O‘zbekiston | 23:16 / 28.05.2025
6766
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Moskvada Rossiya prezidenti administratsiyasi rasmiylari bilan uchrashdi

Anton Vayno Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva 28 may kuni Moskva shahrida bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi rahbari Anton Vayno, uning o‘rinbosarlari Aleksey Gromov va Sergey Kiriyenko hamda RF prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sergey Kiriyenko bilan uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikning mustahkam poydevori ekani alohida ta’kidlandi.

Yoshlar va kadrlar siyosati masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rahbarlarning yangi avlodini tarbiyalash bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani qayd etildi.

«Ta’lim sohasidagi hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi: Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning bir qator yetakchi universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan ham uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

«Madaniyat, ta’lim va tarixiy merosni saqlash sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. "Yangi Quddus" muzeyida o‘zbek san’ati ko‘rgazmasining ochilishi va O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlarining o‘tkazilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro qiziqishning yorqin namunasidir», – deya qayd etdi Mirziyoyeva.

Mavzuga oid