Jamiyat | 15:21 / 01.06.2025
10840
10 daqiqa o‘qiladi

“Saviyasiz millat o‘zini o‘zi yo‘q qiladi” – Qozoqboy Yo‘ldoshev

Kun podkastiʼning bu galgi sonida pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan suhbat tayyorlandi. Professor bilan o‘zbek adabiyotining bugungi holati, orzularimizning naqadar kichrayib ketgani, o‘zbek tilini o‘zimizdan himoya qilish, kitob o‘qimaslik qanday oqibatlarga olib borishi, kino, teatr va jurnalistikamizning ayni darajasi adabiyot rivojiga to‘siq bo‘lishi, qolaversa, kitobxonlikni targ‘ib etuvchi tanlovlarning ahamiyati va boshqa masalalarda podkast shaklida ko‘rsatuv tayyorladik.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Adabiyot bir jamiyatning tarixi, buguni, kelajagi o‘laroq yashaydi va bugungi kungacha adabiyot garchi biz unga ta’sir eta olmaydigan darajada bo‘lsak ham, ya’ni yaxshi ma’noda rivojlantira olmaydigan bo‘lsak ham, bir joyda to‘xtab qolmaydi va u ketaveradi. U millat qalbidagi o‘y-hislarini bir zamondan boshqa bir zamonga ko‘chirib boraveradi. Lekin bugungi kunda biz o‘zimizning haqiqatda adabiyotga mehrli ekanimizni ko‘rsata olyapmizmi yoki o‘zimizni adabiyotni shunchaki o‘qigandek qilib ko‘rsatib beryapmizmi, Qozoqboy aka?

– Endi savol ancha o‘ylashga majbur qiladiganroq savol bo‘ldi. Adabiyot shunday hodisaki, u lahzani mangulikka muhrlaydi. Deylik, ijodkorning ko‘nglini bezovta qilgan, ijodkorning tuyg‘ularini muvozanatdan chiqargan u yoki bu hayotiy bir tuyg‘u o‘sha iste’dodli odamning mahorati bilan hech qachon eskirmaydigan yo‘sinda muhrlab qo‘yiladi. Hech qachon unutilmaydigan yo‘sinda. Shunisi bilan adabiyot, yaxshi ta’kidladingiz, u o‘tmishda qanday xizmat qilgan bo‘lsa, bugun ham, ertaga ham eskirmaydi va o‘sha xizmatini qilaveradi. Mana u “Oh urarman, oh urarman, ohlarim tutgay seni, Ko‘z yoshim daryo bo‘lib, baliqlar yutgay seni”. Tasvirning nozikligi, mubolag‘aning qudrati va tuyg‘ularining samimiyligiga qoyil qolasiz. Ha, endi bugun afsuski, adabiyot degan hodisa o‘qigan odam uchungina bor. O‘qimagan odam uchun adabiyot yo‘q. Va bugun jamiyatning juda katta qismi o‘zi yaratilayotgan badiiy asarlardan xabari yo‘q, o‘qishga o‘zida kuch topa olmaydi. “Adabiyotimiz o‘lgan, adabiyotimiz tanazzulni boshidan kechiryapti, kechagi adabiyot qayoqqa ketib qoldi?” deganday ayblovlarni qo‘yadi-da, holbuki u o‘zidan xabari yo‘q. Pasternak degan rusning katta yozuvchisi aytadi: “Katta o‘quvchi bo‘lmagan joyda katta adabiyot bo‘lmaydi” deydi. Bu juda shunchaki chiroyli aytib qo‘yilgan gap emas, bu haqiqat. Endi bu bilan nima demoqchiman? Demoqchimanki, adabiyotga talab qo‘yishdan oldin, adabiyotga ayb taqashdan oldin uning darajasidan xabardor bo‘lish kerak. Shundagina sening aytgan gapingda salmoq bo‘ladi. O‘zi xabardor bo‘lmagan hodisa haqida xulosa chiqarishdan odam tortinishi kerak.

