Jahon | 19:56 / 07.05.2025
2933
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada 400 yil ichida ilk bor yovvoyi qunduz aniqlandi

Mamlakatda yovvoyi qunduzlar ommaviy ovlar tufayli qirilib ketgan. Ularning paydo bo‘lishi tabiat uchun foydali hisoblanadi.

Foto: BBC

Buyuk Britaniyada 400 yil ichida birinchi marta tabiiy muhitda yovvoyi qunduz yashayotgani aniqlandi. Shu vaqtgacha ushbu jonzotlarni mamlakat hududida faqat qo‘riqxonalarda uchratish mumkin edi, deb yozmoqda BBC.

Qunduzni tabiatshunos Iolo Uilyams Uels daryosida suratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Uilyams kemiruvchi bilan uchrashuvni «ajoyib hodisa» deb atab, uni mamlakatdagi eng yaxshi voqealar reytingida birinchi o‘ringa qo‘ydi.

Britaniyada ommaviy ovlar tufayli yovvoyi qunduzlar yo‘qolib ketgan. Oxirgi 20 yil ichida ularning populyatsiyasi tiklanmoqda. Shu bilan birga, Uelsda kemiruvchining paydo bo‘lishi jumboqligicha qolmoqda, chunki ular faqat maxsus qo‘riqxonalar hududida yashaydi va litsenziya bo‘lmasa ularni ochiq daryoga qo‘yib yuborish taqiqlanadi.

Qunduzlar fondi vakili doctor Robert Nidhem qunduzlarning qaytishini tabiat uchun foydali deb atadi. Bu boshqa turlar soni ham tiklanishi mumkinligini anglatadi.

Ammo ayrim ekspertlar qunduzlarning ko‘payib ketishidan xavotirda — ular quradigan to‘g‘onlar maydonlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin. Kemiruvchilarning o‘zi esa qishloq xo‘jaligi yerparini payhon qilib, daraxtlarga shikast yetkazadi.

Mavzuga oid