Jahon | 09:20 / 27.06.2025
11903
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada gaz quvuridan yashirinib o‘tgan askarlarda saraton aniqlangani ma’lum qilindi

Rossiyalik targ‘ibotchi Anastasiya Kashevarova «Potok» operatsiyasida qatnashgan askarlarda o‘pka saratoni aniqlangani haqida xabar berdi. Ular Ukraina qurolli kuchlarini Sudjadan siqib chiqarish uchun gaz quvuri orqali taxminan 15 km masofani bosib o‘tgan.

Foto: Russian Defense Ministry Press Service/AP/picture alliance

Ukraina armiyasining orqa qismiga gaz quvuri orqali kirib borish uchun "Potok" ("Truba" nomi bilan ham tanilgan) operatsiyasida qatnashgan rus askarlariga o‘pka saratoni va o‘pka emboliyasi tashxisi qo‘yildi. Bu haqda 26 iyun, payshanba kuni targ‘ibotchi Anastasiya Kashevarova ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati jabrlanganlarga atigi 100 ming rubl to‘lagan va ularga hech qanday mukofot bermagan.

«O‘pka saratoni uchun 100 ming rubl tovon puli va mukofotlarsiz. Kursk kasalxonalarida jangchilarga «o‘rtacha og‘irlikdagi o‘tkir bronxit» tashxisi qo‘yilgan, ularga itlar kabi 100 ming rubl tashlashgan va ba’zi jangchilarda bu «psevdobronxit» allaqachon o‘pka saratoniga, tromboemboliyaga aylangan», deb yozadi Kashevarova o‘zining Telegram-kanalida.

Ayniqsa, ko‘rsatilgan kasalliklar «harbiy jarohatlar qatoriga kirmagani yoki og‘ir deb tasniflanmagani», buning natijasida jarohatlangan askarlar to‘lovlar ololmasligi targ‘ibotchini g‘azablantirdi. «Kim Bosh shtabda «Potoka» jangchilariga mukofot berishga va ularga pul to‘lashga qarshi, balki ular shaxsiy namuna ko‘rsatishga va gaz quvurida kamida bir-ikki kun o‘tkazishga tayyordirlar?» — dedi Kashevarova.

Joriy yilning aprel oyida «Axmat» maxsus kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Apti Alaudinov Kursk viloyatining Sudja shahrida gaz quvuridan o‘tgan jangchilarning aksariyati hozirda o‘pka bilan bog‘liq muammolar tufayli shifoxonalarda yotganini aytgan edi. «To‘g‘ridan to‘g‘ri bu quvurda o‘tkazgan vaqt ularning ichki organlariga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘pka va nafas olish yo‘llariga haqiqatan ham ta’sir qildi», dedi Alaudinov TASS axborot agentligiga.

"Potok" operatsiyasi 2025 yil mart oyida Ukraina Qurolli kuchlarini Sudjadan siqib chiqarish va shaharni Rossiya Qurolli kuchlari nazoratiga qaytarish maqsadida amalga oshirilgan. Amaliyot doirasida yuzlab rus askarlari 2025 yilning yanvarida foydalanish to‘xtatilgan gaz quvuri orqali taxminan 15 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Mavzuga oid