Jahon | 21:51 / 26.06.2025
8201
6 daqiqa o‘qiladi

Gap aqlbovar qilmas summalar haqida ketmoqda: NATO tarixiy qurollanish dekadasiga kirdi

NATO davlatlari keyingi o‘n yil ichida mudofaa xarajatlarini hozirgi 2 foiz YaIM darajasidan 5 foizgacha oshirishga kelishib oldi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul buni mudofaa emas, urush budjeti deb atadi. Tahlilchilar nazarida, bir muddat Yevropadan yuz o‘girgan Trampning Haaga sammitidagi chiqishi uning atlantizm g‘oyasiga qaytganidan darak beradi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kamoliddin Rabbimov: Agar NATO a’zolari YaIMning 5 foizini harbiy xarajatlarga ajrata boshlasa, bu oddiy mudofaa emas, balki urushga tayyorgarlik ko‘rilayotganini anglatadi. Masalan, 2024 yilda Germaniya yalpi ichki mahsulotining 5 foizi taxminan 235,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan. Bu – juda katta mablag‘.

Harbiy xarajatlarning ortishi boshqa sohalarda, jumladan, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qisqarishlarga olib keladi. Chunki kolbasaning hajmi deyarli o‘zgarayotgani yo‘q, uni qanday bo‘lish masalasi qayta ko‘rilyapti. Harbiy soha ko‘proq oladigan bo‘lsa, boshqa sohalarga kamroq qoladi. Bu esa davlatlarning tabiati, siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishini o‘zgartiradi.

Fransiya, Germaniya yoki Skandinaviya mamlakatlarida ijtimoiy himoya tizimi kuchli, davlat siyosati esa ko‘proq sotsialistik yo‘nalishda bo‘lgan. AQShda esa bunday tizimlar ancha zaifroq edi. Endilikda Yevropa Ittifoqi ham ijtimoiy himoya dasturlarini qisqartirishga majbur bo‘ladi, chunki resurslarning katta qismi armiyani kengaytirishga yo‘naltiriladi. Masalan, 100 minglik armiya asta-sekin 200 ming yoki 300 minggacha ko‘payib boradi. 5 foizlik harbiy budjet esa faqat qurol-yarog‘ uchun emas, balki butun harbiy infratuzilma, jumladan, logistika, kadrlar va boshqaruv tizimlariga ham sarflanadi. Bu degani, NATO davlatlari hozir mudofaa strategiyasidan urush strategiyasiga o‘ta boshladi.

Shuhrat Rasul: NATO a’zolari 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizi darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi, bu 2 foiz standartidan sezilarli darajada yuqorilash degani.

Bu 5 foiz mablag‘ning 3,5 foizi asosiy qurolli kuchlar uchun, 1,5 foizi kiberhimoya, infratuzilma, yetkazib berish zanjiri va mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun ajratilishi belgilandi. Bu me’yorlarga amal qilish holati 2029 yilda ko‘rib chiqilishi nazarda tutildi.

Sammit yakunlangach, Germaniya 60 ming nafar yangi professional harbiy xizmatchilarni safarbar qilish haqida qaror qabul qildi. Bu borada hozir biroz bahs-munozaralar bor. Germaniya Bundestagidagi ayrim deputatlar safarbarlik e’lon qilish, bu borada maxsus qonun qabul qilish kerak, degan fikrni ilgari surmoqda. Boshqalar esa yo‘q, bizda yetarlicha mablag‘ bor, 60 ming kishini professional armiya tarkibida yig‘ib olish mumkin, deyishmoqda. Aslida, G‘arbiy Yevropadagi barcha armiyalar professional hisoblanadi, lekin ular juda ixcham, son jihatdan kichik edi.

Masalan, Germaniyaning o‘zida, Yevropadagi eng yirik davlatlardan biri bo‘lishiga qaramay, atigi 160 ming kishilik armiya mavjud edi. Endilikda, dastlabki bosqichda bu son yana 60 mingga oshirilmoqda. Bu miqdor bosqichma-bosqich yana kengayib boradi.

Doimiy armiya sonining oshirilishi, xususan, YaIMning 3,5 foizigacha bo‘lgan harbiy xarajatlar hisobidan moliyalashtirilmoqda. Fransiya, Germaniya, Belgiya, Gollandiya kabi NATOning barcha 32 a’zosi o‘z armiyasini son jihatdan ham kengaytirishni boshlamoqda. Bu nafaqat askarlar sonining oshishi, balki zamonaviy qurollar, jumladan, Ukrainada va Rossiyada foydalanilayotgan yangi avlod dronlari kabi texnologiyalarga asoslangan harbiy bo‘linmalar tashkil etilishini ham anglatadi.

YaIMning 1,5 foiziga teng mablag‘ esa bevosita harbiy sanoatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi – yangi qurol-yarog‘ zavodlari, o‘q-dori, raketa va snaryad ishlab chiqaruvchi fabrikalar quriladi.

Bu yerda juda katta miqyosdagi, gigant mablag‘lar haqida gap ketmoqda. Buni raqam bilan ifodalash oson, ammo miqyosini anglash uchun shuni aytish kifoya: bundan oldin butun dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlarning 40 foizi birgina AQSh hissasiga to‘g‘ri kelardi. Endi esa, NATO davlatlari 5 foizlik darajaga chiqqach, ularning umumiy harbiy budjeti shunchalik oshadiki, buni butun qolgan dunyo bilan solishtirsak, deyarli 90 ga 10 nisbat hosil bo‘ladi.

Ya’ni global qurollanishda NATOning ulushi mutlaq ustunlikka chiqmoqda. Bu misli ko‘rilmagan qurollanish jarayonining asosiy sababi – Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi va imperialistik ambitsiyalari edi. Bu oxir-oqibat NATOni tarixda kuzatilmagan darajadagi harbiy kengayishga undadi.

***

Suhbat davomida NATO sammiti doirasida Rossiyaning uzoq muddatli tahdid sifatida qayd etilishi, Trampning Yevropaga nisbatan munosabati AQShdagi meynstrim yo‘nalishga qaytgani ham tahlil qilindi. Shuningdek, NATOning Ukraina mudofaa sanoatini moliyalashtirishi, Zelenskiyning sammit muhokamalaridan chetda qolishi va uning Tramp bilan alohida uchrashuvi hamda Tramp va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvlar ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid