Sirdaryoda muhandislik va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining "Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali va Guliston davlat universitetining qishloq xo‘jaligi hamda muhandislik-texnika yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
- ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
- ixtisoslik sohalari bo‘yicha ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish hamda ta’lim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
- soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;
- talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.
- biriktirilgan texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, metodik qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) institut Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga institut diplomi beriladi;
v) institutda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhandislik, ishlab chiqarish, matematika, informatika, yashil energetika, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
dars mashg‘ulotlarini amaliyot bilan birga tashkil etish maqsadida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim jarayoni dual ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda ta’lim jarayoniga uzoq yillik mehnat tajribasiga ega amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi;
yangi tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha xorijiy davlatlar va respublikadagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari bilan ikkita diplom berishga asoslangan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
alohida guruhlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi hamda ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga tayyorlanadi.
g) 2027-2028 o‘quv yiliga qadar institutning kamida ikkita ta’lim dasturlarini (bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi) xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi;
d) institutga talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
ye) 2025-2026 o‘quv yili qabulidan boshlab Guliston davlat universitetining qishloq xo‘jaligi hamda muhandislik-texnika yo‘nalishlariga talabalar qabuli to‘xtatiladi va Guliston davlat universitetining mazkur ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarda tahsil olayotgan barcha talabalari o‘qishini Guliston davlat universitetida davom ettiradi;
yo) institutga quyidagi huquqlar beriladi:
- o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada ikki kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash;
- institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni tashkil etish;
- xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va ularga mehnat bozori kon’yunkturasini hisobga olgan holda, institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;
- professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasiga ko‘ra rag‘batlantirib borish.
Mavzuga oid

00:08
Toshkentga 361 kg eshak go‘shtini olib ketayotgan Lacetti to‘xtatib qolindi

16:47 / 02.06.2025
Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston «Bahri Tojik» suv omboridan birgalikda foydalanadi

07:53 / 30.05.2025
DXX Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik holatlarini aniqladi

22:52 / 20.05.2025