barcha karta bor. Iqtisodiy jihatdan biz Kanadaga nisbatan juda katta kuchga egamiz», dedi Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent / Foto: Reuters

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent esa CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSh–Kanada qarama-qarshiligiga ortiqcha urg‘u bermaslikka chaqirdi. U AQSh savdo vakili Jyeymison Grir Kanada raqamli solig‘i bo‘yicha 301-bo‘limga muvofiq tergov ochishini ta’kidladi. Bu esa AQSh kompaniyalariga yetkazilgan, taxminan $2 milliardlik zararni asos qilib, bojlar bilan javob choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Kanada rasmiylari, xususan bosh vazir Mark Karni Trampga qo‘ng‘iroq qilmoqchimi yoki raqamli soliqni yig‘ishdan voz kechmoqchimi – bu boradagi savollarga izoh bermadi. Ammo bosh vazir devoni bayonot berib, Kanada hukumati AQSh bilan ushbu murakkab muzokaralarda mamlakat ishchilari va biznesi manfaatini himoya qilish uchun qatnashishda davom etishini bildirdi.

Kanada hukumati e’lon qilgan bayonotda AQSh bilan savdo kelishuvlari bo‘yicha siljishlarni hisobga olib, bu choralar qanchalik mos va samarali ekani doimiy tahlil qilinishi hamda zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha choralar ko‘rilishi aytilgan.

Kanada bosh vaziri Mark Karni / Foto: AFP

Kanadaning moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan o‘tgan hafta jurnalistlarga bergan intervyusida Kanada hukumati bu soliqni AQSh tomoni bilan «juda batafsil va keng qamrovli muhokamalar» chog‘ida tushuntirib berganini aytgan.

«Biz ushbu muzokaralarni davom ettiramiz va o‘z nuqtayi nazarimizni himoya qilamiz», — degandi Shampan Ottava matbuot anjumanida.

Kanada bilan boshlangan «savdo urushi» Xitoy va AQSh muzokaralarida strategik minerallar oqimini tiklash va boshqa asosiy boj kelishuvlari borasida ijobiy siljishlar qayd etilganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.

Raqamli xizmatlar solig‘i

Raqamli xizmatlar solig‘ini (Digital Services Tax, DST) joriy qilish — Kanada hukumati tomonidan 2024 yilda rejalashtirilgan. Bu soliqlar qudratli texnologik kompaniyalar (Google, Amazon, Meta, Apple va boshqalar) tomonidan Kanadada ko‘rsatilayotgan raqamli xizmatlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kanadaliklar ma’lumotidan foyda ko‘radigan yoki reklama asosida daromad qiladigan barcha xorijiy kompaniyalarni ham qamrab oladi.

Kanada hukumati nazarida, yirik texnologik kompaniyalar Kanadada foyda qiladi, ammo yetarli darajada soliq to‘lamaydi. Shu sababli Kanadada topilgan raqamli daromadga 3% miqdorida soliq belgilanadi.

Hujjat orqaga qarab (retroaktiv) tarzda 2022 yil 1 yanvardan boshlab daromadlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

AQSh texnologiya kompaniyalarini birlashtiruvchi savdo uyushmasiga ko‘ra, shu sababli Qo‘shma Shtatlardagi yirik texnologiya kompaniyalari Kanadaga taxminan 2,7 milliard dollarlik to‘lovlarni amalga oshirishga tayyorlanmoqda.

Bunday xorijiy soliq siyosati, odatda – kompaniyalarning o‘sha davlatdagi onlayn reklama, foydalanuvchi ma’lumotlarini sotish va boshqa raqamli xizmatlardan olgan daromadlariga qaratiladi, hatto ular AQShda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa ham.

Juma kuni Tramp o‘z versiyasidagi raqamli soliq joriy qilgan bir nechta Yevropa davlatlarini ham tanqid ostiga olgandi. Ammo u Yevropa Ittifoqi bilan olib borilayotgan savdo muzokaralarini to‘xtatishni taklif qilmadi.

