Jamiyat | 19:00 / 26.06.2025
3922
7 daqiqa o‘qiladi

Sifatli chiziq – xavfsiz hayot. O‘zbekiston yo‘llarida “yo‘qolib ketadigan” chiziqlar haqida

O‘zbekistonda yo‘llarda eng qisqa umr ko‘radigan narsa nima deb o‘ylaysiz? Asfalt emas. Yo‘l chiziqlari. To‘g‘ri, ular vaqt o‘tishi bilan eskiradi. Ammo ayrim holatlarda yo‘l chiziqlari 1-2 hafta ichida yo‘q bo‘lib ketishi ko‘p kuzatiladi. Ammo bu yerda gap odam hayoti xavfsizligiga borib taqaladi.

Yo‘l chiziqlari va belgilari — shahar infratuzilmasining bir qismi emas, balki inson hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi xavfsizlik kafolati hisoblanadi. Ammo amalda ularga nisbatan bo‘lgan munosabat ko‘p hollarda shunchaki “rasmiy topshiriqni bajarish” darajasida qolmoqda.

Sifatli yo‘l chiziqlari:

·        tunda va yomg‘irli ob-havoda ko‘rinarli bo‘lishi kerak;

·        tez to‘kilib ketmaydigan, uzoq muddat saqlanadigan materiallardan tayyorlanishi shart;

·        harorat o‘zgarishiga chidamli, harakat tezligiga mos tarkibda bo‘lishi talab etiladi.

Sifatli yo‘l belgilari esa:

·        nur qaytaruvchanligi yuqori bo‘lishi,

·        havo ta’sirida shakli va rangini yo‘qotmasligi

·        va eng muhimi jahon standartlariga javob berishi lozim.

Biroq kuzatuvlar shundan dalolat beradiki, ayrim hududlarda belgilar bir necha oyda zanglab, chiziqlar esa bir necha haftada izsiz yo‘qolib ketmoqda. Bu — faqat moliyaviy zarar emas, balki odam hayotiga xavf tug‘diradigan javobgarlikdir.

Aslida boshqa mamlakatlarda yo‘l chiziqlari 6 oydan 2 yilgacha xizmat qiladi. Bizda esa ba’zi hollarda 1 oy ham chidamaydi. Nega? Javob oddiy: sifati past va arzon materiallar. Xo‘sh, o‘zi bu chiziqlarning sifati qanday bo‘lishi kerak?

Kun.uz bu savolga javob topish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan AVTOROAD BELGI MARKERING bo‘yoq ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi. “Avtobelgi Road Marking” MChJ qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Alisher Uzoqov ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati haqida ma’lumot berdi.

“Yo‘l chiziqlari ekologik toza mahsulotlardan, ya’ni juda qat’iy yomon ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlardan ishlab chiqarilmaydi. Ular keyinchalik chirish, adgeziyaga uchrash va havoda parchalanib yo‘q bo‘lib ketishi xususiyatlariga ega bo‘lishi kerak. Va ularni ekologiyaga zarari yo‘q deb hisoblasa bo‘ladi.

Bu bo‘yoqlarni ishlab chiqish jarayoni 3 bosqich: mahsulotlarni tayyorlash, tayyor mahsulotlarni ma’lum hajmdagi idishga solib, kerakli temperaturada qadoqlashdan iborat. Mahsulotlarimiz intensivlik darajasiga qarab 6 oydan 1 yilgacha muddatda xizmat ko‘rsatib beradi. Bu bizning mahalliy va jahon standartlariga mos keladi.

Ishlab chiqarish jarayonida har bir partiya mahsulotni o‘zimizning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada tegishli normalarda tekshirib o‘tamiz. Savdo bo‘yicha ISO sertifikat hamda sifat bo‘yicha AyTek sertifikati mavjud. Bu sertifikat dunyoning 3 ta mamlakatida akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan beriladi. Ya’ni Ispaniya, Germaniya va AQShda.

Biz bo‘yoqlarimizni mahalliylashtirishga harakat qilganmiz. Chunki yildan yilga tirbandliklar ko‘p, yo‘llarni to‘laqonli yopish imkoniyati juda kam. Shuning uchun maksimal darajada tezroq qurishini ta’minlash maqsadida komponentlarimizni shunga moslab, issiq paytlarda 10-15 daqiqa, sovuq vaqtlarda 20 daqiqada quriydi”.

Chizilgan yo‘l chiziqlari shunchaki belgi emas, inson hayoti uchun xavf tug‘diruvchi omil bo‘lishi hech gap emas. Uning sifati esa bu xavfning darajasini belgilaydi. Kun.uz muxbiri poytaxt ko‘chalarida chizilgan yo‘l chiziqlarining sifatini tekshirish maqsadida mutaxassislar bilan birgalikda reydda ishtirok etdi. “Avtobelgi Road Marking” MChJ qo‘shma korxonasi bosh laboranti G‘iyos Toshnazarov belgining nur qaytarish koeffitsiyenti haqida ma’lumot berdi:

“Hozir nur qaytarish koeffitsiyenti 420, nurning qaytish koeffitsiyenti (oqlik darajasi) 265 ni ko‘rsatib turibdi. Milliy standart bo‘yicha 562 bo‘lsa, nur qaytarish esa 300 bo‘lishi kerak. Bizda esa bu ko‘rsatkich 420 ni tashkil qilyapti. Demak, bu yo‘l chiziqlari standartlarga javob beradi”, - deydi u.

“Avtobelgi Road Marking” korxonasi faqatgina bo‘yoq mahsulotlari emas, yo‘l belgilari ham ishlab chiqaradi. Reyd davomida ushbu yo‘l belgilarining ham sifat darajasi tekshiruvdan o‘tkazildi.

Yo‘l chiziqlari va belgilarida foydalaniladigan xomashyo — mahsulotning xizmat muddati va samaradorligini belgilaydigan eng muhim omillardan biridir. Sifati past, arzon bo‘yoq va materiallar qo‘llanilgan taqdirda, belgilar tez to‘kilib ketadi, nur qaytarmaslik xususiyatini yo‘qotadi va natijada yo‘ldagi harakat xavfsizligi yo‘qoladi.

Shu sababli, bu sohada uzoq muddat saqlanadigan, iqlimga va yuklamalarga chidamli, jahon standartlariga mos xomashyolardan foydalanish na faqat sifat mezoni, balki jamoat xavfsizligi talabi sifatida qaralishi shart.

Har bir chiziq — bu haydovchiga yo‘lni ko‘rsatadigan yo‘riq, har bir belgi esa inson hayotini himoya qiluvchi ogohlantiruvchi vosita. Ular vaqtinchalik emas, uzoqni ko‘zlab, puxta xisob-kitob bilan tayyorlanishi kerak. Buning zamirida esa faqat bir talab bor — sifatdan tamoman chekinmaslik.

Ma’lumot uchun: AVTOROAD BELGI MARKERING Avstriyaning Suvorovskiy holdingi va O‘zavtoyo‘lbelgi davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan qo‘shma korxona sanaladi. Suvorovskiy holdingi dunyo miqyosida bu mahsulotlar bo‘yicha TOP-5 likka kiradi. Qo‘shma korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlar jahon standartlariga to‘laqonli javob beradi.

Mavzuga oid