Jamiyat | 18:17 / 19.05.2025
10694
8 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda o‘zbekistonlik talaba avtohalokatga uchradi. Komada yotgan qizning onasi yordam kutyapti

Bishkekdagi universitetda o‘qiydigan 25 yashar Aziza Gulmurodova aprel oyida og‘ir YTHga uchragan. Onasining Kun.uzʼga aytishicha, Azizaning ahvoli og‘ir va 47 kundan buyon komada yotibdi. U qizini O‘zbekistonga qaytarish uchun yordam kutmoqda. Bishkekdagi O‘zbekiston elchixonasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi ayolga yordam berilayotganini bildirdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi xalqaro tibbiyot universitetida o‘qiydigan o‘zbekistonlik 25 yoshli Aziza Gulmurodova 2 aprel kuni YTHga uchragan: uni o‘zi o‘qiydigan universitet yaqinida mashina urib ketgan. Qizning onasi Dilafruz Karimovaning aytishicha, Aziza og‘ir ahvolda respublika shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Talaba 47 kundan buyon komada yotibdi.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Dilafruz Karimova o‘zi duch kelayotgan muammolar haqida gapirib berdi.

«Qizim bilan bo‘lgan fojiani eshitishim bilan keldim. Yolg‘iz onaman, bitta qizim bor, o‘zi arang o‘qitayotgandim. Avariyadan keyin ahvoli juda yomon edi, tomog‘iga qo‘yilgan apparatdan nafas olardi. Hozir ham komada, o‘ziga kelmayapti.

Qirg‘iziston vizasi bilan birga olingan sug‘urta polisi bor edi. Shu orqali 9 apreldan keyin yotgan kunlari uchun kasalxona xarajatlari qoplab kelinyapti (40 kun). Dastlabki 7 kun uchun ham to‘lov qilishimiz kerak – kuniga taxminan 120-150 dollardan.

Hozir Toshkentdagi nevrologik markazlardan biri (xususiy shifoxona) bilan gaplashdik, olib kelsanglar davolaymiz, deyapti. Bu yerda shifokorlar ham ruxsat berdi, olib ketsangiz yo‘lga qarovchi hamroh sifatida 2 ta mutaxassis qo‘shib beramiz, dedi. Lekin olib ketish va bu yerdagi qarzlar uchun pul kerak.

Bu yerda boradigan joyim ham, tanishlarim ham yo‘q. Qirg‘izistondagi faollarga rahmat, ancha yordam berishyapti», deydi ona.

Dilafruz Karimovaning aytishicha, u Bishkekdagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan, lekin tayinli javob ololmagan: «yordam so‘rab, elchixonaga va konsullikka telefon qildim. Ular buning bizga aloqasi yo‘q, bizning ishimiz emas, deyishdi».

YTH sodir qilgan yigit qamoqqa olingan

Jabrlanuvchining onasiga ko‘ra, YTH sodir qilgan yigit kelib xabar olmagan. Voqea shov-shuv bo‘lgach, Bishkek shahar militsiyasi uni qo‘lga olgan.

«Qizimni urib ketgan yigit yordam bermadi. Murojaat qilgan videolarimiz chiqqanidan keyin, yaqinda prokurorlar kelib ketdi. Yigitni ushlashibdi. Kechagi kuni sud bo‘ldi, unda ham yolg‘izligimni bilib, to‘polon qilishdi. Yigitni 10 sutkaga hibsga olishdi. Qizimning kasallikdagi xarajatlarini undirib olish va adolatli sud bo‘lishi uchun advokat ham olishim kerak. Bunga ham yordam kerak», dedi Dilafruz Karimova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Ushbu YTH haqida dastlab qirg‘izistonlik huquq faoli Aziza Abdurasulova Facebook'da yozib chiqqan. U, shuningdek, Dilafruz Karimova va uning qiziga yordam berish uchun xayriya ham uyushtirgan. Mahalliy va xorijiy OAVlar bu masalani yoritishni boshladi.

Shundan so‘ng Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi Aziza Gulmurodova bilan bog‘liq baxtsiz hodisa ro‘y berganini tasdiqlab, holat yuzasidan jinoiy ish ochilganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi 2 aprel kuni Hyundai Sonata rusumli avtomobilni boshqarib ketayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni urib yuborgan. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jabrlanuvchi avtohalokatdan so‘ng komaga tushib qolgan.

