O‘zbekiston | 14:57 / 20.06.2025
1879
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchilarining xizmat safarlari va xarajatlari onlayn qayd etib boriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish va hisobini yuritish yagona modul orqali amalga oshiriladi. Bunda xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni tegishli mas’ullar onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

Foto: 123RF

19 iyun kuni «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish «hrm.argos.uz» elektron tizimi tarkibidagi «Xizmat safari» yagona moduli orqali amalga oshiriladi. Bunda:

  • xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;
  • xizmat safarlarining muayyan davlat organining faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy ta’siri monitoring qilib boriladi;
  • davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobot topshiradi hamda hisobot asosida xizmat safarining samaradorligi baholab boriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi asosiy yo‘nalishlardagi erishilgan natijalar bo‘yicha Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi:

  • davlat organlarining inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish samaradorligi;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tezkorligi va sifati;
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi;
  • davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi;
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining raqamlashtirilganlik darajasi;
  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ular o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar bilan joriy etilgan hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa reytinglar.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Sevara Zokirovaning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, xizmat safarlari bilan bog‘liq tafsilotlar — “bu tizimda shaxsga doir ma’lumotlar bo‘lgani sababli, vazirlik va idoraning HR bo‘linmasi mas’uliga ko‘rinadi”.

Ushbu reyting natijalariga ko‘ra quyi pog‘onadagi davlat idoralarining ish usullarini o‘zgartirish, boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish (BPR-reinjiniring) choralari amalga oshiriladi hamda Hukumat majlislarida rahbarlar faoliyatiga baho berib boriladi.

Mavzuga oid