O‘zbekiston | 15:47 / 17.06.2025
2542
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati ekoturizm salohiyatini rivojlantirishda Ozarboyjonning Agalarov Development kompaniyasi hamkorlik qiladi

10 iyun kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida Agalarov Development kompaniyasi va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida mamlakat hududida turizm sohasini rivojlantirish istiqbollarini o‘rganishga doir hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Loyihaning dastlabki bosqichida kompaniya tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida, Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida joylashgan 100 gektar maydonda to‘rt fasllik “Sea Breeze Uzbekistan” dam olish maskanini barpo etish rejalashtirilgan. Bu hududda turar-joy binolari, mehmonxonalar, villalar va restoranlar qurilishi ko‘zda tutilgan.

2024 yil dekabrida loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan. Prezident loyihani qo‘llab-quvvatlab, uni chuqur ishlab chiqish va tegishli infratuzilmani yaratish vazifasini hukumatga yuklagan. Master-reja 2025 yil aprel oyida xorijiy mutaxassislar ishtirokida taqdim etildi. Unga ko‘ra, loyihaning umumiy maydoni 577 gektarni tashkil etadi.

Yangi sayyohlik markazi Chorvoq suv omborining ikki qirg‘og‘ida, Toshkentdan 80 km masofada joylashadi. Hududni rivojlantirish doirasida ombor bo‘ylab Toshkent bilan bog‘lovchi ko‘prik qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu safar vaqtini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin.

Loyiha Agalarov Development kompaniyasining Ozarboyjondagi 18 yillik tajribasi asosida amalga oshiriladi. Ushbu tajriba asosida kompaniya O‘zbekistonda ham turizm va iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Kompaniya qurilish jarayonida barcha ekologik talablarga amal qilishini va chiqindilarni qayta ishlash, oqova suvlarni tozalash kabi choralarni ta’minlashini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, barcha bosqichlarda ekologik monitoring amalga oshirilishi aytilmoqda.

“Sea Breeze” loyihasi ekologik yondashuv bo‘yicha yangicha standartlarni joriy etishi kutilmoqda. Agalarov Development qurilishni hozircha boshlamagan — hozirda faqat qirg‘oqni tozalash va chiqindilarni yig‘ish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, hech qanday qurilish ishlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda mahalliy idoralarning ekologik ekspertizasisiz boshlanmaydi.

Kompaniya o‘z loyihalarini muhokama qilishga mahalliy arxitektorlar, muhandislar va jamoatchilik vakillarini jalb qilishni rejalashtirgan. Chorvoq sohilidagi mavjud infratuzilmadan foydalangan holda, loyihani kanalizatsiya tizimiga ulash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida, tozalangan suvning asosiy qismi “Sea Breeze Uzbekistan” hududini sug‘orish va boshqa xo‘jalik ehtiyojlariga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida oqova suvlarni Chorvoq suv omboriga tashlash mutlaqo istisno etilgan.

Mavzuga oid