YTHda ayblanib qo‘lga olingan Qirg‘iziston fuqarosi.
Foto: Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi

Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov xizmati haydovchini qo‘lga olib, vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirgan. Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 312-moddasi – «avto-moto transport vositalarini boshqarish va ekspluatatsiyasi xavfsizligi qoidalarini buzish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda bo‘yicha sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazilgan taqdirda 200 ming somgacha (taqriban 2300 dollar) jarima yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari mavjud.

Bishkek shahar militsiyasiga ko‘ra, haydovchining organizmida spirtli ichimlik yoki psixotrop modda aniqlanmagan. Hozirda sud-tibbiy va huquqiy ekspertizalar tayinlangan, tergov ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari nima deydi?

O‘zbekiston fuqarosi bilan yuz bergan baxtsiz hodisa Qirg‘iziston mediasida keng yoritila boshlagach, O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi rasmiy munosabat bilan chiqib, ba’zi bir xabarlarda elchixonaga nisbatan noo‘rin va asoslanmagan tanqidlar uchrayotganini aytdi.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi Bishkekda YTHga uchragan o‘zbekistonlik talabaga «hech qanday yordam ko‘rsatilmayotgani hamda uning onasiga bo‘lgan tajovuzlar haqida»gi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

«Bu holat haqidagi ma’lumotni elchixona xodimlari olishlari bilan Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan bog‘lanib, bu masala alohida nazoratga olingan. Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarosining sog‘ligi to‘liq mahalliy shifokorlar nazoratida qolmoqda. Uning va yaqinlarining haq-huquqlariga hech qanday tahdidlar bo‘lmayotganini ma’lum qilamiz.

Elchixona to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqaroning onasi bilan ham aloqada, hech qanday aloqadan qochish yoki ularning haq-huquqlarini himoya qilishda sustkashlik qilish holatlari mavjud emas», deyiladi diplomatik vakolatxona bayonotida.

Shuningdek, elchixona – Qirg‘izistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan «ushbu mamlakatning ichki qonun-qoidalariga to‘liq rioya qilishlarini, o‘rnatilgan tartiblarni buzmasliklarini, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlarini, piyodalar uchun belgilangan maxsus joylardan o‘tishlarini va boshqa qoidalarga rioya qilishlarini» so‘ragan.

Shu bilan birga, xorij ommaviy axborot vositalarida YTHga uchragan qiz va uning onasiga ular yashaydigan hudud – Qashqadaryo viloyati hokimligi moddiy yordam ko‘rsatishi haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri Qashqadaryo viloyati hokimligidan izoh oldi.

«18 may kuni viloyat hokimi prezidentning hududdagi vakili sifatida 2-3 ta mas’ullar va elchixona xodimlari bilan gaplashgan. Qirg‘iziston SSV bemorni samolyotga chiqarishga bermagan. Shifokorlar ruxsat berishi bilan olib kelinishi reja qilingan. Bu bo‘yicha vaziyatni viloyat hokimi alohida nazoratga olgan», dedi hokimlik matbuot kotibi Ahror Sodiqov. Sodiqovga ko‘ra, Dilafruz Karimovaga pul tushirib berish orqali bir necha marta moddiy yordam berilgan.

Dilafruz Karimova esa hozircha O‘zbekiston rasmiylaridan hech kim unga aloqaga chiqib, moddiy yordam bermaganini ta’kidladi.

«Hozir asosan 3 ta xarajatim bor: qizimning kasalxonada yotgan kunlari uchun qarzni to‘lash, uni maxsus holatda doktorlar hamrohligida Toshkentga olib kelish va sudda qatnashish uchun advokatga to‘lov. Toshkentga borganimizdan keyin bu ahvolda qancha davolanadi, 1 yilmi yoki ko‘proq, bilmayman», deydi u.

Karimova haydovchi yigitning aybi isbotlansa, hozirgi va kelgusidagi davolanish xarajatlari hamda olgan qarzlarini qoplash uchun zararni undirib olishini aytdi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid