Jahon | 14:35 / 08.05.2025
2590
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada yashovchilar banklar, do‘konlar va taksilar ishida uzilishlarga duch kelmoqda

Moskvada mobil internetga kirish cheklovlari bankomatlar, to‘lovlar, taksi va oziq-ovqat mahsulotlari buyurtmalari ishiga ta’sir qilyapti. Peskov moskvaliklarni bunga «tushunish bilan» munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

Foto: Sofya Sandurskaya / TASS

Rasmiylar Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida Moskvada mobil internetga kirishga qo‘ygan cheklovlar turli xizmatlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. 7 may, chorshanba kuni do‘konlarda bankomatlar va to‘lov qurilmalari ishida keng miqyosda uzilishlar yuz bergani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Mahsulotlarni yetkazib berishda muammolar yuzaga keldi. "VkusVill" va Lamoda do‘konlari kurerlik xizmatiga vaqtinchalik cheklovlar qo‘yilgani haqida xabar berdi, deb yozadi "Meduza". Milliy to‘lov kartalari tizimi tezkor to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazmalari va to‘lovlarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida ogohlantirdi.

«Mosgortrans» jamoat transporti yo‘lovchilariga bayram kunlari boshlanishidan oldin «Troyka» kartalarini to‘ldirishni tavsiya qildi, deb yozadi «Interfaks». 7 maydan 9 maygacha Moskvada shuningdek, taksilar va to‘xtash joyi, karshering, elektroskuterlar va velosipedlar harakati uchun cheklovlar joriy etiladi. TASS davlat agentligi «Yandeks Taksi» xizmati faoliyatidagi uzilishlar haqida xabar berdi. Moskvaning ayrim hududlarida taksi chaqirishning imkoni yo‘q, barcha tariflar ham ishlamayapti, deya ogohlantirdi kompaniya.

RBK agentligining ma’lum qilishicha, Sberbank va VTB mijozlarni bank qurilmalari va ilovalari faoliyatidagi cheklovlarning ehtimoliy oqibatlari haqida ogohlantirgan. Shu munosabat bilan banklar Wi-Fi orqali internetga ulanishni yoki operatsiyani keyinroq takrorlashni tavsiya qildi.

Mavzuga oid