Mubashshir Ahmad yana Turkiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi. U O‘zbekistonga deportatsiya qilingan bo‘lishi mumkin
Advokatlarga ko‘ra, immigratsiya boshqarmasi qonunga zid ravishda «uning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni» haqida hech qanday ma’lumot bermayapti. Turkiyalik huquq faoli Ibrohim Ergin u O‘zbekistonga deportatsiya qilingani haqida yozmoqda.
Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov joriy yil 8 may kuni Istanbuldagi o‘z uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan. Bu haqda diniy olimning o‘ziga tegishli Azon Global nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, shu kunning o‘zida advokatlar ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazildi. Advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Mubashshir Ahmad Istanbuldagi Deportatsiya markaziga (Geri Gönderme Merkezi – GGM) o‘tkazilishi, ertasiga – 9 may kuni u yerdan qo‘yib yuborilishi kerak edi.
«Ammo oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) domlaning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermayapti. Vaholanki, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan.
Hozirgacha hatto advokatlari ham domladan biror xabar ololmayotganidan, aqalli qayerda saqlanayotganini ham bilolmayotganidan oilasi va yaqinlari asosli ravishda xavotirga tushmoqda. Boisi, ustoz Mubashshir Ahmad uzoq yillardan beri qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekib keladi hamda muntazam ravishda insulin va boshqa dorilar qabul qilishga majbur», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, nashr bu masalada yangilik bo‘lishi bilan jamoatchilikni xabardor qilishini yozgan hamda tarqalishi mumkin bo‘lgan har qanday asossiz xabarlarga e’tibor bermaslikni so‘ragan.
Hozircha O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxona holat yuzasidan munosabat bermadi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kun.uz’ga bergan izohida holatga aniqlik kiritib, ma’lumot berishini bildirdi.
Turkiyalik advokat va qochoqlar huquqlari himoyachisi Ibrohim Erginning yozishicha, Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga deport qilingan bo‘lishi mumkin. Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo‘lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnega jo‘natilgan.
«Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan va noqonuniy tarzda O‘zbekistonga topshirilgan», – deyiladi huquq himoyachisining bayonotida.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida faol bo‘lgan diniy ulamo – marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shogirdi, O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qiladi. U 2023 yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgan edi. U 55 kun davomida deportatsiya markazida ushlab turilgan, unga qo‘yilgan ayblovlar isbotini topmaganidan so‘ng, 2024 yil fevral oyida qo‘yib yuborilgan edi.
Shuningdek, joriy yil 19 fevral kuni Mubashshir Ahmad O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan qidiruvga berilgani, u taqiqlangan tashkilotlar tuzishda ayblanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Keyinroq Mubashshir Ahmadning advokatlari u «o‘ta og‘ir jinoyat sodir etish»da ayblanayotgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Telegram-kanalida yozgan postlari uchun diniy materiallarni tayyorlash va tarqatish tartibiga rioya qilmaganlikda ayblanmoqda. Mubashshir Ahmad «o‘ta og‘ir jinoyat sodir etish»da ayblanib, qidiruvga berilgani haqida xabarlarni OAVga Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tasdiqlagan edi. G‘iyosov keyinroq bu ishini «texnik xato» deb atagan.
Mavzuga oid

20:52 / 15.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti bilan uchrashdi

02:31 / 15.05.2025
Putin Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etadigan delegatsiya tarkibini tasdiqladi

23:40 / 14.05.2025
Zelenskiy: Ukraina muzokaralarning har qanday formatiga tayyor

17:14 / 14.05.2025