Putinga taklif bilan chiqqan Zelenskiy, Trampning ilk xorijiy safari va MI6’ni boshqaradigan ilk ayol rahbar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Zelenskiy Putinni shaxsan uchrashishga taklif qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina zudlik bilan Rossiyaning taklifiga rozi bo‘lishi va 15 maydan Turkiyada to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashi kerakligini aytgan.
«Hech bo‘lmaganda, ular bitim tuzish mumkinmi yoki yo‘q — shuni aniqlab olishadi. Agar mumkin bo‘lmasa, unda Yevropa yetakchilari hamda AQSh vaziyat qandayligini ko‘radi va tegishli tarzda harakat qilishlari mumkin bo‘ladi!» — deb yozadi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga.
Volodimir Zelenskiy o‘z navbatida Putin bilan muzokaralarda uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi.
«Ertaga biz o‘t ochish to‘liq va uzoq muddatga to‘xtatilishini kutyapmiz — bu diplomatiya uchun zarur asos yaratadi. Qotillikni cho‘zishning hech qanday ma’nosi yo‘q. Va men Putinni payshanba (15 may) kuni Turkiyada kutaman. Shaxsan», — deb yozadi Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida.
Vladimir Putin 11 mayga o‘tar kechasi Kremlda matbuot anjumani o‘tkazib, Ukrainaga «2022 yilda to‘xtatib qo‘yilgan» to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni 15 maydan Istanbulda, dastlabki shartlarsiz boshlashni taklif qilgandi.
Shuningdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, Rossiya-Ukraina muzokaralarini Istanbulda tiklash tashabbusini olqishlagan hamda bu muzokaralarni o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Britaniya razvedkasiga ilk bor ayol kishi rahbarlik qiladi
Buyuk Britaniyaning Maxfiy razvedka xizmatiga (MI6) tarixida ilk bor ayol rahbar tayinlanadi, deb xabar bermoqda The Telegraph.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nomzodlardan kamida ikkitasi MI6’ning amaldagi ayol xodimlari hisoblanadi, shu bois ularning ismlari oshkor qilinmagan. Nomzodlardan biri – MI6 muhandislik bo‘limi rahbari bo‘lib, u amaldagi direktorning ehtimoliy vorisi sifatida tilga olinmoqda.
Yana bir nomzod — Barabara Vudvord. U ilgari Britaniya Chegara agentligini boshqargan, hozirda esa Birlashgan Qirollikning BMTdagi doimiy vakili lavozimida faoliyat yurityapti.
Amaldagi MI6 rahbari Richard Mur ilgari diplomatik xizmatda ishlagan, keyin esa Buyuk Britaniyaning Turkiyadagi elchisi bo‘lgan, 2020 yilda esa MI6’ga direktor sifatida qaytgan. Uning lavozimdagi 5 yillik muddati shu yil yakunlanadi va o‘rniga kadr tanlash jarayoni jadallashgan.
G‘azoda halok bo‘lganlar oshmoqda. Rim papasining chaqirig‘i
11 may kuni dindoshlariga ilk murojaatini yo‘llagan yangi Rim Papasi — Leo XIV o‘z safdoshlarining tinchlik chaqirig‘ini takrorladi.
U G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar vaziyatga e’tibor qaratib: «Bo‘layotgan voqealar yuragimni ezadi. Zudlik bilan jang to‘xtatilishi, tinch aholiga gumanitar yordam yetkazilishi va barcha garovga olinganlar ozod qilinishi lozim», — degan. Shuningdek, u Ukraina-Rossiya mojarosi, Pokiston-Hindiston mojarolarini to‘xtatishga chaqirdi.
G‘azoning sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, 18 martdan keyin qayta tiklangan Isroil hujumlari oqibatida 2 ming 720 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 7513 nafari jarohat olgan.
Umumiy hisobda, 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoda 52 ming 829 kishi halok bo‘lgan, 119 ming 554 kishi jarohatlangan. Hududdagi vayronalar ostida minglab falastinliklarning jasadlari qolib ketmoqda.
Kolumbiya Panama sobiq prezidentiga boshpana taqdim etdi
Kolumbiya hukumati bir yildan oshiq vaqtdan beri Nikaragua elchixonasida yashirinib kelayotgan Panama sobiq prezidenti Rikardo Martinelliga boshpana taqdim etdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
«Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Urrego Panama sobiq prezidenti Rikardo Alberto Martinelli Berrokalga siyosiy boshpana taqdim etdi va ushbu qaror tegishli tartibda qo‘shni mamlakat hukumatiga yetkazildi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu qaror insonni himoya qilish tamoyiliga va Kolumbiyaning siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchragan shaxslarga yordam ko‘rsatish an’analariga asoslangan.
Rikardo Martinelli 2009-2014 yillar davomida Panama prezidenti bo‘lgan. U 2024 yil 7 fevraldan beri Nikaraguaning Panamadagi elchixonasida yashirinib kelayotgan edi. Bunga sud sobiq prezidentga nisbatan New Business deb nomlangan sxema doirasida davlat mablag‘larini noto‘g‘ri sarflaganlik aybi bilan yakuniy hukm chiqargani sabab bo‘lgan.
Trampning ilk xorijiy safari — boy arab davlatlari
Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi ilk xorijiy tashrifi Saudiya Arabistoniga bo‘lishi kutilmoqda. U 13 may kuni Ar-Riyodga, so‘ngra Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga ham tashrif buyuradi. 16 maygacha davom etadigan turnega Isroil kiritilmagan. Bu qaror G‘azodagi bosqinchilik urushi va Isroilning harbiy harakatlari tufayli yuzaga kelgan xalqaro tanqidlar fonida qabul qilingan.
Trampning bu tashrifi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, shuningdek, safar davomida G‘azo, Ukraina va Eron bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.
CNN nashrining yozishicha Tramp, shuningdek, Qatar Amiridan 400 million dollarlik Boeing 747-8 samolyotini qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu samolyot vaqtincha Air Force One (prezident samolyoti) sifatida foydalaniladi. Tramp samolyot «hadya yoki tekinga» berilishini aytgan.
Ko‘rfazning eng boy 3 ta davlatlari AQSh bilan mudofaa sanoati, sun’iy intellekt va boshqa sohalarda ham yirik kelishuvlar imzolashi kutilmoqda.
«Tramp uchun Fors ko‘rfazi davlatlari kerakli barcha mezonlarga mos keladi. Ular AQSh iqtisodiyotiga trillionlab sarmoya kiritishni va AQSh mudofaa sanoatiga ulkan mablag‘ sarflashni va’da qilmoqda”, — deydi Bahrayndagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining katta eksperti Hasan Alhasan CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Shimoliy dengiz sohillaridan ulkan kitning jasadi topildi
Shlezvig-Golshteyndagi (Germaniya) Cankt-Peter-Ording sohilidan yana bir kitning jasadi topildi. Bild’ning yozishicha, bu mazkur hududda ulkan dengiz sutemizuvchilari o‘limi bilan bog‘liq uchinchi holat hisoblanadi.
Mahalliy turistik xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, gap 10 metrli bukri kit haqida ketmoqda. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.
Kitning jasadi utilizatsiya punktiga yetkazilgan — u ulkan ekskavator yordamida konteynerga yuklangan. O‘lim sababini aniqlash bilan Hannover veterinariya instituti shug‘ullanadi, natijalar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bukri kitlar Atlantika okeanining shimoliy qismida yashaydi, ba’zida Shimoliy dengizga ham suzib keladi. Joriy yil fevral oyida ularning o‘limi bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan edi: avvaliga Zyult orolidan 14 metrli kashalot, keyinroq Minzener-Oog kimsasiz orolidan yoshroq va ozib ketgan bukri kit jasadi topilgan. Sutemizuvchilarning birinchisi qirg‘oqqa chiqib qolib, o‘z vaznini ko‘tarolmay nobud bo‘lgan, ikkinchisining o‘limiga esa ichak parazitlari sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid

14:29 / 16.05.2025
AI markaziga aylanmoqchi bo‘lgan BAA, Putindan xafa bo‘lmagan Tramp va G‘azo bo‘yicha reja – kun dayjesti

13:58 / 15.05.2025
Istanbulga borishni rad qilgan Putin, Trampning Qatardagi trillionlik kelishuvlari va G‘azodagi shifoxonaga zarba – kun dayjesti

14:23 / 14.05.2025
AQSh va Saudiyaning $600 milliardlik kelishuvi, yaradorlarga to‘lgan G‘azo, sanksiyalar yechilayotgan Suriya va Pokistonga ultimatum – kun dayjesti

13:23 / 13.05.2025