Jahon | 22:20 / 28.06.2025
5947
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Ukrainaga ajratilgan qariyb 1 milliard yevro yordam yo‘qolib qoldi – OAV

Ammo mamlakat Mudofaa vazirligi hammasi joyida, deb ishontirmoqda.

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Germaniyaning bu yilgi mudofaa budjeti kutilmaganda Ukraina uchun mo‘ljallangan qariyb 1 milliard yevroni yo‘qotdi.

Bild xabariga ko‘ra, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius yaqinda Ukrainaga kelasi yil uchun yordam 9,2 milliard yevro bo‘lishini aytgan edi. Biroq, 24 iyundagi budjet loyihasida 900 million yevro kam, ya’ni 8,3 milliard yevro ko‘rsatilgan.

Mudofaa vazirligi bu mablag‘ni ikki qismga bo‘ldi: 7,3 milliard yevro allaqachon tasdiqlangan, qo‘shimcha 1,9 milliard yevro rejalashtirilgan. Ammo endi rasmiylarning ta’kidlashicha, hamma narsa allaqachon ko‘rsatilgan 8,3 milliard yevroga kiritilgan.

Germaniya Mudofaa vazirligining tushuntirishicha, farq Yevropa tinchlik jamg‘armasidan keladigan mablag‘lar hisobiga paydo bo‘lgan. «Ya’ni, pul tushishi aniq, lekin u hali budjetda yo‘q», deb yozdi nashr.

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligining bunday bayonotlari Bundestagni sarosimaga soldi. Nashrning ta’kidlashicha, «Yashillar» partiyasi rahbari o‘rinbosari Sebastyan Shefer «vazirlik bu mablag‘larni qayerdan olayotgani noma’lum» dedi. «Ukrainaga va’dalar emas, balki haqiqiy yordam kerak», deb ta’kidladi u.

12 iyun kuni Germaniya Ukrainaga qurol sotib olish uchun yana 1,9 milliard yevro ajratishi ma’lum bo‘ldi. Pistorius so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yordami joriy yilda 7 milliard yevrodan oshadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar imkon qadar tez va samarali amalga oshirilishi kerak.

Mavzuga oid