14 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Afg‘oniston Imom Buxoriy majmuasi qurilishiga marmar jo‘natdi, Davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar qimmatlashadi, Toshkentdagi omborxonada katta yong‘in sodir bo‘ldi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Afg‘oniston O‘zbekistonga marmar sovg‘a qildi
Afg‘oniston O‘zbekistonga 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmarini taqdim etdi. Ularni Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi qurilishida ishlatish rejalashtirilmoqda.
Termiz xalqaro savdo markazida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘oniston bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdulvose va Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo qatnashdi.
Yuk mashinalaridagi plakatlarda «Birodar Afg‘oniston xalqi nomidan Imom al Buxoriy jome masjidi va majmuasiga tuhfa» deb yozilgan.
Ta’kidlanishicha, bu qalinligi 3,5−4 santimetr bo‘lgan marmar plitalarning birinchi partiyasidir. U 324 ta qadoqdan iborat.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Bog‘otda xonadonlardan biriga noma’lum jism qulagani rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi uylardan biriga asteroid tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi videolavha tarqaldi. Unda hodisadan oldin kuchli zarba ovozi eshitilgani aytiladi. Videoda uyning kirish qismi, ya’ni dahlizi teshilib qolgani va shifti qulab tushganini ko‘rish mumkin.
Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy bayonot berib, xonadonga asteroid tushganini rad etdi.
Qayd etilishicha, tumanning Yuksalish mahallasidagi uy dahlizining taxminan 10 metr kvadrat tom qismi qulagani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Hodisa sodir bo‘lgan manzilda Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan. Shuningdek, o‘rganishlarda xonadonda 2 ta propan gazballoni borligi ma’lum bo‘lgan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi osmon jismi tushganini rad etib, hodisaning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida maxsus ekspertiza tayinlanganini ma’lum qilgan. Aynan qanday predmetlar ekspertiza uchun olingani xabarda aytilmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga bildirishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra xonadonda propan gaz chaqnashi sodir bo‘lgan va tartib bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Uy egalari tashqarida uxlagani sabab tan jarohati olganlar bo‘lmagan. Uy egalari osmondan biror jism tushganini taxmin qilgan.
Davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar qimmatlashadi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan pulli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibiga o‘zgartirish kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, tibbiy xizmatga to‘lov qiymatini belgilashda rentabellik ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat tannarxining 20 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
8 mayga qadar amal qilgan tartibda tibbiy xizmatga to‘lovning eng ko‘p qiymati davolash-profilaktika muassasasi tomonidan budjet mablag‘lari hisobiga ko‘rsatilayotgan aynan shunday xizmatlar qiymatining 25 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarish davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar uchun to‘lovlarning 4,8 karraga oshishiga olib kelishi mumkin.
Ya’ni eski tartib bo‘yicha 100 ming so‘mlik qiymatga ega bo‘lgan xizmat uchun 25 ming so‘m undirish mumkin bo‘lgan. Tasdiqlangan o‘zgarishlarga ko‘ra, tannarxi 100 ming so‘m bo‘lgan tibbiy xizmat uchun to‘lov 120 ming so‘mdan oshmasligi kerak bo‘ladi.
Toshkentdagi omborxonada katta yong‘in yuz berdi
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi.
Yong‘in haqida poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga soat 11:03 da xabar kelib tushgan. 12 yong‘in-qutqaruv ekipaji qariyb 2,5 soatda yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, hozirda yong‘in sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Vazirlik xabarida yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada nimalar saqlangani haqida ma’lumot berilmagan.
So‘nggi yangiliklar
-
“IELTS’dan 9 ball, SAT’dan 1600 ball” - Jons Hopkinsdan 380 ming dollarlik grant yutgan Boburjon Baxtiyorov hikoyasi
Jamiyat | 14:40
-
Yilning eng uzun o‘yini: «Chelsi» va «Benfika» bahsi boshlanganidan 4,5 soat o‘tib yakunlandi
Sport | 13:36
-
«Qotil» ekologiya, mashhurlar ortiga yashiringan firibgarlik va amaldorlarga majburiy til
Jahon | 12:28
-
Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasi doirasida 120 dan ortiq kelishuv imzolandi
O‘zbekiston | 11:47
Mavzuga oid

22:53 / 27.06.2025
Toshkentda tirbandliklarni prognoz qiladigan markaz ish boshladi, aka 3 yoshli ukasini sotuvga qo‘ydi, Kun.uz jurnalisti «Oltin qalam» bilan taqdirlandi – mahalliy dayjest

21:20 / 26.06.2025
Fermerlarga yerni xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgan amaldor lavozimi ko‘tarildi, sobiq Bosh shtab boshlig‘i vafot etdi, O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqariladi – mahalliy dayjest

22:58 / 25.06.2025
Bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi, O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida kelishuv imzoladi, fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi – mahalliy dayjest

21:43 / 24.06.2025