Jahon | 18:35 / 27.06.2025
6245
9 daqiqa o‘qiladi

Eron fuqaroviy yadro dasturiga 30 milliard dollar sarmoya – AQSh Tehron bilan muzokaralarni tiklamoqchi

Donald Tramp administratsiyasi Eronni muzokaralarga qaytarish maqsadida – uning fuqaroviy yadro dasturini qurishga 30 milliard dollar mablag‘ ajratish, muzlatilgan bank hisoblarini ochish va sanksiyalarni yumshatishni muhokama qilmoqda. Eron esa AQShning uyushtirgan hujumini diplomatiyaga xiyonat deb baholadi va hali muzokaralar boshlanmasligini aytdi.

Foto: The White House

CNN nashri ushbu masala bilan tanish bo‘lgan to‘rt manbasiga tayanib yozishicha, so‘nggi ikki hafta davomida Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvga qaramay, AQSh va Yaqin Sharqdagi muhim shaxslar Eron rasmiylari bilan yashirincha muzokaralar olib borgan. Ushbu muloqotlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin ham davom etgan.

Tramp administratsiyasi rasmiylari bir nechta takliflar ilgari surgan. Takliflar dastlabki bosqichda bo‘lib, hali o‘zgaruvchan, ammo bitta qat’iy shart mavjud: Eron tomonidan uran boyitilishining butunlay taqiqlanishi. Eron esa bu talabga avvaldan qarshilik bildirib kelmoqda.

Biroq CNN'ga ikki manba tomonidan ta’riflangan dastlabki taklif loyihasida Eron uchun bir nechta imtiyozlar nazarda tutilgani aytiladi.

Manbalarga ko‘ra, 21 iyun kuni – AQSh Eron yadro obektlarini bombardimon qilishidan bir kun oldin, Oq uyda AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Fors ko‘rfazi davlatlari vakillari o‘rtasida bir necha soat davom etgan maxfiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Aynan shu yerda ayrim takliflarning tafsilotlari aniqlashtirilgan.

Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff / Foto: The White House

Bu paytgacha ommaga ma’lum bo‘lmagan muhokama qilinayotgan shartlardan biri — Eronda fuqaroviy energiyaga mo‘ljallangan, ammo uran boyitilmaydigan yadroviy dastur uchun 20-30 milliard dollargacha sarmoya kiritish taklifi. Bu taklif haqida Tramp ma’muriyati rasmiylari va mazkur taklifdan xabardor manbalar CNNga ma’lumot bergan.

Rasmiylardan birining ta’kidlashicha, bu pul AQSh tomonidan ajratilmaydi; AQSh ushbu xarajatlarni arab ittifoqchilari zimmasiga yuklash niyatida. Eronga yadroviy energetika sohasida sarmoya kiritish masalasi avvalgi oylar davomida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham ko‘tarilgan.

«Biz ushbu muzokaralarga rahbarlik qilishga tayyormiz. Loyihani amalga oshirish uchun kimdir pul to‘lashi kerak bo‘ladi, ammo bu biz bo‘lmaymiz», — degan Tramp ma’muriyati rasmiysi CNNga.

Boshqa imtiyozlar qatorida, ba’zi sanksiyalarni bekor qilish va Eronning xorijiy bank hisoblarida bloklangan 6 milliard dollar miqdoridagi mablag‘dan foydalanishga ruxsat berilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan haftada muhokama qilingan yana bir taklifga ko‘ra, AQSh tomonidan «bunker-buster» bombalari bilan yakson qilingan Fordo yadroviy markazi o‘rniga, AQSh bilan ittifoqchi Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan yangi, uran boyitilmaydigan yadro inshooti qurilishi uchun pul to‘lanishi mumkin. Hozircha bu markazdan Eronning o‘zi foydalanishiga ruxsat beriladimi-yo‘qmi noma’lum, va bu taklif qanchalik jiddiy muhokama qilinayotgani ham aniqlanmagan.

Fordo yadroviy markazi AQSh zarbasidan keyin / Foto: Maxar/AP

«Juda ko‘p g‘oyalar o‘rtaga tashlanyapti va ular orasida juda noodatiylari ham bor. Ishlarning qayerga borishi hozircha mutlaqo noma’lum», — degan AQSh va Eron o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda qatnashib kelayotgan manba.

Uitkoff o‘zi chorshanba kuni CNBSʼga bergan intervyusida AQSh «kompleks tinchlik kelishuviga» intilayotganini aytdi. Tramp ma’muriyati rasmiysi esa barcha takliflar Eronning yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olishga qaratilganini ta’kidladi.

AQSh Eron fuqaro maqsadlaridagi yadroviy dasturga ega bo‘lishi mumkinligini tan oladi, ammo bu dastur uchun uranni o‘zida boyitmasligi lozimligini bildiradi. AQSh taklifiga ko‘ra, Eron tayyor boyitilgan uranni import qilishi mumkin. Uitkoff ushbu modelni BAAdagi yadro dasturiga o‘xshatdi.