Pasternakning ham yaxshi fikrini aytib o‘tdingiz. Endi xayolimga bir fikr keldi. Mana shu adabiyotga bo‘lgan bir tomonlama e’tiborsizlik nimaga ishora qilyapti? Kelajakdagi qanaqa xavflardan xabar beryapti?

– Yaxshi bir fakt esimga tushdi. Amerikada turma qurish eng yaxshi samarali biznes hisoblanar ekan. Shuning uchun o‘sha biznesmenlar tomonidan 11-15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida har yili so‘rovnoma o‘tkazilar ekan. Agar million boladan so‘rov o‘tkazilgan bo‘lsa, shuning qanchasi “badiiy asar o‘qimayman” desa, shuncha miqdorda qamoqxona qurilar ekan. Bu bog‘liqlikka e’tibor qilyapsizmi? Ya’ni bugun badiiy asar bilan shug‘ullanmagan odamlardan, o‘qimaydigan odamlardan potensial jinoyatchi chiqadi va turmani o‘shalarning miqdoriga qarab to‘ldirishimiz kerak, degan xulosaga kelishar ekan. Demak bugun bizning o‘zbek millatiga judayam xos bo‘lmagan ko‘p xususiyatlarning, illatlarning paydo bo‘lishiga sabab ana shu biz ildizimizdan uzilib boryapmiz. Chinakam milliy ruhoniy ildiz adabiyot va tilda saqlanadi va o‘zbek o‘zini uning badiiy adabiyotida ko‘radi. Ana shu badiiy adabiyotida ko‘rmagan, boshqa o‘zbekning ruhiy dunyosi qanday unsurlardan, tizim va tag tizimlardan iboratligini bilmagan odam o‘zi istamagan holda potensial jinoyatchi bo‘laveradi. O‘shanga qarab, stixiyali tarzda shu tomonga qarab boraveradi. Chunki odamni nojoiz, kelishimsiz xatti-harakatlardan tiyib turadigan qudrat bu ma’naviy dunyodir. Ezgu ma’naviy sifatlardir. Adabiyotning qudrati shundaki, u yaxshi bo‘linglar, yaxshi bo‘lsalaring yaxshi bo‘ladi, degan nasihat bilan emas, balki yomonlikning yomon ekanini ko‘rsatib qo‘yish bilan, yaxshilikning yaxshi ekanini ko‘rsatib qo‘yish bilan tarbiyalaydi. U kitobni o‘qish bilan odam birdaniga yaxshi bo‘lib qolishi juda qiyindir. Lekin o‘zi xatti-harakat qilayotgan vaqtda, o‘sha birovlarning siymosida, birovlarning obrazida ko‘rgan yaxshilikni o‘ziga singdirsa, yomonlikdan tiyilmoqchi, tiyilmoqqa chorlaydiki, adabiyotning kuchi shunda.

Atrofimiz bugun gadjetlar, zamonaviy texnologiyalar bilan o‘ralgan, bizning o‘rnimizda qaysidir ma’noda sun’iy intellekt fikrlab beryapti va bunga monand tarzda biz rivojlanishimiz o‘rniga, aksincha, biz ularga suyanib qolyapmiz-da, ya’ni sun’iy intellektlar, texnologiyalar insonni qay darajada qoloq qilib qo‘ya oladi?

Men endi bu fikrni unchalik ham qo‘llamagan bo‘lar edim, chunki o‘zi aslida o‘sha boyagi sun’iy intellektdan foydalanishning, foydalana bilishning o‘zi uchun ham odam muayyan darajada rivojlangan bo‘lishi kerak. To‘g‘ri aytyapsiz, lekin bizning qoloqligimizga texnologiyalar, axborot to‘rlari sabab emas, balki aslida o‘sha sun’iy intellektni ham odamning intellekti undan balandroq bo‘lib, uni o‘zining ortidan ergashtirishi kerak. Biz endi hozir agar shu ketishda ketsak, sizning gapingizdan kelib chiqadigan ma’no, bu millat sun’iy intellektning yetovida qolib ketadigan bo‘lib qoladi. Biz hali u texnologiyalarning Xudo biladi, bir 100 ming imkoniyatidan nechtasidan foydalanayotgan ekanmiz, lekin texnologiyalar haddan tashqari takomillashgan, deylik, Amerikaday, Yaponiyaday, Xitoyday, mana bu kun botish mamlakatlaridagiday joylarda shu kishi boshiga chiqayotgan badiiy asarlarning miqdori, keyin adabiy, adabiy ommaviy jurnallarning miqdori, gazetalar miqdori, oy bitiklarining miqdori avvalgi zamonlardan oshsa oshdiki, kamaygani yo‘q. Faqat bu bizning yalqovligimiz tufayli va bir 25-30 yillar davomida o‘qigan, bilimli odamlardan ko‘ra o‘qimagan, lekin uddali odamlar e’tiborda bo‘lgani uchun o‘qimaslik bir milliy belgiga aylanib qoldi. Bu dunyoda yaxshi yashash uchun boshni qotirib o‘qib o‘tirish shart emas ekan, deydigan katta bir avlod shakllandi. Chinakam bilim odamning orzularini to‘xtovsiz ravishda yuksaltiradi. Orzular moddiy chegaralardan balandroq bo‘ladi. Kattaroq orzular, nomus degan, sha’n degan, e’tirof degan tuyg‘ularni yuzaga chiqaradi. Bizning orzularimiz pasayib qoldi. Omon Matjon bundan bir 50 yillar oldin “orzulari bo‘yidan past” deb yozgan edi. Shu orzularimiz deylik anavi qorin to‘ydirish, yaxshi kiyim kiyish, mashina minish, uy solishdan balandroqqa chiqish kerak bo‘ladi. Bir odamning ichki dunyosini yuksaltiradigan, odamning, shaxsning boshqa shaxslar tomonidan e’tirofiga sabab bo‘ladigan, ana shunday yuksak orzulari bo‘lmagani uchun nihoyatda katta mansablarda turgan odamlar faqat nima qilib bo‘lsa ham boylik to‘plasam degan darajaga tushib qoladi. Holbuki ular millatning bugungi bosqichi meni ana shunday yuksak bir lavozimlarga chiqardi, deb o‘ylashi kerak edi. Bu dunyoda bunday imkoniyat, 40 million odamning ichidan menga nasib qildi. Men ana shunday bir esda qoladigan, millatga bir foyda keltiradigan ishlar qilishim kerak, deyishning o‘rniga nima qilib bo‘lsa ham ko‘proq, kattaroq bir moddiy boylikka intilishim kerak deb o‘ylay boshladi. Chunki orzu shu bilan tugadi. Yana bir narsa borki shuni men nima bilan tushuntirish, izohlash mumkin ekanini hech o‘ylab topa olmayman. Uyida har hafta bo‘lmaganda ikki marta osh qiladigan o‘zbek qayerdadir tekin osh tarqatilyapti desa, shaharning u chetidan bu chetiga kelib, talashib, bir-birini yakson qilib osh yemoqchi bo‘lishini tushunolmayman, biz uchun hech bir qiziq narsa emas-ku tekin osh yeyish. Demak, mana shu ichimizdagi o‘sha ma’naviy borliq qashshoqlashib ketadi. Tizimlarni, ma’naviy unsurlarni bir tozalash kerak bo‘ladi-da. Nima qilyapman o‘zi, deb savol qo‘ya bilish kerak. Mening har bitta xatti-harakatim nimaga olib boradi, demak endi, katta maqsadlar qo‘ymoq uchun, katta orzular qilmoq uchun, katta yuksak xayollar parvoziga erishmoq uchun, yuksak darajadagi adabiyot bilan oshno bo‘lish kerak.

To‘liq suhbatni Kun podkasti Youtube kanalida tomosha qilishingiz mumkin. 

Mavzuga oid