2030 yilgacha 84 mingta avtoturargohlar tashkil etiladi
Parkovka zonalari besh toifaga bo‘linadi. Har bir zonada yo‘l chiziqlari, maxsus belgilar, axborot stendlari, kameralar va zarur infratuzilma o‘rnatiladi. Tizim «Poytaxt Parking» mobil ilovasi orqali boshqariladi. Ilova orqali avtomobil to‘xtab turishini boshlash va tugatish, to‘lovni amalga oshirish, real vaqt rejimida bo‘sh joylarni ko‘rish, eslatmalar olish mumkin bo‘ladi.

Foto: Poytaxt Parking
2025 yil 5 may kuni Toshkent shahridagi «Bolajon» madaniyat va dam olish bog‘ida «Toshkentda yangi avtoturargoh tizimi: qulaylik, tartib va texnologiyalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «Poytaxt Parking» loyihasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
Taqdimotda ma’lum qilinishicha, pulli avtoturargohlar loyihasi doirasida 2025 yil sentabriga qadar shaharning 86 ta ko‘chasida jami 13 208 ta avtoturargoh joyi tashkil etiladi. Birinchi bosqich 2025 yil may oyida 15 ta ko‘chada boshlanadi. Ikkinchi bosqichda (iyun–iyul) yana 30 ta ko‘cha qamrab olinadi. Uchinchi bosqichda (iyul–sentabr) loyiha to‘liq ishga tushiriladi.
«Street Park Systems» kompaniyasi 2024 yil dekabrida o‘tkazilgan tanlov asosida poytaxtdagi pulli parkovkalarni tashkil etish bo‘yicha yagona operator sifatida tanlangan. Kompaniya jamoasiga ilgari Moskva, Ostona, Yevropa va AQShdagi o‘xshash tizimlar ustida ishlagan xalqaro mutaxassislar jalb qilingan. Loyiha Toshkent sharoitiga moslashtirilgan yechimlar asosida amalga oshirilmoqda.
Parkovka zonalari besh toifaga bo‘linadi. Har bir zonada yo‘l chiziqlari, maxsus belgilar, axborot stendlari, kameralar va zarur infratuzilma o‘rnatiladi. Tizim «Poytaxt Parking» mobil ilovasi orqali boshqariladi. Ilova orqali avtomobil to‘xtab turishini boshlash va tugatish, to‘lovni amalga oshirish, real vaqt rejimida bo‘sh joylarni ko‘rish, eslatmalar olish mumkin bo‘ladi.
To‘lov miqdori joylashuvga qarab 5 000 so‘mdan 12 000 so‘mgacha bo‘ladi. To‘lovlar «Poytaxt Parking» ilovasi, Paynet terminallari, PayMe, Click, Uzum Bank, shuningdek xalqaro kartalar orqali amalga oshiriladi. Parkovka vaqti tugagandan keyin 5 daqiqa ichida post-to‘lov qilish imkoniyati ham mavjud.
Tizim YHXB, soliq xizmati, davlat xizmatlari va mahalliy boshqaruv tuzilmalari bilan integratsiyalashgan. Kamera nazorati orqali avtomobil raqamlari avtomatik aniqlanadi va parkovka holati doimiy monitoring qilinadi.
Taqdimotda berilgan rasmiy prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda avtoturargohlar soni 38 600 taga, 2030 yilga borib 84 000 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Tushgan mablag‘lar shaharning yo‘llarini ta’mirlash, jamoat transportini rivojlantirish va obodonlashtirishga yo‘naltiriladi.