Prezident akademik Azimboy Sa’dullayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi
Fizika-matematika fanlari doktori, akademik, professor, uzoq yillar davomida Urganch davlat universitetini boshqargan, Oliy Majlisning sobiq deputati Azimboy Sa’dullayev 78 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Azimboy Sa’dullayev 28 may kuni 78 yoshida vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev olim vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.
Azimboy Sa’dullayev 1947 yil 9 yanvarda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ildi. 1969 yilda Moskva davlat universitetini matematika mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mazkur universitet aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1995 yilda haqiqiy a’zosi etib saylandi.
55 yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri, fakultet dekani, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta ilmiy xodimi, Urganch davlat universiteti rektori, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bordi.
Olimning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari, 15 ta monografiyasida matematika sohasining ko‘plab dolzarb masalalari atroflicha tadqiq etilgan.
Akademik Azimboy Sa’dullayev jonkuyar va talabchan ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ta’lim-tarbiya berdi. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktori va fan nomzodlari tayyorlandi.
Azimboy Sa’dullayev 1995-2004 yillarda Oliy Majlis deputati sifatida samarali faoliyat olib bordi. 2020 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.
«Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Azimboy Sa’dullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», deyiladi ta’ziyada.
Mavzuga oid

23:57 / 11.06.2025
Toshkent-sitida LVMH flagman do‘koni ochilishi mumkin

21:27 / 11.06.2025
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni «Rossiya kuni» bilan tabrikladi

17:35 / 11.06.2025
Yetakchilarning futbolga tashrifi O‘zbekiston xalqiga katta hurmat - Sherzod Asadov

16:09 / 11.06.2025