Jahon | 21:38 / 13.05.2025
12762
3 daqiqa o‘qiladi

«U men bilan muzokaradan qo‘rqadi» - Zelenskiy Turkiyaga borishi va u yerda Putinni kutishini ma’lum qildi

Foto: Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Image

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiyaga safari oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi

U yana bir bor RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga to‘liq tayyor ekanini bildirdi.

Quyida uning bayonotidan asosiy joylari mazmuni saqlab qolingan holda keltiriladi.

«Men Putin bilan uchrashuvga tayyorman. Men bu odam bilan 2019 yilda uchrashganman. Nima haqda gapirayotganimni to‘liq tushunaman. Haqiqat bizning tomonda. Ammo odamlar manfaati uchun birinchi qadamni qo‘yishimiz kerak deb hisoblayman. Biz urushni yakunlash jarayonini boshlashga kelishib olishni xohlaymiz. Hech bo‘lmaganda boshlash haqida.

Men buni Trampga ham bir necha bor aytdim. Men Putin urushni to‘xtatishni istamaydi deb hisoblayman. U o‘t ochishni to‘xtatishni va qandaydir muzokaralarni istamaydi. Men bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaradan qo‘rqishini aytmasa ham bo‘ladi.

Biz prezident Erdo‘g‘an bilan kelishib oldik – 15 may kuni Anqarada bo‘lamiz. Putin bilan Turkiyada uchrashishni kutamiz. Rossiya shaharlar bilan manipulyatsiya qilmasligi va Putin Anqaraga uchishga tayyor emasligini aytmasligi uchun, men darhol aytmoqchiman: agar Putin Istanbulga uchsa, biz ham Erdo‘g‘an bilan Istanbulga uchamiz.

Agar Putin chindan ham nafaqat mediada, balki real hayotda ham uchrashishga tayyor bo‘lsa, biz yetakchilar darajasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olish uchun hamma narsani qilamiz. O‘t ochishni to‘xtatish haqida aynan u bilan kelishib olishim kerak, chunki buni faqat u hal qiladi. Mendan boshqa hech kim Ukrainaning suvereniteti, hududiy yaxlitligi haqida muzokara olib bora olmaydi. Bu mening zimamdagi majburiyat. Buning uchun men Putin bilan muzokaralarni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni bekor qilishim ham shart emas. Men nimanidir bekor qilishim kerakligi uning narrativi. Men o‘zimga hech narsani taqiqlamaganman.

Men har qanday holatda ham natijaga qarayman. Birinchi raqamli natija – o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish. Agar Putin Istanbulga kelmasa va o‘yin qilishda davom etsa – bu yakuniy nuqta bo‘ladi va Rossiya urush tugashiga tayyor emasligini namoyish etadi. Bu esa AQSh va Yevropa barcha va’dalari bajarishi va Rossiyaga qarshi eng kuchli sanksiyalar paketini joriy etishi kerakligini anglatadi».

Mavzuga oid