O‘zbekistonda sun’iy intellekt statistika to‘plash uchun odamlarga telefon qiladi
Janubiy Koreya hukumati O‘zbekiston statistika tizimini rivojlantirish uchun 3,8 mln dollar grant ajratdi. Statistika qo‘mitasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu pullar hisobidan CATI tizimi joriy qilinadi. Hozirgi tanlanma kuzatuvlarda xodimlar joyiga chiqib, odamlar bilan intervyu o‘tkazayotgan bo‘lsa, CATI orqali kompyuter avtomatik ravishda aholi vakillaridan telefonda intervyu oladi.

Foto: Shutterstock
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi va Koreya Respublikasining Statistics Korea idorasi 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida hamkorlik boshladi.
Koreya hukumatining rivojlanishga rasmiy yordam dasturi (ODA) doirasida 3,8 million AQSh dollari miqdoridagi grant asosida moliyalashtiriladigan ushbu loyiha O‘zbekistonda statistika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan.
Qo‘mita matbuot kotibi Usmon Abdurasulov grant mablag‘lari nimaga ishlatilishi haqida Kun.uz'ga ma’lumot berdi.
“Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekiston Statistika qo‘mitasiga ajratiladigan 3,8 mln dollarlik grant qaytarilmaydigan mablag‘ hisoblanadi. Bu O‘zbekisoton va Janubiy Koreya o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi doirasida amalga oshirilyapti. Grant mabag‘lari asosiy 4 yo‘nalishga sarflanadi. Birinchisi – kadrlar malakasini oshirish. Bunda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xodimlar malakasi oshiriladi. Bundan tashqari, bizning xodimlarimiz Koreyaga borib, malaka oshirish maqsadida o‘quv seminarlariga qatnashishi mumkin. Keyingi yo‘nalishda statistik tadqiqotlar institutida kompyuter va audio qurilmalar bilan jihozlangan zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etiladi.
Uchinchi yo‘nalish – CATI tizimini joriy etish. Bu orqali telefon yordamida intervyu o‘tkazish tizimi joriy etiladi. Ushbu tanlanma kuzatuvlarni tezkor, aniq amalga oshirish imkonini beradi. Bizda hozir kuzatuv jarayonlarida intervyular olish uchun joyiga chiqiladi, yoki boshqa tanlanma kuzatuvlar obektga chiqib o‘tkaziladi. Sun’iy intellektga asoslangan CATI tizimi orqali odamlarga avtomatik telefon qilib, savollarga javob olinadi. Bu statistik kuzatuvlar uchun vaqt va mablag‘ni tejaydi.
To‘rtinchisi – ma’lumotlar integratsiyasi. Statistik ma’lumotlarni beradigan davlat organlari, masalan bojxona, soliq organlaridan ma’lumotlar shakllanadi. Ma’muriy ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimi yaratilib, davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar integratsiyasi ta’minlanadi va statistik tahlillar avtomatlashtirilgan, ishonchli platformalarda amalga oshiriladi”, – dedi Usmon Abdurasulov.
Koreya statistikasini rivojlantirish instituti loyiha menejeri Kim Kvangsupning so‘zlariga ko‘ra, Koreya tomoni O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida ushbu loyiha orqali o‘z hissasini qo‘shmoqchi.
Mavzuga oid

00:07
Britaniyada 400 mingdan ortiq davlat xizmatchisi sun’iy intellektdan foydalanishga o‘qitiladi

18:26 / 09.06.2025
Xitoydagi muhim imtihonlar paytida sun’iy intellekt ilovalari o‘chirib qo‘yildi

10:40 / 09.06.2025
May oyi uchun inflatsiya darajasi e’lon qilindi

09:45 / 09.06.2025