Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniya ukrainalik qochoqlarga boshpana berishni rad etmoqda
Qirollikdan boshpana so‘rayotgan Ukraina fuqarolariga o‘z vatanining «nisbatan xavfsiz hududlariga» qaytish tavsiya qilinyapti.

Foto: Reuters
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ukrainalik qochoqlarga ular o‘z vatanining jangovar harakatlar olib borilmayotgan «nisbatan xavfsiz hududlariga» qaytishlari mumkinligi tushuntirmoqda, deb yozadi The Guardian. Idora shu asosda ularga boshpana berishni rad etyapti.
IIV rad javobini bergan xatlarda qayd etilishicha, harbiy mojarolar bilan bog‘liq xavflar BMTning Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasiga kirmaydi. Tushuntirilishicha, ayni paytda o‘z mamlakatida qashshoqlikdan qochish uchun ular BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi va mahalliy tashkilotlarga murojaat qilishlari mumkin.
Sterling Law yuridik kompaniyasining gazetaga ma’lum qilishicha, yanvar oyida vazirlik Kiyev va Ukrainaning g‘arbiy hududlari yashash uchun «umuman xavfsiz» deya keltirilgan tavsiyalarni chiqargan.
Hozirda ukrainaliklar Buyuk Britaniyada vaqtinchalik viza dasturi bo‘yicha 18 oy yashay oladi. Qirollikda Homes for Ukraine dasturi amalda bo‘lib, u volontyorlarga ukrainalik qochoqlarga boshana berish imkoniyatini taqdim etadi.
Mamlakatga kelgan ukrainaliklarga ishlash va imtiyozlardan foydalanishga ruxsat etiladi, bolalar esa mahalliy maktablarga bora oladi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Ukrainadan kelgan 300 mingdan ortiq qochoqqa yordam ko‘rsatgan.
Avvalroq Shveytsariya ukrainalik qochoqlar uchun yangi qoidalarni joriy etayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, qochoq maqomini olgan ukrainaliklar endi yarim yil davomida Ukraina hududida 15 kundan ortiq qoladigan bo‘lsa, ushbu maqomdan mahrum etiladi.