O‘zbekiston | 18:43 / 16.05.2025
26334
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda maktab o‘quvchilarining janjali ulardan birining o‘limi bilan tugadi

Janjal Paxtachi tumanidagi 12- va 1-umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida kelib chiqqan. Oqibatda oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi vafot etgan, uning sinfdoshi shifoxonaga yotqizilgan. Ularni kaltaklagan 3 nafar o‘quvchi qamoqqa olingani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Paxtachi tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi janjal sodir bo‘ldi. Oqibatda ulardan biri vafot etgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, holat 14 may kuni sodir bo‘lgan. Tumandagi 12-umumta’lim maktabining 2 nafar 11-sinf o‘quvchisi o‘zlarining hududidan taxminan 10 km olisdagi Yobu mahallasiga repetitorga borishgan. O‘quv markazida ular va tumandagi 1-umumta’lim maktabining 3 nafar o‘quvchisi o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Janjal oqibatida Umidjon ismli o‘quvchi voqea joyida vafot etgan. Uning sinfdoshi esa og‘ir tan jarohatlari bilan Paxtachi tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Ularni kaltaklagan 1-umumta’lim maktabining 3 nafar o‘quvchisi 15 may kuni ushlanib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Vafot etgan o‘quvchi oilada yolg‘iz o‘g‘il ekani, uning onasi farzandi o‘qigan maktabda farrosh bo‘lib ishlashi aytilmoqda. Shifoxonaga yotqizilgan o‘quvchining ahvoli hozircha ma’lum emas.

Sodir etilgan ushbu jinoyat 1-umumta’lim maktabida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan. Unda Samarqand viloyati IIB rahbari Rahmat Mamatov ham qatnashgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

“Paxtachi tumanining Mojar mahallasida jahl-g‘azab tufayli bir oila boshiga musibat tushdi. Voyaga yetmagan yoshlar jahlga berilib, bu o‘zaro janjalga aylanib ketadi. Oqibatda esa bir inson umri xazonga aylandi”, deyiladi IIB xabarida.

Qayd etilishicha, muhokamada mahalla yettiligi o‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani aytilib, endilikda ishni hamkorlikda to‘g‘ri tashkil etishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

Kun.uz holat bo‘yicha Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Baxtigul Qarshiyeva bilan bog‘landi. U holat bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega emasligini, ma’lumot olgach tahririyatga bildirishini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid