Jahon | 22:21 / 30.05.2025
9953
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada fohishalikka majburlab kelingan 3 nafar o‘zbekistonlik ayol deportatsiya qilindi

Igdir shahrida o‘tkazilgan maxsus operatsiya doirasida fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan 107 ayol ushlandi. Ularning uch nafari - O‘zbekiston fuqarosi.

Foto: Anadolu Agency

Turkiyaning Igdir shahrida odam savdosi, fohishalik va narkojinoyatlarga qarshi o‘tkazilgan operatsiya doirasida chet ellik 107 kishi deportatsiya qilindi. Ularning uch nafari O‘zbekiston fuqarosi, deb xabar beradi Haberler nashri.

Qayd etilishicha, chet ellik ayollar Igdirdagi ko‘ngilochar muassasalarda ishlagan, ular fohishalikka majburlangan. Shuningdek, ushbu fuqarolar soxta hujjatlar asosida Turkiyada yashab kelgan. Igdir politsiyasining Uyushgan jinoyatchilik va kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi 24 may kuni teplovizorlardan foydalangan holda 9 ta ko‘ngilochar markazda operatsiya o‘tkazgan.

Operatsiya doirasida qo‘lga olingan 107 nafar ayolning 25 nafari — Ozarboyjon, 78 nafari — Eron, 1 nafari — Qirg‘iziston va 3 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Ular deportatsiya qilingan.

«Xodimlar soni, maqsadli manzillar ko‘pligi, bir vaqtda o‘tkazilgani va aniqlangan jinoyat elementlaridagi farq sabab ushbu operatsiya bugungi kunda Igdirda uyushgan jinoyatchilikka qarshi o‘tkazilgan eng yirik operatsiyalardan biridir», — deyiladi xabarda.

Fohishalik, pora berish va odam savdosi jinoyatlarida ayblanib, 11 kishi ushlangan. Ularning ikki nafari ozod etilgan, to‘qqiz nafari esa sudga qarori bilan hibsga olingan.

Mavzuga oid