Jamiyat | 10:43 / 26.05.2025
12435
4 daqiqa o‘qiladi

“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit

Andijon viloyati Shahrixon tumani Do‘lan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Shukrullo To‘xtasinov Janubiy Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasida 6 yil davomida ishlab ancha tajriba orttirdi. O‘zbekistonga qaytib kelgan Shukrullo gektarlab bo‘sh turgan zovur bo‘yidagi yerlarni o‘zlashtirishga kirishdi. Foydalanilmayotgan yerlarda ekin yetishtirishdan tashqari ipak qurti parvarishini ham rivojlantirmoqchi. O‘zi yashayotgan hovlisida esa innovatsion issiqxona tashkil qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

29 yoshli Shukrullo qishloqda o‘quv markazi ochib, yoshlarini bepul o‘qitmoqchi. 

“Koreyada ishlab, koreyslarning bir qarich yerdan ham unumli foydalanishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. O‘zbekistonga kelib esa foydalanilmayotgan qarovsiz yerlar ko‘pligini ko‘rib rosti achindim.

Shukrullo To‘xtasinov

Fermerlarning bo‘sh yotgan yerlarini, ichki zovur yonbag‘rini namuna uchun tozaladim. Polietilen quvurlar qo‘yib, maxsus chirindilar solib pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring ekdim. Natijasi yaxshi bo‘lyapti. Bo‘sh yotgan zovur bo‘yida traktor, texnika yura olmaydi. Sababi zovurni to‘rt yilda bir ekskavator qazib, tuprog‘ini zovur bo‘yiga to‘kadi. Shuning uchun tozalash ishlarini qo‘l mehnati bilan amalga oshiryapman.

Menda yana bitta g‘oya bor. Zovurlarda plastik idishlar oqib kelyapti. Shularni to‘plasak-da, maxsus texnika sotib olib, qayta ishlab, plastik quvurlarni o‘zimiz tayyorlasak. Shunda tabiatga ham yaxshigina foyda keltirgan bo‘lardik.

Janubiy Koreyada olti yil mobaynida innovatsion issiqxonalardan tortib oddiy issiqxonalargacha o‘rganganman, ustaman. Har sohada tajriba bor. Ipak qurti boqish uchun ham tajriba bor. Sababi yoshlikdan oilamizda ipak qurti boqardik. Apreldan maygacha ipak qurtini parvarish qilib, qolgan mavsumda xuddi shu issiqxona tepasiga plyonka yopib, boshqa poliz mahsulotlarini ham issiqxona ichida yetishtirsa bo‘ladi.

Qarovsiz yotgan yerlarni aniqlab, ipak qurti uchun maxsus uylar tashkil qilib, ishsiz yurgan yurtdoshlarimizning yaxshi daromad olishlarini tashkillashtirib berish niyatida yuribman.

Janubiy Koreyada eng qimmat hunarlarni o‘rgandim. Besh xil “svarka” usulini bilaman. Innovatsion loyiha asosida quriladigan issiqxonalar, oddiy issiqxonadan tortib murakkab issiqxonalargacha o‘rgandim. Mavsumiy ishlarning barchasida ishladim.

Uyimga Koreyaga texnologiyasi asosida tropik mevalar yetishtirish uchun issiqxona qurdim. Hozircha banan, qulupnay ekdik. Endi esa papaya ekmoqchiman.

Qulupnay tayyor, pishib yotibdi mana. Bundan tashqari yana limonlarni ekib qo‘ydik. Bir so‘z bilan aytganda Janubiy Koreyada o‘rgangan bilimlarimdan o‘z yurtimda foydalanmoqchiman. Qishlog‘imda bir qarich bo‘sh yerni qoldirmayman”, – deydi Shukrullo To‘xtasinov.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid

E`lonlar