O‘zbekiston | 20:45 / 06.05.2025
23623
2 daqiqa o‘qiladi

Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatiladi. Hozir o‘qiyotgan yuqori bosqich talabalari o‘qishini sirtqida davom ettiraveradi.

Foto: Kun.uz

«Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilib, kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Shuningdek:

  • oliy ta’lim tashkilotlarining muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • magistratura bosqichida muqobil ta’lim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
  • oliy ta’lim tashkilotlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;
  • muqobil ta’lim shakllariga talabalarni belgilangan me’yordan ortiqcha qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi hamda litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, har bir ta’lim tashkiloti tarkibida ichki ta’lim sifati auditini amalga oshirishga mas’ul ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi.

Mavzuga oid