Rossiyada migrantlarning ayrim farzandlari rus tili imtihonidan ozod qilindi
Chet elliklarning maktabda ta’lim olayotgan farzandlariga imtihon shart emasligi aytildi.

Foto: riamo.ru
Rus tilidan bilimini majburiy sinovdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgunga qadar rus maktablariga o‘qishga kirgan migrantlarning farzandlari imtihonda qatnashmaydi, bu maqsadga muvofiq emas, dedi RIA Novosti agentligiga «Rosobrnadzor» rahbari Anzor Muzayev.
Avvalroq, Davlat Dumasining «Novyye lyudi» fraksiyasi deputatlari har yili rus maktablarida ta’lim olayotgan migrantlar farzandlarining rus tili bilimini sinovdan o‘tkazishni taklif qilgan edi.
«Bizga bunday buyruq kelmadi va men bu ishni bajarishdan hozircha hech qanday ma’no ko‘rmayapman», dedi boshqarma boshlig‘i.
Biroq, Muzayevga ko‘ra, o‘qituvchilar chet el fuqarolarining farzandlari rus tilini o‘rganishda muammolarga duch kelmasligi uchun harakat qilishi kerak.
«Maktablarimizda allaqachon o‘qiyotgan migrant bolalarning rus tili bilan bog‘liq muammolari unchalik yuqori emas», deb xulosa qildi «Rosobrnadzor» rahbari.
Rossiyada rus maktablariga kirish va o‘qishni davom ettirishni rejalashtirayotgan voyaga yetmagan chet el fuqarolari uchun rus tilini bilish darajasini aniqlash testi 2025 yil 1 apreldan boshlab joriy qilingan edi.