Jahon | 14:55 / 28.06.2025
2012
3 daqiqa o‘qiladi

Kongo DR va Ruanda Vashingtonda tinchlik shartnomasini imzoladi

30 yillik mojaroni hal qilishda vositachi sifatida harakat qilib, Qo‘shma Shtatlar Kongodagi boy foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish huquqini qo‘lga kiritdi, dedi Donald Tramp.

Foto: Mark Schiefelbein/AP/dpa/picture alliance

Afrikaning ikki davlati — Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda tashqi ishlar vazirlari 27 iyun, juma kuni Vashingtonda Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Marosimda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etdi. Endi hujjatni mamlakatlar prezidentlari Pol Kagame va Feliks Chisekedi ham imzolashi kerak.

Imzolangan kelishuv mojaro zonasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish va Ruanda qo‘shinlarini Kongo DR sharqiy qismidan 90 kun ichida olib chiqib ketishni nazarda tutadi, deyiladi Reuters qo‘lga kiritgan hujjat nusxasida. Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, ikki davlat mintaqaviy iqtisodiy integratsiya uchun zamin yaratish majburiyatini ham olgan.

Shartnomaning imzolanishining o‘zi janglar yaqin kelajakda to‘xtaydi, degani emas, deya ta’kidlaydi axborot agentliklari. Gap shundaki, mojaroda faqat shartli ravishda ikki davlat markaziy hukumatlari tomonidan nazorat qilinadigan ko‘plab guruhlar ishtirok etmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp «eng yomon urushlardan birini» tugatishga erishilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar bilan 30 yildan ortiq davom etgan mojaroni hal qilishda vositachi sifatida harakat qilish orqali Qo‘shma Shtatlar Kongo DR foydali qazilmalarining muhim qismini kelajakda o‘zlashtirish huquqiga ega bo‘ldi. Tramp tinchlik kelishuvi buzilgan taqdirda «ham moliyaviy, ham boshqa yo‘llar orqali juda qattiq sanksiyalar» bilan tahdid qilgan.

KDR va Ruanda o‘rtasida kelishuv imzolanganini BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish olqishladi. U buni mintaqada «deeskalatsiyani pasaytirish, tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi muhim qadam» deb atadi va har ikki davlatni o‘z majburiyatlarini «to‘liq bajarishga» chaqirdi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ikki davlat o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanganini olqishladi. U X ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: «AQSh vositachiligi fundamental rol o‘ynaydi. Biz ishonamizki, bu Ukraina zaminida uzoq yillardan beri davom etayotgan shafqatsiz va asossiz urushni tugatishda muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi. Rossiya barcha tinchlik takliflarini rad etishda va diplomatik sa’y-harakatlarga putur yetkazishda davom etmoqda. Bunga chek qo‘yilishi kerak».

Mavzuga oid