Foto: Maxar Technologies via AP

Takliflar ko‘rib chiqilayotganining sababi – Oq uy ma’muriyatida Eronga shartlar ro‘yxatini taqdim etish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Xususan, prezident Tramp chorshanba kuni AQSh va Eron keyingi hafta muzokara stoli atrofida o‘tirishlari mumkinligini aytgandi. Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy bu haqda xabari yo‘qligini bildirgan.

CNN manbalarining so‘zlariga ko‘ra, hali muzokaralarning aniq sana belgilanmagan. Uitkoff tomonidan olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, Tramp bu hafta omma oldida yadroviy kelishuvni unchalik zarur deb hisoblamayotganini bildirdi.

Uitkoff o‘tkazgan maxfiy uchrashuvda ishlab chiqilgan shartlar hozirda AQSh va Eron o‘rtasida, asosan Qatarning vositachiligida muhokama qilinmoqda. Qatarliklar Isroil va Eron o‘rtasidagi sulhni tuzishda ham muhim rol o‘ynagan edi. Endilikda ular AQSh bilan birga jangovar harakatlar qayta boshlanmasligini ta’minlash ustida ishlamoqda.

AQSh zarbalardan so‘ng bitimga umid bog‘layapti

CNNning yozishicha, Tramp administratsiyasida so‘nggi ikki haftadagi voqealardan so‘ng Eron AQSh shartlariga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin, degan umid bor. Ularga ko‘ra, Eron shu bilan yadro quroli yaratishga olib keladigan harakatlarni to‘xtatadi.

Biroq Eron bo‘yicha tahlilchilar «Tehron endi yadro quroliga ega bo‘lish kerak», deb qaror qilgan bo‘lishi ehtimoli haqida gapirmoqda. Haftaning boshida Eron parlamenti BMTning yadro nazoratchisi bilan hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi.

Taxminan ikki hafta oldin, Isroil Eronni nishonga olgan harbiy amaliyotini boshlashidan oldin AQSh va Eron o‘rtasida beshta muzokara bosqichi o‘tgan edi. AQSh Tehronga taklif taqdim qilgan, Eron esa Omandagi rejalashtirilgan oltinchi bosqichda javob berishi kutilgan edi. Biroq bu bosqich Isroil hujumlari sabab bekor qilingan.

Shanba kuni, AQSh Eronning uchta yadroviy obektini nishonga olishidan oldin, Tramp ma’muriyati vositachilar orqali Eronga xabar yuborgan. Xabarda ikki asosiy nuqta bo‘lgan: bo‘lajak zarbalar cheklangan bo‘ladi va AQShning diplomatik takliflari aniq – «uranni boyitishga — yo‘q», deyiladi.

Foto: NATO

Kelishuv istiqbollari haqida savolga Tramp quyidagicha javob bergan: «Biz bitim imzolashimiz mumkin, bilmayman. Men ulardan yadroviy qurol yaratmaslik haqida bayonot olsam ham bo‘ladi, ehtimol, biz aynan shuni talab qilamiz. Biz faqat ilgari so‘ragan narsamizni so‘rayapmiz – yadro quroli bo‘lmasligi», — dedi Tramp chorshanba kuni NATO sammitida.

Uitkoff, shuningdek chorshanba kuni bergan bayonotida «kelishuv tuzilishi mumkinligiga ishora beruvchi belgilar» borligini aytgan.

Eron: AQSh xiyonat qildi

26 iyun kuni chiqish qilgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa AQSh bilan muzokaralar bo‘lmasligini qat’iy aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hujumidan avval Eron bilvosita yadroviy muzokaralarda o‘z xalqining huquqlarini himoya qilayotgan bir paytda, AQSh muzokaralardan ko‘ngli sovigach, boshqa yo‘lni tanlagan.

«AQShning Eronga uyushtirgan harbiy hujumlarini diplomatiya va muzokaralarga xiyonat. Muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘q. Hatto muzokaralar haqida hech qanday gap ham bo‘lmagan. Muzokaralar hozir kun tartibida emas», deya Aroqchining so‘zlarini keltirmoqda Mehr News.

Foto: Mehr News

Eron bosh diplomati ular diplomatiyaga sodiq qolishini ta’kidladi, biroq AQSh bilan muzokaralarni tiklash yoki tiklamaslik qarori yana ko‘rib chiqilishi lozimligini aytdi.

Eronning yadroviy obektlariga AQSh bergan zarbalar haqida so‘ralgan savolga javoban tashqi ishlar vaziri shunday javob berdi:

«Zarar ahamiyatsiz emas. Hozircha biz bu zararlar miqyosini baholamoqdamiz. Hozir muzokaralar uchun zamin tayyor deb hisoblashga erta», deya qo‘shimcha qildi Aroqchi.

26 iyun kuni xalqiga murojaat qilgan Eron oliy rahbari Ali Xominaiy urushda AQSh va Isroil mag‘lub etilganini aytgan edi. Shuningdek, u Eron hech qachon taslim bo‘lmasligini, agar kimdir yana mamlakatga hujum qilishga urinsa, jiddiy javob berilishini ma’lum qilgan. 

Mavzuga oid