Kanada bilan boshqa mojarolar

Raqamli xizmatlar solig‘i ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi yagona muammo emas. Turli vaqtlar davomida Tramp AQSh kompaniyalarining Kanada sut mahsulotlari va bank sohasida raqobat qilishdagi to‘siqlardan shikoyat qilgan. Tramp, shuningdek, Kanadani AQShning 51-shtatiga aylantirish g‘oyasini ham bir necha bor tilga olgan, bu esa Kanada rasmiylari tomonidan qat’iyan rad etilgan.

Foto: AFP

«Bu bitim Kanada uchun juda qulay, deb o‘ylayman. Ammo bu ularning tanlovi. Ular ko‘p boj to‘lashadi va himoya gumbazi uchun ham katta mablag‘ to‘lashlari kerak», — degan edi Tramp. Keyinroq u «Golden Dome» nomli havo hujumidan mudofaa tizimiga Kanadani 60-70 milliard dollar evaziga qo‘shishni taklif qilgan.

Kanada – Meksikadan keyin AQSh eng yirik savdo sherigi bo‘lib, AQSh eksportining eng katta xaridorlaridan biri hisoblanadi. Reuters'ga ko‘ra, AQShning o‘tgan yili Kanadaga $349,4 milliardlik mahsulot sotgan, qo‘shnisidan esa $412,7 milliardlik mahsulotlar import qilgan.

Trampning boj siyosati masalasi yana ko‘tarilmoqda

Tramp ko‘p marotaba boshqa mamlakatlarga yuqori stavkali bojlar joriy qilishni va’da qilib, keyinchalik, ayniqsa moliya bozorlari vahimaga tushganda, bu qaroridan qaytgan. Uning navbatdagi tahdidi esa deyarli barcha savdo hamkorlariga nisbatan yangi «o‘zaro teng» boj stavkalarini joriy etishidan oldingi haftalarda yuz berdi.

Tramp va uning yordamchilari dastlabki 90 kun ichida 90 ta savdo bitimini tuzishni va’da qilishgan edi, ammo hozircha bu borada katta yutuqlar qayd etilmagan.

Xususan, AQSh va Kanada shu oy boshida 30 kun ichida – taxminan 20 iyulgacha – yangi savdo bitimiga erishishni rejalashtirayotganlarini e’lon qilgan edi. Trampning Kanada bosh vaziri bilan iliq munosabatlariga qaramay, savdo muzokaralari oddiy kechmayotgani allaqachon sezilgandi.

Foto: Geoff Robins/AFP

Tahlilchilarga ko‘ra, agar Tramp o‘z qarorida qat’iy bo‘lib, Shimoliy Amerikadagi eng boy qo‘shnisiga bojlarni oshirsa, bu har ikki tomonda tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bu holat AQSh kompaniyalari va iste’molchilari uchun import narxlarining oshishiga olib keladi.

Reutersʼning yozishicha, Trampning bu yil qayta hokimiyatga kelganidan beri joriy etayotgan import bojlari ko‘pincha moliyaviy bozorlarni titratib yubormoqda va bu AQSh iqtisodiyotining tayanchi bo‘lgan iste’mol xarajatlariga salbiy ta’sir qila boshladi. Xususan, Kanada bo‘yicha keskin bayonotlari tufayli AQSh fond bozorlarida qisqa muddatli pasayish yuz bergan. Biroq keyinroq S&P 500 va Nasdaq ko‘tarilib, haftani rekord ko‘rsatkichlar bilan yakunladi.

Tramp ma’muriyatining Erondagi yadroviy obektlarga bergan aviazarbasi va Kongressdagi soliq va xarajatlar qonun loyihasi fonida bojlar bir muddat ikkinchi planga tushib qolgan edi. Ammo hozirda savdo muzokaralari yana jonlanmoqda. 

Mavzuga oid